ILK DINIY TASAVVURLAR.
Reja:
1. Kirish.
Dinning ilk shakllari va ularning inson dunyoqarashiga ta’siri.
Dinning vujudga kelish sabablarini o‘rganishga asosiy yondashuvlar.
Dinning ilk shakllari va ularning xususiyatlari.
Xulosa
Foydalanilgan adabiyotlar.
Dinning vujudga kelish sabablarini o‘rganish qadimdan insoniyatni qiziqtirib kelgan va hozir ham bu muammo o‘zining dolzarb ahamiyatini yo‘qotmagan. Masalaning murakkabligi shundaki, ilk diniy qarashlar paydo bo‘lgan insoniyat tarixining qadimgi davrlaridan bizgacha yetib kelgan ashyoviy manbalar va etnografik ma’lumotlar ilmiy xulosa chiqarishimiz uchun yetarli emas.
Qadimgi davrlardan dinni o‘rganishda muammoga yondashuv va ularni hal etish usullari bilan o‘zaro farq qiladigan ilohiyot va ilmiy yo‘nalishlar yuzaga kelgan.
Ilohiyot ta’limotiga ko‘ra olam, undagi barcha narsa va jonzodlarni xudo yaratgan. Olamdagi barcha hodisa va jarayonlar uning irodasi bilan yuz beradi. Jahon dinlaridan biri bo‘lgan xristianlik ta’limotiga binoan xudo insonni o‘zining jismiga monand qilib yaratdi va moddiy olamga egalik qilishni buyurgan. Xudo borliqni, shu jumladan, insonni ham yaratgan vaqtda u bilan bevosita muloqotda bo‘lgan. Lekin, Odam Ato (Adam) va Momo Havo (Yeva) xudoning irodasini bajarmay gunohga yo‘l qo‘yganligi sababli, u bilan bevosita muloqot imtiyozidan mahrum bo‘ldi. Lekin xudo insonga xalos bo‘lish imkoniyatini berdi. Insoniyat xudoni bilish, ilohiy haqiqatni idrok etish salohiyatini saqlab qoldi. Zero, insonning xudo bilan bevosita aloqani qayta tiklash yo‘lidagi faoliyati umumiy nom bilan din deb ataladi.
Insoniyat xudo bilan aloqadan mahrum bo‘lganidan keyin jaholat, zulmat, adolatsizlik, yovuzlik va muhtojlik kabi vayronkor kuchlarga qarshi tinimsiz kurash olib borishga duchor qilindi. Qiyin sinovlarga duchor bo‘lgan inson xudoni bilish maqsadidan voz kechmadi. Uning bu boradagi dastlabki qadami xudoga ibodat qilishdan boshlangan. Injilda qayd etilishicha, inson dastlabki ibodatida xudoga qurbonlik keltirgan. Mashaqqatli mehnat bilan topgan mahsulotining bir qismini qurbonlikka bag‘ishlagan va yo‘l qo‘ygan xatosi uchun har qanday sinovlardan o‘tishga tayyorligini namoyish etgan.
Ilohiyot insoniyat tarixini xudoni bilish tarixi deb biladi. Odamzod asrlar davomida xudoni bilishga intilib, moddiy dunyo to‘g‘risidagi bilimlarini takomillashtirib bordi va bu jarayon hali nihoyasiga yetgani yo‘q.
Kishi xudoga e’tiqod qilishni dastlab yakka xudoga sig‘inishdan boshlagan. Keyinchalik turli obyektiv va subyektiv sabablar tufayli tabiat voqeliklarini ilohiylashtirgan va ko‘pxudolik paydo bo‘lgan. Uzoq vaqt davom etgan izlanishlardan keyin yagona xudoga sig‘inish yana qayta tiklandi. Ilohiyot an’analariga asoslanadigan dinshunoslar din tarixini yuqorida qayd etilgan prinsiplar asosida o‘rganadi. Fan dinning vujudga kelish sabablarini o‘rganishda boshqa prinsip va qonuniyatlarga asoslanadi. Olamning g‘ayritabiiy kuch faoliyati natijasida paydo bo‘lganligi g‘oyasi inkor qilinadi. Fan dinni madaniyatning tarkibiy qismi sifatida ilmiy uslublarga tayanib o‘rganadi. Dinni ilmiy o‘rganish dalillarga asoslanadi. Dinshunoslik bu dalillarni tabiiy va ijtimoiy fanlardan oladi.
