294-modda. Kompensatsiya to‘lovlarini moliyalashtirish manbalari Ushbu Kodeksning 286-moddasida sanab o‘tilgan kompensatsiya to‘lovlarini moliyalashtirish manbalari ish beruvchining mablag‘laridan, budjet tashkilotlarida esa budjet mablag‘laridan iboratdir.
18-bob. Mehnat intizomi 1-§. Umumiy qoidalar 295-modda. Mehnat intizomi tushunchasi va uni ta’minlash usullari Mehnat intizomi barcha xodimlarning mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka, jamoa kelishuvlariga, jamoa shartnomasiga, shuningdek ichki mehnat tartibi qoidalariga, boshqa ichki hujjatlarga va mehnat shartnomasiga muvofiq belgilangan xulq-atvor qoidalariga majburiy bo‘ysunishidir.
Ish beruvchi mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga, mehnat shartnomasiga muvofiq xodimlarning mehnat intizomiga rioya etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishi shart.
Mehnat intizomi normal ish uchun zarur ijtimoiy-iqtisodiy va tashkiliy-texnik shart-sharoitlarni yaratish, halol mehnati uchun rag‘batlantirish va mukofotlash usullari, mehnat (lavozim) majburiyatlarini buzgan xodimlarga nisbatan jazo choralarini qo‘llash orqali ta’minlanadi.
296-modda. Ichki mehnat tartibi qoidalari Ichki mehnat tartibi qoidalari mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq ishga qabul qilish va xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish tartibi, mehnat shartnomasi taraflarining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi, ish rejimi, dam olish vaqti, xodimlarga nisbatan qo‘llaniladigan imtiyozlar va jazo choralari, shuningdek ushbu ish beruvchida mehnat munosabatlarini tartibga solishga oid boshqa masalalarni tartibga soluvchi ichki hujjatdir.
Ichki mehnat tartibi qoidalari ushbu Kodeksning 15-moddasiga muvofiq ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
Ichki mehnat tartibi qoidalari intizom to‘g‘risidagi ustavlar va nizomlarning amal qilishi o‘ziga nisbatan tatbiq etiladigan xodimlarga ushbu ustavlar va nizomlarga zid bo‘lmagan qismi bo‘yicha qo‘llaniladi.