Yapon sivilizatsiyasi. Sivilizatsiyalar tarixi bilan shug‘ullanuvchi ba’zi tadqiqotchilar Xitoy va Yapon madaniyatlarini yuqori (uzoq) sharq nomi ostida bir tsivilizatsiya deb hisoblaydilar. Lekin shunga qaramay, aksariyat olimlar ularning mustaqil tsivilizatsiyalar ekanligini ta’kidlaydilar. Shunday bo‘lsa-da, shuni ham e’tirof etish kerakki, Yapon sivilizatsiyasi uzoq tarixida Xitoydan ozuqa olgan edi.
Bugungi kunda Yapon sivilizatsiyasining ko‘plab sohalarda taraqqiyotga erishganini, shu bilan bir qatorda o‘zining asl mohiyati, tilini saqlab qolib, ilmiy va sanoat jabhalarida G‘arbdan qolishmay rivojlanayotganini ta’kidlash kerak. Bir so‘z bilan aytganda, u o‘z milliyligini saqlagan holda boshqa madaniyatlarning ijobiy yutuqlarini tez sur’atlarda o‘zlashtiruvchi tsivilizatsiyaga namuna bo‘la oladi, deyish mumkin.
Lotin Amerikasi sivilizatsiyasi. Bugungi Lotin Amerikasi sivilizatsiyasi qadimgi Andik, Anka, Mayya va Astek madaniyatlaridan tashkil topganini hamda Yevropa sivilizatsiyasi ta’sir ostida katoliklik ruhiyati bilan yo‘g‘rilganini aytish mumkin. Bu holat fan, adabiyot, musiqa, ijtimoiy odatlar, binolar qurilishi namunalarida yaqqol kuzatiladi. Shu bilan birga ko‘pgina tadqiqotchilar Lotin Amerikasi tsivilizatsiyasini G‘arb tsivilizatsiyasidan ayri holda shakllanganini hamda uning na Shimoliy Amerika va na Evropa madaniyatiga mos kelishini aytadilar. Ushbu sivilizatsiya o‘zining rang-barangligi, boshqa xalqlarda uchramaydigan xususiyatlari bilan alohida ajralib turadi.
Afrika sivilizatsiyasi. Ko‘pchilikning e’tiroficha, bugungi kunda Afrika tsivilizatsiyasi xilma-xil tillar va madaniyatlar, shuningdek bir-birlari bilan chuqur aloqalarga ega afrika xalqlari va jamiyatlarini birlashtiradigan turli darajalardan tashkil topgan tsivilizatsiyadir. Afrika sivilizatsiyasi o‘zining ildizlaridan o‘sib, alohida jihatlari, belgilari, uzoq tarixga egaligi bilan o‘ziga xos tamaddunlardan biri sifatida tanilgan13 .
Afrikadagi madaniyatlar tarixi o‘tgan asrning elliginchi yillarigacha o‘rganilmay, e’tibordan chetda qoldi. Bunga sabab sifatida butun dunyoning yagona madaniyati sifatida Yevropa madaniyatiga e’tibor qaratilganligida deb aytish mumkin . Ushbu voqe’likni dunyoda madaniyatlar tarixini yoritadigan zamonaviy Yevropa va Amerikaning asosiy nashrlari ham ta’kidlaydi. Shunday nashrlar qatorida Arnold Toynbining “A Study of History” (arab tilidagi nashrning nomi “Muxtasar dirosa lit tarix”), Uilьyam Dyurantning “Sivizilatsiyalar tarixi” (arabtilidagi nashrning nomi “Qissatul hazora”), J.Uolsning “Maolim tarixil insoniya” (“Insoniyat tarixining beligalari”)larni sanab o‘tish mumkin. Ushbu kitoblar XX asrning birinchi yarmida yozilganligini hisobga olsak, fikrimiz yanada oydinlashadi.