Tarixiy manbalarga ko‘ra insoniyat hozirgi holatga ega bo‘lishi uchun bir necha million yillik tadrijiy rivojlanish davrlaridan o‘tgan. Bu jarayon bir qator bosqichlarga bo‘linadi. Miloddan avvalgi 40–35-ming yilliklarda «Xomo xabilis» (ishbilarmon odam) o‘rnini «Xomo sapiyens» (ongli odam) egallagan. «Xomo sapiyens»ning dastlabki vakili «kromanyon odam» ajdodlaridan jismoniy tuzilishi, fiziologik va ruhiy imkoniyatlari bilan keskin farq qilgan. Shu davrdan boshlab madaniyatning muhim elementlari til orqali muloqot qilish, qon-qardoshlik aloqalari, o‘zaro munosabatlarni axloq normalari asosida tartibga solish singari madaniyat elementlari vujudga kelgan.
Bizgacha yetib kelgan arxeologik manbalarning tasdiqlashicha, yuqori paleolit davridan boshlab odamlar vafot etgan urug‘doshlarini ko‘mish marosimini amalga oshirganlar. Marhumlarning tanasiga rangli bo‘yoq
surtilgan, qabriga ov va mehnat qurollari, maishiy buyumlar qo‘yilgan. Qoya va g‘orlarda chizilgan sujetlarda odamlar yarim odam va yarim hayvon qiyofasida tasvirlangan. Ushbu ma’lumotlar ham o‘sha vaqtda dinning paydo bo‘lganligini ko‘rsatadi.
Dinning vujudga kelish sabablarini ilmiy o‘rganish qadimgi davrlardan boshlangan. Dastlabki ilmiy qarashlar Qadimgi Sharq va Qadimgi O‘rta Yer dengizi sivilizatsiyalarida namoyon bo‘lgan. O‘rta Yer dengizi havzasida vujudga kelgan Qadimgi Grek va Rim sivilizatsiyalarida dinning vujudga kelishini ilmiy o‘rganishda katta yutuqlar qo‘lga kiritilgan. Qadimgi grek mutafakkirlari bunga munosabat masalasida ikki oqimga bo‘linadi. Birinchi oqim tarafdorlari odamlarning xudoga e’tiqod qilishi sabablarini ruhiy (ideal) kuchlarning obyektiv mavjudligi bilan bog‘lab tushuntirganlar; ikkinchi oqim tarafdorlari esa dinning vujudga kelishini tabiiy va ijtimoiy sabablarini axtarib topishga harakat qilganlar. Ularning fikrlariga ko‘ra, din o‘z-o‘zidan
(immanent) vujudga kelmagan, balki u odamlarni qo‘rqitish va jamiyat qonunlarini bajarishga majbur qilish uchun o‘ylab topilgan. Qadimgi grek mutafakkirlaridan biri bo‘lgan Demokrit dinni odamlarning tabiatdagi
dahshatli kuchlardan qo‘rqishlari va ular oldidagi ojizliklar sababli vujudga kelgan deb hisoblagan. Albatta, buni inkor etib bo‘lmaydi, lekin xudoga munosabatda odamlarda ko‘proq qo‘rqinch hissi emas, balki mehr-muhabbat tuyg‘usi ustuvorlik qiladi. Bundan tashqari, qo‘rqinch hissining odamda nafratni vujudga keltirishini ham unutmaslik kerak.
Antik davr hurfikrligi dinning vujudga kelishi sabablarini moddiy borliq bilan uzviy bog‘lab tushuntirishda erishgan yutuqlari ilmiy dinshunoslikning vujudga kelishida katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
O‘rta asrlarda ijtimoiy va siyosiy shart-sharoitlar ta’sirida dinning iqtisodiy, siyosiy va madaniy hayotdagi o‘rni va mavqei yanada ortdi. Cherkov va ruhoniylar dunyoviy hokimiyatga da’vogarlik qilish bilan birga hurfikrlikning har qanday ko‘rinishlariga qarshi keskin kurashdilar. Mutafakkirlarning haqiqatni izlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarida diniy dogmalar doirasidan chetga chiqishga yo‘l qo‘yilmadi.
