IV BO‘LIM. YAKKA TARTIBDAGI MEHNATGA OID MUNOSABATLAR 12-bob. Mehnat shartnomasi 1-§. Umumiy qoidalar 103-modda. Mehnat shartnomasining tushunchasi va taraflari Mehnat shartnomasi xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi taraflarning o‘zaro huquqlari hamda majburiyatlarini belgilovchi kelishuv bo‘lib, unga muvofiq xodim ish beruvchining manfaatini ko‘zlab, ushbu kelishuvda belgilangan mehnat vazifasini uning rahbarligi va nazorati ostida shaxsan bajarish, ichki mehnat qoidalariga rioya etish majburiyatini, ish beruvchi esa xodimga shartlashilgan mehnat vazifasi bo‘yicha ish berish, xodimga ish haqini o‘z vaqtida hamda to‘liq miqdorda to‘lash, mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda va ushbu kelishuvda nazarda tutilgan mehnat sharoitlarini ta’minlash majburiyatini o‘z zimmasiga oladi.
Xodim va ish beruvchi mehnat shartnomasining taraflaridir.
104-modda. Mehnat shartnomasining mazmuni Mehnat shartnomasiga kiritilishi shart bo‘lgan shartlar quyidagilardan iborat:
ish joyi — xodim shartnomada shart qilib ko‘rsatilgan mehnat vazifasiga ko‘ra mehnat faoliyatini amalga oshiradigan ish beruvchi (tashkilot, uning alohida bo‘linmasi yoki jismoniy shaxs), shuningdek xodim mehnat qilishi kerak bo‘lgan joy;
mehnat vazifasi — muayyan kasb, mutaxassislik, malaka yoxud lavozim bo‘yicha ish, shuningdek xodimga topshiriladigan ishning aniq turi;
ishning boshlanish sanasi — xodim mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan ishni bajarishga kirishishi kerak bo‘lgan kalendar sana;
mehnatga haq to‘lash shartlari (shu jumladan xodimning tarif stavkasi yoki maoshi miqdori, qo‘shimcha to‘lovlar, ustamalar va rag‘batlantiruvchi to‘lovlar);
xodim bilan muddatli mehnat shartnomasi tuzilgan taqdirda mehnat shartnomasining muddati, shuningdek ushbu Kodeksga yoki boshqa qonunlarga muvofiq muddatli shartnomani tuzish uchun asoslar;
ish vaqti va dam olish vaqti rejimi, agar bu xodim uchun ushbu rejim mazkur ish beruvchida mehnat faoliyatini amalga oshiradigan xodimlar uchun nazarda tutilgan ish vaqtining va dam olish vaqtining umumiy rejimidan farq qiladigan bo‘lsa;
ish joyidagi mehnat sharoitlarining xususiyatlari ko‘rsatilgan holda normal sharoitlardan farq qiladigan sharoitlardagi ish uchun kafolatlar va kompensatsiyalar, agar xodim mazkur ishga qabul qilinayotgan bo‘lsa;
zarur bo‘lgan hollarda ishning xususiyatini belgilaydigan shartlar (ko‘chma, sayyor, yo‘ldagi, ishning boshqa xususiyati);
mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan hollarda boshqa shartlar.
Agar mehnat shartnomasini tuzish chog‘ida ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan shartlardan biror-biri shartnomaga kiritilmagan bo‘lsa, bu mehnat shartnomasini tuzilmagan deb e’tirof etish yoki uni bekor qilish uchun asos bo‘lmaydi. Mehnat shartnomasi qo‘shimcha shartlar bilan to‘ldirilishi kerak. Bunda qo‘shimcha shartlar mehnat shartnomasining ajralmas qismi bo‘lgan, mehnat shartnomasiga doir yozma shaklda tuziladigan qo‘shimcha kelishuv bilan belgilanadi.
Mehnat shartnomasida mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilanganiga nisbatan xodimning holatini yomonlashtirmaydigan qo‘shimcha shartlar, shu jumladan quyidagi shartlar nazarda tutilishi mumkin:
ish joyini aniqlashtirish (tarkibiy bo‘linma va uning joylashgan eri ko‘rsatilgan holda) va (yoki) ish joyi to‘g‘risida;
ishga qabul qilish chog‘idagi dastlabki sinov haqida;
bir necha kasbda (lavozimda) ishlaganlik to‘g‘risida;
davlat sirlarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni oshkor qilmaslik haqida;
agar o‘qitish ish beruvchining mablag‘lari hisobidan olib borilgan bo‘lsa, xodimning o‘qishdan keyin shartnomada belgilangan muddatdan kam bo‘lmagan muddatni ishlab berish majburiyati to‘g‘risida;
xodimni qo‘shimcha sug‘urta qilish turlari va shartlari haqida;
xodimga va uning oila a’zolariga taqdim etiladigan ijtimoiy-maishiy sharoitlar to‘g‘risida;
xodimning ish sharoitlariga nisbatan qo‘llaniladigan xodimning va ish beruvchining mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilangan huquqlari va majburiyatlarini aniqlashtirish haqida.
Xodimning va ish beruvchining mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan biror-bir huquqlari va (yoki) majburiyatlarining mehnat shartnomasiga kiritilmasligi ushbu huquqlarni amalga oshirishni yoki bu majburiyatlarni bajarishni rad etish sifatida ko‘rib chiqilishi mumkin emas.