Ijtimoiy iqtisodiy ehtiyojlar, ularning tarkibi va turkumlanishi (1)
2. Ishlab chiqarishning iqtisodiy mazmuni Ishlab chiqarish jarayoni – bu kishilarni o‘zlarining iste’moli uchun zarur bo‘lgan moddiy va ma’naviy ne’matlarni yaratishga qaratilgan maqsadga muvofiq faoliyatidir. Moddiy va ma’naviy ne’matlar yaratish, turli xizmatlar ko‘rsatish jarayoni kishilar iqtisodiy faoliyatining asosiy tomonidir.
Ma’lumki, har qanday ishlab chiqarish, birinchi navbatda, mehnat jarayonidir yoki boshqacha qilib aytganda, tabiatdagi bor narsalarning ko‘rinishini o‘zining iste’moli uchun muvofiq holga keltirish uchun qilingan mehnat faoliyatidan iboratdir. Ana shu mehnat jarayonida kishilar, eng avvalo, tabiat bilan, uning kuchlari va ashyolari bilan hamda bir-birlari bilan o‘zaro ma’lum munosabatda bo‘ladilar. Ishlab chiqarish jarayonida bo‘ladigan bu munosabatlarning shakllari va xususiyatlarini o‘rganish hamda ularni bilgan holda ishlab chiqarishni ongli tashkil etish oliy maqsadga, ya’ni cheklangan iqtisodiy resurslardan unumli foydalanilgan holda kishilarning o‘sib boruvchi ehtiyojlarini qondirish maqsadiga erishishning birdan-bir yo‘lidir. Moddiy ne’matlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatishning ichki qonuniyatlari va uning rivojlanish xususiyatlari ko‘pgina iqtisodchi olimlar tomonidan ko‘rsatib berilgan. Ular mehnat kishilar yashashining umumiy asosidir deb ta’riflaydilar. Demak, mehnat iste’mol qiymatlarini yaratuvchi sifatida, foydali mehnat sifatida kishilarning yashashi uchun hech qanday ijtimoiy shakllarga bog‘liq bo‘lmagan holda abadiy tabiiy zaruriyatdir, mehnat bo‘lmaganda kishi bilan tabiat o‘rtasida modda almashinuvi ham mumkin bo‘lmas edi.
Kishilar o‘zlarining ongli maqsadga muvofiq unumli mehnati bilan tabiat moddalarining shakllarini o‘zgartiradilar va iste’moli uchun zarur bo‘lgan mahsulotni vujudga keltiradilar. Mehnat jarayonida kishilar bilan tabiat o‘rtasida moddalar almashinuvi bilan birga insonning o‘zi ham har tomonlama kamol topib boradi, ya’ni kishilar o‘zining mehnatga bo‘lgan qobiliyatini, bilimini oshiradi va ularni amalda qo‘llashni kengaytirib boradi.
Shunday qilib, ishlab chiqarish jarayoni iste’mol qiymatlarni vujudga keltirish uchun maqsadga muvofiq qilinadigan harakatdir, tabiat yaratgan narsalarni kishi iste’moli uchun o‘zlashtirib olishdir, kishi bilan tabiat o‘rtasidagi modda almashuvining umumiy shartidir, kishi hayotining abadiy tabiiy sharoitidir.
Ishlab chiqarish jarayoni insoniyat taraqqiyotining hamma bosqichlariga, hamma mamlakatlarga, el-yurtlarga va xalqlarga xos bo‘lib, umuminsoniy kategoriyadir (tushunchadir).
Ma’lumki, bizda ish vaqtining anchagina qismi uy-ro‘zg‘or ishiga to‘g‘ri kelmoqda. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga qaraganda, mamlakat aholisi uy-ro‘zg‘or ishlariga yiliga sarflagan vaqt ijtimoiy ishlab chiqarishga sarflangan ish vaqtiga qaraganda ko‘proq ekan. Buning ustiga uy-ro‘zg‘or ishlari talaygina quvvatni talab qiladi. Ushbu va shunga o‘xshash boshqa misollar maishiy xizmatlar ko‘rsatish sohalarini yanada rivojlantirish, uy-ro‘zg‘or ishlarini mexanizatsiyalash imkonini beradigan mashina va asbob – uskunalarni ko‘plab ishlab chiqarishni talab etadi. Ehtiyojlar turi qancha ko‘p bo‘lsa shunga binoan ishlab chiqarishning tarmoq va sohalari ham kengayib boradi. Ularni o‘rganish oson bo‘lishi uchun ishlab chiqarish ikki katta sohaga: moddiy ishlab chiqarish va nomoddiy ishlab chiqarish sohalariga ajratish lozim (2-chizma).