Afrika madaniyatlarining boy merosi haqida qadimgi arab manbalaridagina ma’lumotlar yozib qoldirilgan. Afrika qit’asiga kirgan musulmonlar o‘zlari bilan madaniyatni ham olib keldilar va har bir sohada ma’rifatni keng yoydilar. Ajablanarlisi shundaki, Afrika qit’asi dunyoning eng qadimgi qi’alaridan bo‘lishi va ba’zi tarixchilar tomonidan insonning birinchi vatani ekanligi e’tirof etilishiga qaramay, tashqi olamga va hatto ichki olamga ham yaxshi ma’lum emas edi. XIX asrga kelibgina geografik kashfiyotlar natijasida u haqidagi ma’lumotlar keng tarqala boshladi. Shunday qilib, sivilizatsiyalarga xos umumiy jihatlardan biri ulardan birining boshqasi ketidan kelishi, har bir katta va kichik tsivilizatsiyalarning negizida undan oldin o‘tgan sivilizatsiyalarning yashirin etishidadir. Bu holni toki biror sivilizatsiya haqida yangi sahifadan hikoya boshlagunga qadar davom etishi kuzatish mumkin bo‘ladi.
G‘arbdagi ayrim olimlar “gumanizm” (insoniylik) sifatini Yevropa sivilizatsiyasiga va “sivilizatsiya” so‘zini faqatgina g‘arbga nisbatan qo‘llaydilar. Bu boradagi haqiqat shundan iboratki, g‘arb sivilizatsiyasi insoniyat tarixida mavjud bo‘lgan tsivilizatsiyalardan biridir. Barchaga ma’lum qolgan sivilizatsiyalarni hech qachon tarix sahifalaridan o‘chirib bo‘lmaydi. Chunki Osiyo, Afrika, Lotin Amerikasidagi, shu jumladan, islom sivilizatsiyasi ham mustaqil sivilizatsiyalar bo‘lib, ular o‘zining alohida xususiyatlari bilan ajralib turadi.
2001 yilning BMT tomonidan “Sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot” yili etib belgilanishi ham yuqoridagi fikrni qo‘llab-quvvatlaydi. Shunga binoan g‘arb sivilizatsiyasini markaziy va yagona, deb qarash da’vosi xalqaro me’yorlarga ham tarixiy va geografik haqiqatlarga ham to‘g‘ri kelmaydi. Shunday ekan, bugungi kunda sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot chaqirig‘i insoniyat hayotidagi oqilona, xalqaro munosabatlardagi to‘g‘ri yo‘l sanaladi. Islom sivilizatsiyasi esa, muloqot maktubini olib boruvchi hazoradir. Tan olish kerakki, unda boshqa madaniyatlarda har doim ham uchrayvermaydigan e’tiqodiy va insoniy xususiyatlar borki, bu bilan u tinchlikni, xotirjamlikni butun insoniyatga etkazadi. Nemis sharqshunos olimasi Zingfrid Xenka «Arab quyoshi g‘arbga ziyo sochadi» nomli yirik asarida bu masalani atroflicha yoritgan. Xususan, kitobning «Madrasaga qatnayotgan xalq» deb ataluvchi bobida g‘arb aholisining 95 foizi savodsiz bo‘lgan, buyuk Sharl qarigan chog‘ida o‘qish, yozishni qiynalib o‘rganayotgan, hatto ibodatxonalarda qalam tutishni biladiganlar nodir bo‘lgan IX – XII asrlarda islom olamining shaharu qishloqlaridagi minglab madrasalar millionlab o‘g‘il-qizlarni kutib olayotgani haqida hikoya qilinadi.
Sharqshunos olim Frants Rouzental Islom va ilm munosabatlariga bag‘ishlangan «Ilm tantanasi» nomli yirik asarida Islom dini mag‘iz-mag‘zigacha ilm olishga da’vatdan iborat, deb ta’kidlaydi. Kitobning kattagina bir qismiga esa, «Ilm – islomdir» degan nom berilgan. Fransuz faylasufi Jan Kondorse «Inson tafakkuri taraqqiyotining tarixiy manzarasiga chizgilar» nomli asarida: «O‘rta asrlar musulmon olamida to‘plangan ilmiy bilimlar g‘arbda Uyg‘onish davrini tayyorlash uchun xizmat qilmaganida insoniyat uchun besamar yo‘qolib ketardi», deb yozgan.