Yevropada Uyg‘onish davriga kelib, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayotda amalga oshirilgan o‘zgarishlar (kapitalistik munosabatlarning vujudga kelishi va rivojlanishi, fan va san’atning yuksalishi, gumanizm va reformatsiya harakatlari) natijasida hurfikrlilik asta-sekin qayta tiklana boshlagan. Ingliz mutafakkiri Tomas Gobbs (1588–1679 yillar) dinning vujudga kelishi sabablarini odamlarning tabiat va jamiyat rivojlanishi qonuniyatlarini bilmasligi, ular oldidagi ojizligi, doimo tahlika va qo‘rquvda yashashlari bilan bog‘lab tushuntirgan. Niderlandiyalik mutafakkir B. Spinoza esa (1632–1677 yillar) T. Gobbsning g‘oyalarini rivojlantirgan. U o‘z kuchiga ishonmaslik, umid va qo‘rquv o‘rtasida doimiy ikkilanish odamlarga xos deb hisoblagan va diniy e’tiqodning ular ta’sirida vujudga kelgani to‘g‘risidagi g‘oyani ishlab chiqqan.
XVIII asrda feodal tuzum inqirozi sababli burjua revolutsiyalarining yangi kuch bilan Yevropada yoyilishi mutafakkirlarning dinga munosabatida o‘ta keskin namoyon bo‘lgan. Din – feodal tuzumning inqirozi sababchisi va ijtimoiy taraqqiyotga to‘sqinlik qiluvchi kuch, degan kayfiyat ustuvorlik qilgan. Bunday fikr ayniqsa fransuz ma’rifatparvarlarining qarashlarida keskin namoyon bo‘lgan. Ma’rifatparvar P. Golbax (1723–1789) dinni kishining xayolida vujudga kelgan safsata deb baholagan. F. Volter (1694–1778) diniy e’tiqod va cherkov an’analarini tanqid qilib, agar din bo‘lmaganida uni o‘ylab topish kerak edi, deb P. Golbaxning fikrini qo‘llab-quvvatlagan. Ma’rifatparvar P. S. Mareshal (1750–1803) dinni tanqid qilishda yanada keskin fikr
bildirgan va din inson uchun afyundir degan xulosaga kelgan.
Ma’rifatparvar mutafakkirlarning din vujudga kelishi sabablarini o‘rganishda aytgan mulohazalarini amaliyotdan yiroq deb bo‘lmaydi. Lekin ularning muammoni o‘rganishdagi ilmiy-obyektiv yondashuvlari buzilganligi shubhasizdir, chunki dinni quruq safsatadan iborat voqelik yoki inson uchun afyun deb baholash uning ijtimoiy hayotdagi ahamiyatini to‘liq inkor etishdan boshqa hech narsa emas. Ayni damda ma’rifatparvarlarning, o‘ta keskin bo‘lsa-da, dinning vujudga kelishini ijtimoiy hayot bilan bog‘lab tushuntirishga urinishlari antik davr hurfikrligining qayta tiklanishi va jamiyatda mustahkam o‘rniga ega bo‘lishiga sharoit yaratganini qayd etish lozim.
