361-modda. Ish joylariga qo‘yiladigan talablar Ish joylari joylashtiriladigan binolar (inshootlar) tuzilishiga ko‘ra ularning belgilangan funksional maqsadiga hamda mehnat xavfsizligi va mehnatni muhofaza qilish talablariga mos bo‘lishi kerak.
Ishlash uchun mo‘ljallangan asbob-uskunalar mazkur turdagi asbob-uskunalar uchun belgilangan xavfsizlik normalariga mos bo‘lishi, tegishli texnik pasportlarga (sertifikatga), ogohlantiruvchi belgilarga ega bo‘lishi va ish joylarida xodimlar xavfsizligini ta’minlash uchun to‘siqlar yoki himoya vositalari bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak.
Xodimlarning binodan chiqishi uchun avariya yo‘llari va chiqish joylari belgilangan bo‘lishi, bo‘sh qolishi hamda ochiq havoga yoxud xavfsiz hududga olib chiqishi kerak.
Xavfli zonalar aniq belgilangan bo‘lishi kerak. Agar ish joylari ishning xususiyati tufayli xodim uchun xavf mavjud bo‘lgan xavfli zonalarda joylashgan bo‘lsa, bunday joylar begona kishilarning bu zonalarga kirishiga to‘siq bo‘ladigan qurilmalar bilan jihozlanishi kerak.
Tashkilot hududida piyodalar va texnologik transport vositalari xavfsiz sharoitlarda harakatlanishi kerak.
Ish vaqti davomida ish o‘rinlari joylashgan xonada harorat, yorug‘lik, shuningdek ventilatsiya sanitariya normalari va qoidalariga mos bo‘lishi kerak.
Quyidagilar mehnat sharoitlari bo‘yicha ish o‘rinlari attestatsiyasidan o‘tkaziladi:
qonunchilikda belgilangan tartibda xodimlarga mehnat sharoitlariga ko‘ra imtiyozlar va kompensatsiyalar nazarda tutilgan ish o‘rinlari;
nogironligi bo‘lgan shaxslar band bo‘lgan ish o‘rinlari;
imtiyozli shartlarda pensiya olish huquqini beradigan ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar va ko‘rsatkichlar ro‘yxatlarida ko‘rsatilgan ish o‘rinlari;
xavfli ishlab chiqarish obyektlaridagi ish o‘rinlari.
Qonunchilikda, shuningdek jamoa kelishuvlarida va jamoa shartnomasida mehnat sharoitlariga ko‘ra boshqa ish o‘rinlarini ham attestatsiyadan o‘tkazish nazarda tutilishi mumkin.