Zamonamizning yirik fantast-yozuvchilaridan biri, atoqli olim Artur Klark esa islomning g‘arb olamiga, umuman, bashariyat tarixiga ulkan ta’sir ko‘rsatganini yanada yuqori baholaydi. Uning fikricha, Islom Andalusiya bilan cheklanib qolmay, butun Yevropaga tarqalganida er yuzida taraqqiyot 1000 yil olg‘a ketar va hozirda insoniyat sayyoralar u yoqda tursin, yulduzlargacha etib borgan bo‘lar ekan.
O‘rta asrlar birgina Iskandariya dorilfununining o‘zida ba’zan 14000 atrofida talaba o‘qigani, kutubxonasida esa 700000 jild kitob bo‘lgan aytiladi. Bu ajablanarli emas, misol uchun xalifalardan birining kutubxonasidagi kitoblar katalogining o‘zi 40 jild edi. Ajablanarlisi shuki, hayvonot va nabotot bog‘lari, rasadxonasi, jarrohxonasi kabilar ham bo‘lgan ushbu dorilfununda ilm-fanning barcha sohalarida istalgan dindagi kishilar o‘qishi mumkin bo‘lgan.
Xalifa Ma’mun matematik Levni o‘z shahriga olib kelishiga ijozat so‘rab, Vizantiya imperatoridan shunday iltimos qilgan edi: «Dinimiz yoxud mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tafovutlar bois o‘tinchimni rad etmagaysiz. Do‘stlik udumlariga muvofiq ish tutgaysiz, degan umidim bor. Evaziga men sizga yuz qadoq tilla, abadiy ittifoq va sulhni taklif etaman».
Xalifa Xorun ar-Rashid va Ma’mun davrlarida Bag‘dodda o‘sha davr akademiyasi – Baytul hikmat («Donishmandlik uyi») tashkil etilib, qadimgi yunonlarning jamiki ilmlariga oid asarlari tarjima qilingan. Shuningdek, boshqa xalqlar tilidan o‘giriladigan tarjimalarga ham e’tibor katta bo‘lgan. Masalan, hindlarning «Kalila va Dimna» asari qadimgi sanskrit tilidan o‘girilgan edi, zamonlar o‘tishi bilan asl nusxasi yo‘qolganidan keyin arabcha tarjima eng qadimiy matn bo‘lib qoldi.
Ma’lumki, Qadimgi Yunoniston va Rimning fani hamda madaniyati tanazzulga uchragan davrdan to Islom borguniga qadar Evropa ko‘p asrlik zulmat qo‘ynida qolgan edi. Islom hadsiz-hisobsiz ilmlarni olib borib, Evropa xalqlarini g‘aflat uyqusidan uyg‘otdi. Uyg‘onish davrini boshlab berdi. Masalan, musulmonlar Andalusiyaga hisob ilmini berishdi, «algebra», «algoritm» so‘zlari buyuk bobomiz al-Xorazmiy nomi bilan bog‘liqligini butun dunyo e’tirof etadi. Hatto Rim papalaridan biri sanoqni arabchada o‘rgangani tarixdan ma’lum. Musulmonlar Evropaga texnika, astronomiya, harbiy ishga oid ilmlarni olib borishdi, porox va kompas sovg‘a qilishdi. Paxtaning inglizcha nomi «kotton» arabcha «qutun» so‘zidan, «kofe» arabcha «qahva» so‘zidan olingan. Musulmonlar Yevropaga jug‘rofiya, kemasozlik, dengizchilik ilmlarini in’om etdi. Bu esa Buyuk jo‘g‘rofiy kashfiyotlarga turtki bo‘ldi. «Kapitan» so‘zi ham arabcha «qubton»dan olingani ham fikrimizni tasdiqlaydi.
