331-modda. Boquvchining yo‘qotilgan ish haqi o‘rnini qoplash uchun amalga oshiriladigan har oylik to‘lovlar miqdori Vafot etgan boquvchining qaramog‘ida bo‘lgan va uning vafoti munosabati bilan yetkazilgan ziyonning o‘rni qoplanishiga doir huquqqa ega bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz shaxslarga nisbatan ziyonning miqdori marhumning o‘rtacha oylik ish haqi miqdorida, uning o‘ziga tegishli bo‘lgan ulushni va uning qaramog‘ida bo‘lgan, ammo ziyonning o‘rni qoplanishiga doir huquqqa ega bo‘lmagan mehnatga qobiliyatli shaxslarning ulushi chegirib tashlangan holda belgilanadi.
Ziyonning o‘rni qoplanishiga doir huquqqa ega bo‘lgan shaxslarning har biriga nisbatan ziyonning o‘rnini qoplash miqdorini aniqlash uchun boquvchi ish haqining ushbu shaxslarning barchasiga to‘g‘ri keladigan qismi ularning soniga bo‘linadi.
Marhumning qaramog‘ida bo‘lmagan, ammo ziyonning o‘rni qoplanishiga doir huquqqa ega bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz shaxslar uchun uning miqdori quyidagi tartibda belgilanadi, agar:
ta’minot mablag‘i sud tartibida undirilgan bo‘lsa, u holda ziyonning o‘rnini qoplash sud tomonidan tayinlangan miqdorda belgilanadi;
ta’minot mablag‘i sud tartibida undirilmagan bo‘lsa, u holda ziyonning o‘rnini qoplash ularning moddiy ahvoli hamda marhumning hayotlik vaqtida ularga yordam ko‘rsatish imkoniyati hisobga olingan holda belgilanadi.
Agar marhumning qaramog‘ida bo‘lgan shaxslar ham, uning qaramog‘ida bo‘lmagan shaxslar ham ziyonning o‘rni qoplanishiga doir huquqqa ega bo‘lsa, avvalo marhumning qaramog‘ida bo‘lmagan shaxslarga ziyonning o‘rnini qoplash miqdori belgilanadi. Ular uchun belgilangan ziyonning o‘rnini qoplash summasi boquvchining ish haqidan chegirib tashlanadi, so‘ngra ish haqining qolgan miqdoridan kelib chiqib, marhumning qaramog‘ida bo‘lgan shaxslarga ziyonning o‘rnini qoplash miqdori ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan tartibda belgilanadi.
Boquvchini yo‘qotganligi munosabati bilan ziyonning o‘rni qoplanishiga doir huquqqa ega bo‘lgan shaxslarga tayinlangan boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi, xuddi shuningdek boshqa pensiya, ish haqi, stipendiya va o‘zga daromadlar ziyonning o‘rnini qoplash hisobiga kiritilmaydi. Bunda qaramoqdagi har bir shaxsga tegishli ziyonning o‘rnini qoplash summasi qonunchilikda belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining ellik foizidan kam bo‘lmasligi kerak.
Qonunchilikda belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori oshishi bilan qaramoqdagi har bir shaxs uchun ziyonning o‘rnini qoplash summasi ham mutanosib ravishda oshadi.