56-modda. Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha komissiya ishini rejalashtirish Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha komissiyaning navbatdagi yil uchun ish rejasi komissiyaning joriy yil to‘rtinchi choragidagi oxirgi majlisida tasdiqlanadi.
Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha komissiyaning ish rejasida quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
komissiya reglamentini tayyorlash uchun mas’ul bo‘lgan komissiya a’zolari;
komissiya majlislari o‘tkaziladigan sanalar;
komissiya muhokamasiga taqdim etiladigan masalalarning ta’rifi;
komissiya majlisining kun tartibiga kiritiladigan masalalarni tayyorlash uchun mas’ul bo‘lgan komissiya a’zolari;
jamoa kelishuvlarining, jamoa shartnomasining bajarilishi, komissiya tomonidan qabul qilingan qarorlarning ro‘yobga chiqarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish choralari;
komissiya ishining texnik ta’minotiga qaratilgan chora-tadbirlar.
Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha komissiyaning ish rejasida komissiyaning samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlashga, tegishli darajadagi ijtimoiy sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan boshqa masalalar ham nazarda tutilishi mumkin.
Taraflarning kelishuviga ko‘ra ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha komissiyaning ish rejasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin.
Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha komissiya majlislarida ish rejasiga kiritilmagan qo‘shimcha masalalar ijtimoiy sheriklik taraflarining kelishuviga ko‘ra ko‘rib chiqilishi mumkin.
57-modda. Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha hududiy, tarmoq va respublika komissiyalarining reglamenti Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha hududiy, tarmoq va respublika komissiyalarining faoliyati tegishli komissiyaning birinchi majlisida taraflarning kelishuvi bilan tasdiqlanadigan ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha komissiya reglamentiga binoan amalga oshiriladi.
58-modda. Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha komissiyalarning majlislari Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha komissiyalarning majlislari ish rejasiga muvofiq, biroq kalendar yil davomida kamida ikki marta o‘tkaziladi.
Ijtimoiy sheriklik taraflaridan hech bo‘lmaganda bittasining tashabbusi bilan ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha komissiyaning rejadan tashqari majlisi o‘tkazilishi mumkin.
Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha komissiya majlislari o‘tkaziladigan joy, sana va vaqt taraflarning kelishuviga ko‘ra belgilanadi.
Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha komissiya qarorlarining tayyorlangan loyihalari komissiya a’zolariga komissiya majlisini o‘tkazishning tayinlangan sanasidan kamida o‘n kalendar kun oldin tarqatiladi.
Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha komissiyaning majlisi, agar unda komissiya taraflarining har biridan belgilangan komissiya a’zolarining kamida uchdan ikki qismi hozir bo‘lsa, vakolatli hisoblanadi.