Islom tabobati evropaliklarga bemorlarni davolashni, shifoxonalar qurishni o‘rgatdi. Ibn Sinoning «Tib qonunlari» asari Yevropa dorilfununlarida 600 yil mobaynida talabalar uchun tabobat bo‘yicha yagona qo‘llanma bo‘lib kelganini butun dunyo e’tirof etadi. Islom sivilizatsiyasi bugungi kundagi boshqa sivilizatsiyalar bilan muloqot qila oladimi, degan savol tug‘ilishi tabiiydir. Shuni ishonch bilan aytish mumkinki, bunday muloqot to‘laligicha bo‘lish imkoniyatiga ega. Bunga sabab sifatida birinchi galda o‘tgan o‘n to‘rt asrlik tarix buning yorqin namunasi bo‘lganini misol qilib keltirsak, ikkinchi o‘rinda islom sivilizatsiyasining xususiyatlari uni boshqa sivilizatsiyalardan aslo uzoqlashtirib qo‘ymasligini aytish zarur. U insoniyatni muloqot va o‘zaro ahl yashash tomon chorlaydi, ularni birlashish, bir-birini tushunish, izlanish va madaniy yangilanishga chaqiradi. Islom hazorasining insoniyat taraqqiyotida alohida mas’uliyati va roli bor bo‘lib, unda yangilanishni taqozo etadigan barcha hayotiy unsurlar mavjud. Chunki unga islom tabiati singdirilgan va u Yaratganning butun insoniyatga, har bir zamon va makonga mos qilib yuborgan risolatidir14.
Har bir sivilizatsiyaning asosiy maqsadi insonni uyg‘otishdir. Agar inson o‘zining jaholati, vahshiyligi va adashuvi kabi xislatlari bilan o‘ralashib qolsa, tsivilizatsiya ham buziladi va natijada rivojlanishdan to‘xtaydi. Bu holda uning moddiy taraqqiyotining o‘zigina qolib, ma’naviy-ruhiy tomoni etarlicha komil bo‘lmagani sababli undan etarlicha foyda olinmaydi. G‘arb sivilizatsiyasida aynan shu masalada oqosoqlik kuzatilmoqda. Shu sabab ham u qalb xotirjamligi, taskinlikni bera olmayotgani ayni haqiqat. Aksincha islom hazorasi esa, bularni bera oladi. Chunki unda imon lazzati, insoniylik qadrlanadi. U bashariyatga faqatgina rivojlanishni o‘rgatmaydi, balki rivojlanish bilan birga insoniy qadr-qimmatni, yaxshilikni, fazilatni, tinchlikni, butun mavjudotlar bilan bir bo‘lib yashashni, ahillikni o‘rgata oladi. Shuni esdan chiqarish kerak emaski, islom tsivilizatsiyasi biror bir yo‘nalishning shiori yoki amalga oshirib bo‘lmas tasavvuri yoki faqatgina fikriy namunagina emas, balki u hayotiy voqe’lik, uni musulmon ummati tiriltirgan, uni barpo qilishda esa, musulmonlar va ular bilan hamnafas yashagan boshqa din vakillari ham ishtirok etgan. Shunday ekan, islom tsivilizatsiyasini yaratuvchilari, uning kelajagi, istiqbol yo‘nalishlarini belgilovchilari va hamda himoya qiluvchilari ham aynan musulmonlarning o‘zlaridirlar. Bu esa bugungi va kelajak avlodning mas’uliyati va vazifasi sanaladi.