XIX asrda dinning mohiyati va vujudga kelishi sabablarini kompleks o‘rganish boshlagan. Ilmiy dinshunoslik maktablari, yo‘nalishlari va ta’limotlari paydo bo‘lgan. Birinchilar qatorida V. Grimm, M. Myuller kabi shaxslar rahbarligida mifologik maktab vujudga kelgan. Ushbu maktab vakillari diniy e’tiqodlarni qadimgi munajjimlar bajarganlar va afsonalarda ta’riflangan marosimlarni o‘rganishdan paydo bo‘lgan deb hisoblaganlar. Ammo maktab vakillari rivojlangan diniy tizimlarni tahlil qilishda aniq xulosalar bermaganlar. Dinning paydo bo‘lishini o‘rganishda o‘sha davrda antropologik maktabning vujudga kelishi muhim bo‘ldi. Ushbu maktabning vakillaridan biri L. Feyerbax (1806–1880) dinni tushuntirishda uning yerdagi manbalari va ildizlarini izlab topishga harakat qilgan. Odamlar din timsolida o‘zlarining tasavvurlari orqali vujudga keltirilgan obrazlarga sog‘inadi deb diniy qarashlar va hissiyotlar kishilarda tug‘ma mavjudligi
to‘g‘risidagi ilohiyot g‘oyasini tanqid qilgan. Uning vujudga kelishi sabablarini odamlarning ruhiy fiziologik xususiyatlariva qurshab turgan tabiatdan axtarib topishga harakat qilgan. Mutafakkir diniy e’tiqodning vujudga kelishida salbiy his-tuyg‘ular, ya’ni qo‘rqish, qayg‘u-iztirob kabilar bilan birga shodlik, mehr-oqibat, sevgi, minnatdorlik singari ijobiy his-tuyg‘ular ham ishtirok etishini qayd etgan.
XIX asrning o‘rtalarida vujudga kelgan marksizm dinni o‘rganishda o‘zgacha yondashuvga asoslanadi. Unda ijtimoiy shart-sharoitlar va jamiyat rivojlanishi darajasiga alohida e’tibor beriladi. Marksizm ta’limotiga binoan, individ shaxs sifatida tarixiy shart-sharoitlar ta’sirida shakllanadi. Shu bois diniy tasavvurlar inson ongida emas, balki tarixiy jarayonlar ta’sirida paydo bo‘ladi. Din turlarining rivojlanishi ham o‘z o‘zidan yuz bermaydi. Ular ijtimoiy shart-sharoitlarning pishib yetilishi va jamiyatning rivojlanishi ta’sirida o‘zgarib boradi.
Marksizm dinning ijtimoiy hayotdagi o‘rni va ahamiyati masalasida dinni hukmron sinflarning afkor xalq ommasini ezish vositasi, ijtimoiy taraqqiyotga qarshi kuch hamda ma’naviy zulm shakli deb baholagan.
XX asrda dinning vujudga kelishi sabablarini antropologik yondashuvidagidek ibtidoiy odamning abstrakt tafakkuri mahsuli, ongning mantiq qoidalariga zid kelishi natijasi sifatida baholash va marksizmdagi
hukmron sinflarning afkor xalq ommasini ezish vositasi, ijtimoiy taraqqiyotga to‘sqinlik qiluvchi kuch kabilar bilan bog‘lab tushuntirishdan farq qiluvchi g‘oyalar vujudga kelgan.
XIX asrning oxiri – XX asrning boshlarida dinni sotsiologik o‘rganishda katta yutuqlar qo‘lga kiritilgan. Bu sohada nemis mutafakkiri M. Veber (1864–1920) va fransuz mutafakkiri E. Dyurkgeymlarning (1858–1917) xizmatlari katta bo‘lgan.
M. Veberning fikriga ko‘ra, sotsiologiyani dinning manbalari va metafizik mohiyati masalasi emas, balki uning mavjudligi, shart-sharoitlari qiziqtiradi. Sotsiologiya esa diniy g‘oyalar va tasavvurlarning kishilar xatti-harakatlari va ijtimoiy hayotga ta’siri kabi masalalarni o‘rganishi kerak.
M. Veber sotsiologiya predmetini dinning sotsial funksiyasidan kelib chiqqan holda belgilagan. Dinni individ va jamiyatning ahamiyati, simvollari va qadriyatlarini belgilovchi madaniy tizim, ijtimoiy institut deb
hisoblagan.
Din qadriyatlarning birlamchi asosidir. Zero, din kishi harakatiga ma’no va mazmun baxsh etuvchi eng muhim usul sifatida uning maqsadini belgilaydi. Din vositasida dunyo manzarasi ishlab chiqiladi, unda amal qiladigan qadriyatlar va normalar tizimi hosil qilinadi. Bu esa hayot uchun nimalar ahamiyatli yoki ahamiyatsiz ekanligini aniqlovchi vosita vazifasini bajaradi.
