6-§. Xodimning shaxsga doir ma’lumotlarini himoya qilish 175-modda. Xodimning shaxsga doir ma’lumotlari Mehnatga oid munosabatlar sababli ish beruvchiga taqdim etilgan, xodimning, shuningdek uning oila a’zolarining hayotidagi faktlar, voqealar va holatlar to‘g‘risidagi axborot xodimning shaxsga doir ma’lumotlaridir.
Shaxsga doir ma’lumotlar jumlasiga xodim to‘g‘risidagi quyidagi ma’lumotlar kiradi:
familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi va joyi;
jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (mavjud bo‘lsa);
ma’lumoti (qachon va qaysi ta’lim tashkilotlarini tugatganligi, diplomlari raqamlari, diplom bo‘yicha tayyorgarlik yo‘nalishi yoki mutaxassisligi, malakasi);
mehnat faoliyati boshlanganidan e’tiboran bajarilgan ishlari (harbiy xizmatni qo‘shib hisoblaganda);
doimiy yoki vaqtincha yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan manzili;
pasportiga oid ma’lumotlar (seriyasi, raqami, kim tomonidan va qachon berilganligi) va identifikatsiya ID-karta ma’lumotlari;
shaxsiy telefon raqami, elektron pochta manzili;
harbiy majburiyatga daxldorligi, harbiy ro‘yxatga olish bo‘yicha ma’lumotlar (zaxirada bo‘lgan fuqarolar va harbiy xizmatga chaqirilishi lozim bo‘lgan shaxslar uchun);
soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami;
shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘ining raqami;
majburiy tibbiy ko‘rik natijalari;
xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari;
oilaviy ahvoli, yaqin qarindoshlarining familiyasi, ismi, otasining ismi va tug‘ilgan sanalari;
xodimning va (yoki) uning oila a’zolarining hayotidagi ish beruvchiga ma’lum bo‘lib qolgan faktlar, voqealar hamda holatlar haqidagi boshqa ma’lumotlar.
Xodimning shaxsga doir ma’lumotlari to‘g‘risidagi axborot maxfiy axborot toifasiga taalluqlidir.
176-modda. Xodimning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berish chog‘idagi umumiy talablar va ularni himoya qilish kafolatlari Ish beruvchi va uning vakillari shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish chog‘ida (shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish, tizimlashtirish, saqlash, o‘zgartirish, to‘ldirish, ulardan foydalanish, ularni berish, tarqatish, uzatish, egasizlantirish va yo‘q qilish bo‘yicha bitta harakatni yoki harakatlar majmuini amalga oshirganda):
xodimning ishlov berilayotgan shaxsga doir ma’lumotlarining hajmi va mazmunini belgilashda shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilik qoidalariga amal qilishi;
xodimning shaxsga doir barcha ma’lumotlarini xodimning o‘zidan olishi shart. Agar xodimning shaxsga doir ma’lumotlarini faqat uchinchi shaxslardan olish mumkin bo‘lsa, xodimga bu haqda oldindan yozma ravishda xabar qilinishi va undan yozma rozilik olinishi kerak, bundan shaxsga doir ma’lumotlarni (tibbiy ko‘rik natijalari, malaka oshirish doirasida malakaviy va boshqa baholashlar natijalari bo‘yicha xulosa va boshqalar) xodim mazkur ish beruvchi tomonidan qonunchilikka muvofiq qaysi uchinchi shaxslarga yuborilgan bo‘lsa, o‘sha uchinchi shaxslardan olish hollari mustasno;
shaxsga doir ma’lumotlarni olishning maqsadlari, taxmin qilinayotgan manbalari va usullari, shuningdek olinishi lozim bo‘lgan shaxsga doir ma’lumotlarning xususiyati hamda xodimning ularni olish uchun yozma rozilik berishni rad etishi oqibatlari to‘g‘risida xodimga xabar qilishi;
xodimning shaxsga doir ma’lumotlarini g‘ayriqonuniy ravishda foydalanilishdan yoki yo‘qolishdan ish beruvchining shaxsiy mablag‘lari hisobidan himoya qilishni ta’minlashi;
xodimlarni va ularning vakillarini ish beruvchida mavjud bo‘lgan, xodimlarning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berish tartibini belgilaydigan, shuningdek ularning ushbu sohadagi huquq va majburiyatlari to‘g‘risidagi hujjatlar bilan imzo qo‘ydirib tanishtirishi;
xodimlarning vakillari bilan birgalikda xodimlarning shaxsga doir ma’lumotlarini himoya qilish choralarini ishlab chiqishi shart.
Agar ushbu Kodeksda va boshqa qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ish beruvchi va uning vakillari xodimning jamoat birlashmalaridagi a’zoligi yoki kasaba uyushmasidagi faoliyati to‘g‘risidagi shaxsga doir ma’lumotlarini olish hamda ularga ishlov berish huquqiga ega emas.
Ish beruvchining vakillari tomonidan xodimning shaxsga doir ma’lumotlaridan foydalanish faqat xodimning mehnat majburiyatlariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
Ish beruvchining xodimlarning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berishni amalga oshirayotgan vakillari o‘zlariga ishonib topshirilgan yoki mehnat majburiyatlarini bajarishi sababli o‘ziga ma’lum bo‘lib qolgan shaxsga doir ma’lumotlarning oshkor etilishiga yo‘l qo‘ymasligi shart.