Xalqlar o‘rtasida madaniy muloqotni kuchaytirish maqsadida musulmon dunyosi nomidan Islom hamkorlik tashkiloti BMTga sivilizatsiyalararo muloqot bo‘yicha xalqaro yil belgilash bo‘yicha taklif bilan chiqqan edi. Shunga binoan, BMT Bosh assambleyasi 2001 yilni “sivilizatsiyalar o‘rtasidagi Birlashgan millatlar tashkiloti yili” deb e’lon qildi. Bu borada Islom Hamkorlik Tashkilotining tashqi ishlar vazirlari tomonidan chiqarilgan qarorga muvofiq, Fan, ta’lim va madaniyat masalalari bo‘yicha ISESCO tashkiloti ko‘plab tadbirlarni amalga oshirdi .
ISESCO sivilizatsiyalararo muloqotga chorlab, asosan uch yo‘nalishda hamkorlik qilish g‘oyasini ilgari surgan edi:
- Sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot;
- Madaniyatlar o‘rtasidagi muloqot;
- Din vakillari o‘rtasidagi muloqot.
ISESCO tomonidan muloqot tushunchasining ilmiy asosi yaratildi, natijada siyosiy tafakkur va zamonaviy madaniyatdagi muloqot tushunchasi yangi, almashinib turadigan tushunchalardan iborat bo‘lgan terminlar qatoriga qo‘shildi. Bungacha bunday tushuncha xalqaro hujjatlarda ham yo‘q edi. Chunki BMT Nizomi, Inson huquqlari deklaratsiyasi, Iqtisodiy va ijtimoiy huquqlar bo‘yicha xalqaro paktlar, Madaniy va siyosiy huquqlarga asoslangan xalqaro bitimlar, xalqaro madaniy aloqalar printsiplari deklaratsiyasida ham bu borada eslatma ham mavjud bo‘lmagan edi. Shunga binoan, muloqot qonuniy tushuncha emas, balki siyosiy, mafkuraviy, madaniy, tsivilizatsiyaviy tushuncha ekanligi ta’kidlash kerak. Aksincha, bizning madaniy va hazoriy merosimizda muloqot katta ma’no kasb etadi, islom madaniyati va sivilizatsiyasida asosiy qism bo‘lgan kuch va tayanchni bildiradi. Muloqot islom sivilizatsiyasining qadriyatlari va islomning belgilaridan biridir.
ISESCO tashkilotining qarashi bo‘yicha, muloqot mustahkam asoslarga qurilgan va quyidagi uchta banddan iborat:
- O‘zaro ehtirom;
- Insof va adolat;
- Mutaassiblik va adovatga qarshi kurashish.
Muloqot masalasi islom olamining diqqat markazida bo‘lishi va quyidagi uchta yo‘nalishga qaratilgan bo‘lishi kerak:
Birinchidan, muloqotning maqsadi musulmon dunyosining oliy manfaatlarini o‘zida aks ettirish kerak. Tomonlarning birida islom dini ishtirok etadigan har qanday hujjatlarda sivilizatsiya yoki madaniyatlar o‘rtasida qarama-qarshilik aslo bo‘lmasligi darkor. Shuningdek musulmon ummati qatnashadigan Islom hamkorlik tashkilotining sammit va vazirlar darajasidagi yig‘ilishlarida ham ziddiyatlarga sabab bo‘ladigan qarorlar bo‘lmaydi.
Ikkinchidan, muloqot umuminson manfaatlariga qaratilgan bo‘lishi, aksincha taraflarga hech qanday foyda keltirmaydigan biror bir g‘oyaviy-aqidaviy masalalar atrofida qolib ketmasligi kerak. Shu bilan birga inson huquqlaridan sanalgan sof e’tiqodga nisbatan bo‘ladigan yondashuvlarni aniq belgilab olish, zulm, adovat, quvg‘in va buzg‘unchilikning barcha ko‘rinishlariga qarshi kurashish hamda har bir muloqotdan keyin tomonlarning bayonotlar bilan chiqishiga erishish zarur. Ushbu bayonotlarda e’tiqod vakillarining huquqlari ayrim buzg‘unchi tomonidan buzilib turishini aks ettirish, buni faqatgina siyosiy, qonuniy, kuch ishlatish ko‘rinishidagina emas, balki haqiqat, adolat, diniy manfaatlar nuqtai nazaridan ham bayon etish.
