281-modda. Ish beruvchining xodimga kafolatli qo‘shimcha to‘lovlarni amalga oshirish majburiyati Ish beruvchi quyidagi kafolatli qo‘shimcha to‘lovlarni amalga oshirishi shart:
ish beruvchiga va xodimga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra bekor turib qolish chog‘ida bunday bekor turib qolish davom etgan vaqtga mutanosib ravishda hisoblangan, tarif stavkasining (maoshning) kamida uchdan ikki qismini to‘lashi;
ish beruvchiga va xodimga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra xodim tomonidan mehnat normalari, mehnat (lavozim) majburiyatlari bajarilmaganda xodimning amalda ishlab bergan vaqtiga mutanosib ravishda hisoblangan tarif stavkasining (maoshning) kamida uchdan ikki qismini saqlab qolishi;
tungi vaqtdagi ish uchun xodimga qo‘shimcha to‘lovni amalga oshirishi;
dam olish, ishlanmaydigan bayram kunlaridagi va ish vaqtidan tashqari ish uchun oshirilgan miqdorda haq to‘lashi;
o‘zi uchun ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi belgilangan xodimlarga to‘liq ish vaqtida ishlovchi tegishli toifadagi xodimlar uchun nazarda tutilgan mehnatga haq to‘lash miqdorigacha bo‘lgan qo‘shimcha to‘lovni amalga oshirishi;
ushbu Kodeksda nazarda tutilgan ayrim asoslar bo‘yicha mehnat shartnomasi bekor qilinganida mazkur Kodeksning 173-moddasining uchinchi qismida belgilangan miqdorda ishdan bo‘shatish nafaqasini to‘lashi;
qonunchilikda belgilangan tartibda o‘rtacha ish haqi yoki uning bir qismi miqdorida vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik bo‘yicha nafaqa to‘lashi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan kafolatli qo‘shimcha to‘lovlardan tashqari ish beruvchi xodimlarga ushbu Kodeksda, qonunchilikda, jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomasida, shuningdek ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda qabul qilinadigan ichki hujjatlarda, mehnat shartnomasida belgilangan boshqa kafolatli qo‘shimcha to‘lovlarni amalga oshirishi shart.
282-modda. Xodimlar davlat va jamoat majburiyatlarini bajarganda beriladigan kafolatli to‘lovlar Ish beruvchi xodimning davlat va jamoat majburiyatlarini bajarish vaqtida uni ishdan ish joyini (lavozimini) va o‘rtacha oylik ish haqini saqlagan holda quyidagi hollarda ozod etishi shart:
saylov huquqini amalga oshirayotganda;
deputatlik vazifalarini, shuningdek o‘z vakolatlarini ishlab chiqarishdan yoki xizmat faoliyatidan ajralmagan holda amalga oshiruvchi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosining vazifalarini bajarayotganda;
tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining ishida ishtirok etayotganda;
harbiy majburiyatlarni bajarayotganda;
tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organga, surishtiruvchiga, tergovchiga, prokurorga yoki sudga guvoh, jabrlanuvchi, ekspert, mutaxassis, tarjimon, xolis sifatida chaqirilganda;
sud majlislarida xalq maslahatchisi, jamoat ayblovchisi va jamoat himoyachisi, jamoat birlashmalari va mehnat jamoalarining vakili sifatida ishtirok etayotganda;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) huzuridagi Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiya faoliyatida ishtirok etganda;
xodim davlat va jamiyat manfaatlarini ko‘zlab harakatlarni amalga oshirganda (avariyalar, tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etish, inson hayotini saqlab qolish, qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish, shuningdek boshqa hollarda);
O‘zbekiston Respublikasi qonunida yoki Prezidentining farmonlari va qarorlarida yoxud O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda.