105-modda. Mehnat shartnomasi shartlarining haqiqiy emasligi Mehnat shartnomasining mazmuniga:
xodimning holatini mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga nisbatan yomonlashtiradigan;
mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash to‘g‘risidagi talablarni buzadigan;
majburiy mehnatni taqiqlash haqidagi talablarni buzadigan;
xodimni qonunga xilof harakatlarni yoki ham xodimning, ham boshqa shaxslarning huquqlarini buzadigan, hayoti va sog‘lig‘iga tahdid soladigan, sha’niga, qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan harakatlarni amalga oshirishga majburlaydigan shartlar kiritilmasligi kerak, agar ular kiritilgan bo‘lsa, haqiqiy bo‘lmaydi.
Mehnat shartnomasi ayrim shartlarining haqiqiy emasligi mehnat shartnomasining umuman haqiqiy emasligiga sabab bo‘lmaydi.
106-modda. Mehnat shartnomasining shakli Mehnat shartnomasi bir xil kuchga ega bo‘lgan kamida ikki nusxada yozma shaklda tuzilib, ularning har biri taraflar tomonidan imzolanadi.
Mehnat shartnomasining har bir nusxasi xodimning va ishga qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxsning imzolari bilan mustahkamlanadi.
Ish beruvchida muhr mavjud bo‘lgan taqdirda mansabdor shaxsning mehnat shartnomasining barcha nusxalaridagi imzosi muhr bilan tasdiqlanadi.
Mehnat shartnomasining bir nusxasi xodimga beriladi, boshqasi (boshqalari) ish beruvchida saqlanadi. Mehnat shartnomasining nusxasi xodim tomonidan olinganligi ish beruvchida saqlanadigan mehnat shartnomasi nusxasidagi xodim mehnat shartnomasining nusxasini olganligi to‘g‘risidagi alohida imzosi bilan tasdiqlanadi.
Mehnat shartnomasida shartnomaning ushbu Kodeksning 107-moddasida nazarda tutilgan rekvizitlari ko‘rsatiladi.
Ish beruvchilar va xodimlarga mehnat shartnomalarini tuzishda amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishuvga ko‘ra tavsiyaviy xususiyatga ega bo‘lgan mehnat shartnomalarining namunaviy shakllari ishlab chiqiladi.