E. Dyurkgeym dinni o‘rganishda M. Veberga nisbatan tamoman boshqacha yondashadi. U dinni o‘rganishda sotsiologik tadqiqotlarning umumiy prinsiplariga tayanadi. Uningfikriga ko‘ra, sotsial ma’lumotlarning manbai tafakkurda yoki alohida olingan kishilarning xattiharakatlarida emas, balki jamiyatdadir. Sotsial voqelik hosil bo‘lishi uchun kamida bir necha kishi birlashib harakat qilishi va bu jarayon yangi natijani vujudga keltirishi kerak. Mazkur jarayonlarning natijasi individ ongidan tashqarida yuzaga kelganligi sababli, individual tafakkurlar uchun xatti-harakatlar, qadriyatlar va normalar namunasi vujudga keladi va mustahkamlanadi. Natija ijodiy jarayonda ishtirok etayotgan individ uchun obyektiv voqelikka aylanadi. Din ijtimoiy voqelik bo‘lib, unda boshqa ijtimoiy institutlarni o‘rganishdagi uslublar va baholash mezonlaridan ham foydalanish mumkin.
Din muayyan ijtimoiy ehtiyojlarni ta’minlash maqsadida yuzaga kelgan ijtimoiy institutdir. Uning manbai odamlarning ijtimoiy hayotidan kelib chiqadi. Din orqali jamiyat o‘zini ilohiylashtiradi. Uning mavjudligi va mohiyati ijtimoiy his-tuyg‘ularni muqaddaslashtirishga, jamiyatning shaxsga ta’sirini mustahkamlashga xizmat qilishdan iborat bo‘ladi.
Dinni sotsiologik o‘rganish uni ijtimoiy voqelik sifatida yondashuvga asoslanadi. Lekin din nafaqat sotsiologik, balki ruhiy voqelik ham hisoblanadi. Din psixologiyasi vakillari uni o‘rganishda ushbu jihatlariga alohida e’tibor beradilar. Ular dinning vujudga kelishi sabablarini odamni o‘rab turgan tashqi dunyodan emas, balki insonning o‘zida, ichki borlig‘i va hissiy-irodaviy kechinmalarida deb hisoblaydilar.
Din psixologiyasini o‘rganishda Z. Freydning (1856-1939) xizmatlari katta bo‘lgan. Z. Freyd dinni inson faoliyatining mahsuli deb hisoblagan. U dinning kishi tabiatga qaramligi sababli vujudga kelganligini qayd etgan holda bilishning irratsional (lotinchada – mantiqsizlik, tafakkurga zid qarashlar degan ma’nolarni anglatadi) mexanizmlarini hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligi alohida ta’kidlagan.
Z. Freydning ta’limotiga ko‘ra, inson psixikasi uch darajaning o‘zaro hamkorligidan hosil bo‘ladi: ongsizlik, ong oldi va onglilik darajalari. Bularning ichida ongsizlik darajasi psixikada katta ahamiyatga ega. Inson psixikasining bu darajasida tabiiy instinktlar va «birlamchi mayllar» ustuvorlik qiladi. Z. Freyd asosiy mayllar qatorida jinsiy mayllarni ustun qo‘ygan. Individning ongsizlik bilan bog‘liq mayllari jamiyat uchun katta xavf-xatar tug‘diradi. Jamiyat o‘zini kishi mayllaridan himoya qilishi uchun ijtimoiy normalar va boshqa madaniyat elementlaridan iborat ustqurma mexanizmlarni vujudga keltirgan. O‘ta kuchli tabiiy ehtiyojlarni
ijtimoiy normalar bilan tiyib turish din yordamida mustahkamlanadi. Z. Freydning fikriga ko‘ra, tabiiy mayllarning tiyilishi individ psixikasida nevroz holatini vujudga keltiradi. Din ham jamoa nevrozining bir turidir. Lekin din jamoa nevrozi sifatida kishini individual iztiroblardan saqlaydi, individual nevrozning rivojlanishini to‘xtatadi va fojiali oqibatlarga olib kelishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Yuqorida qayd etilgan fikrlardan kelib chiqib, dinni vujudga kelishi sabablarini uning alohida xususiyatlarini o‘rganish bilan to‘liq tushuntirib bo‘lmasligiga amin bo‘lamiz. Masalaga bunday yondashuv dinni kompleks o‘rganishni taqozo etadi. Zero, kompleks o‘rganish uning jamiyatda takror ishlab chiqarishga sabab bo‘ladigan ildizlarini aniqlashga yordam beradi.
