2-§. Yakka tartibdagi mehnat nizolarini ko‘rib chiqish 543-modda. Yakka tartibdagi mehnat nizolarini ko‘rib chiqish tartibi Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikni va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarni, mehnat shartnomasini qo‘llash masalalari bo‘yicha yakka tartibdagi mehnat nizolarini (da’vo xususiyatiga ega yakka tartibdagi mehnat nizolari) ko‘rib chiqish tartibi ushbu Kodeksda belgilanadi, sudlarda mehnat nizolari bo‘yicha ishlarni ko‘rish tartibi esa bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksida belgilanadi.
Xodim uchun yangi mehnat shartlarini belgilash yoki mavjud mehnat shartlarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi yakka tartibdagi mehnat nizolari (da’vosiz xususiyatga ega bo‘lgan yakka tartibdagi mehnat nizolari) ish beruvchi va kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan hal etiladi.
544-modda. Yakka tartibdagi mehnat nizolarining taraflari Yakka tartibdagi mehnat nizosining bir tarafi ish beruvchi, boshqa tarafi esa xodim, ilgari ushbu ish beruvchi bilan mehnatga oid munosabatlarda bo‘lgan shaxs, ish beruvchi mehnat shartnomasini tuzishni rad etgan taqdirda, ish beruvchi bilan shunday shartnomani tuzish istagini bildirgan shaxs bo‘ladi.
Yakka tartibdagi mehnat nizosining har bir tarafi o‘z huquqlarini himoya qilish uchun vakillarni jalb qilishga haqlidir.
545-modda. Yakka tartibdagi mehnat nizolarini ko‘rib chiquvchi organlar Yakka tartibdagi mehnat nizolari quyidagilar tomonidan ko‘rib chiqiladi:
mehnat nizolari bo‘yicha komissiyalar tomonidan, bundan bevosita sudda ko‘riladigan nizolar mustasno;
sud tomonidan.
Xodim mehnat nizosini hal qilish uchun o‘z tanloviga ko‘ra mehnat nizolari bo‘yicha komissiyaga yoki bevosita sudga murojaat etishga haqli.
Har qanday yakka tartibdagi mehnat nizosi mehnat nizolari bo‘yicha komissiyada yoki sudda ko‘rib chiqishning istalgan bosqichida, sud alohida xonaga (maslahatxonaga) sud hujjatini qabul qilish uchun kirishidan oldin “Mediatsiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq ko‘rib chiqish uchun mediatorga o‘tkazilishi mumkin.