Uchinchidan, sivilizatsiya va madaniyatlar o‘rtasidagi muloqotga tegishli har bir masalada islom bilan bog‘liq jihatlarni atroflicha bayon etish. Har bir muloqotga kirishuvchi rasmiy musulmon vakili amaliy, ilmiy, fikriy, madaniy masalalarning barchasida muloqot mavzularini shunday darajada puxta tuzishi kerakki, xohlagan kishi unga xohlagan paytda yoki imkoniyat bo‘lganda qo‘shilishi mumkin bo‘lsin.
Islom olamidagi tsivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni amalga oshiruvchilar yuqorida aytilgan yo‘nalishda ish yuritsalar, avvalambor islom ummatining oliy manfaatlariga xizmat qiladigan ijobiy natijalarga erishgan bo‘lar edilar. Shuningdek manfaatlarni himoya qilish, muammolar hal etilishiga yordam bergan, xalqaro aloqalar rivojlangan dunyoda esa, tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishiga hissa qo‘shgan hamda Allohga bo‘lgan imon ziyoda bo‘lgan va insonlarning yashashi yaxshilangan bo‘lar edi .
XULOSA Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, islom sivilizatsiyasi asrlar osha o‘zining yangilanib turuvchi, o‘zgarishlar bilan hamohang bo‘ladigan, rivojlanishlarga moslashadigan, insoniyat sivilizatsiyalariga zid bo‘lmaydiganligini isbotlab berdi. Islom sivilizatsiyasi bunyodkorlari bo‘lgan musulmonlar taraqqiyot va uning mazmun-mohiyatini o‘zlashtirdilar, uning asoslarini yaratdilar, hayotlarida amaliy jihatlarini shakllantirdilar. Islom sivilizatsiyaning ortga qaytish bosqichida esa, musulmonlar islom asoslari va islom sivilizatsiyasining bosh maqsadi bo‘lgan rivojlanish g‘oyasidan chekindilar. Natijada ular zaiflashdi va taraqqiyotdan qolib ketdilar. Lekin islom sivilizatsiyasining asoslari salomat, zamonlarning o‘tishi uni o‘zgartirib yubormadi. Shu tarzda musulmonlarning faoliyatlari ularning sivilizatsiyasida aks etmoqda. Ularning o‘zlari islom tsivilizatsiyasining ham quruvchilari va ham saqlovchilaridirlar. Shunday ekan, musulmonlarning taraqqiyotdan ortda qolishi islom sivilizatsiyasining qismatiga aylandi.
Bugun islom olami insoniyat tamaddunini rivojlantirishga yaqin turibdi va qo‘ldan boy berilgan barcha sohani egallashga harakat qilmoqda. Chunki bashariyatga ma’rifatning turli sohalarini taqdim qilgan va taraqqiyotni ato etgan islom sivilizatsiyasi yana rivojlantirish salohiyatiga ega. U go‘yo qalin bulutlar orasidan chaqnab chiqadigan zarrin nurlardek olamni yoritishi mumkin. Aniqki, islom tsivilizatsiyasi ertaning tsivilizatsiyasi. Islom dunyosi bugungi holida qolib ketmaydilar, bu uzoq davom etmaydi ham. Chunki bu holat tabiiy jarayon va insoniyatning hayot yo‘liga to‘g‘ri kelmaydi. Musulmonlar o‘z tsivilizatsiyalarini yangidan barpo qilishlari uchun o‘zaro jipslashishlari va bir-birlariga yordam berishlari lozim. Shundagina ularning tsivilizatsiyalari barcha insoniyatga yana namuna bo‘la oladi. Aslida ham islom sivilizatsiyasining rivojlanishi musulmonlarning buguni va kelajagi uchun ulkan mas’uliyatdir.