Dinning vujudga kelishi, avloddan-avlodga o‘tib borishi va rivojlanishi uchun shart-sharoitlarni shakllantiruvchi omillar uning ildizlari deb ataladi. Dinning ildizlari uch qisimga bo‘linadi. Ularning har biri dinni o‘rganishda juda muhim. Bu qisimlar birgalikda dinning vujudga kelishi uchun shart-sharoit yaratadi. Ular quyidagilardan iborat:
1) dinning ijtimoiy ildizi kundalik hayotda kishilarning turmushini belgilovchi moddiy va ma’naviy munosabatlar tizimidan iborat. Dinning ijtimoiy ildizida moddiy sharoitlar ustuvor. Siyosiy ustqurma institutlari dinga ikkilamchi ta’sir etadi.
Dinning ijtimoiy ildizini tashkil etuvchi jabhalardan biri ijtimoiy hayotni stixiyali qonuniyatlar asosida rivojlanishidir. Undagi boshqarib bo‘lmaydigan jarayonlar jamiyatda iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy inqirozlarni, urushlarni, kasalliklarni keltirib chiqaradi. Tabiiyki, individ ularning vayron qiluvchi ta’sirlaridan o‘zini himoya qilishga intiladi va oqibatda g‘ayritabiiy kuchlardan najot so‘rab murojaat qilishga majbur
bo‘ladi.
2) dinning gnoseologik (grekcha gnosis– bilish, logos– ta’limot degan ma’nolarni anglatadi) ildizi kishining bilish faoliyati jarayonida diniy e’tiqodi vujudga kelishiga imkoniyat yaratadigan sharoitlardir.
Tabiat va jamiyatni bilish dialektik jarayon. Tajribasizlik, subyektivlik, narsa va hodisalarni absolutlashtirish voqelikning noto‘g‘ri idrok etilishiga olib keladi. Bundan tashqari, diniy g‘oyalarning paydo bo‘lishi borliqni
hissiy idrok etishdan boshlanadi va u ratsional bilish bosqichida ahamiyatini saqlab qoladi.
Dinning gnoseologik ildiziga aloqador va barcha tarixiy davrlarda takrorlanib turadigan xususiyatlar quyidagilardan iborat:
a) bilishning subyektiv jihatlarini absolutlashtirish (lotinchada – voqelik bilan bog‘lanmagan narsa, nisbatsizlik, so‘zsiz degan ma’nolarni anglatadi), ya’ni bo‘rttirib ko‘rsatish;
b) abstrakt (lotincha abstratio– diqqatni chetga tortish degan ma’noni anglatadi), ya’ni tafakkur;
v) tafakkurning umumlashtirish qobiliyati.
3) dinning ruhiy ildizi. Dinning vujudga kelishida kishining bilish faoliyatiga bog‘liq jarayonlar bilan birga uning hissiyoti, kayfiyati va kechinmalari ham ishtirok etadi. Diniy tasavvurlar dastlab kishilarning histuyg‘ulari orqali vujudga keladi.
Dinning ruhiy ildizi individual va ijtimoiy ruhiyatlarga bo‘linadi. Individual ruhiyatga shaxsiy iztirob, g‘am-tashvish, o‘limdan qo‘rqish, yolg‘izlik, muhabbat, mehr-shafqat, minnatdorlik singari ijobiy va salbiy kechinmalarni misol keltirish mumkin.
Ijtimoiy ruhiyatga guruhlar va jamiyatlarga xos voqeliklar – ijtimoiy fikr, ommaviy qo‘rqish hissi, taqlid, an’ana va urf-odat kabilarni misol keltirish mumkin. Dinning ruhiy ildizlari deganda diniy g‘oyalarni qayta ishlab chiqarilishi va o‘zlashtirilishiga qulay shart-sharoitlar yaratadigan jamiyatlar, guruhlar va individlarning ruhiy holati, jarayonlari va mexanizmlari tushuniladi.
Ruhiy kechinmalar insonga xos xususiyatdir. Ularsiz inson yashay olmaydi. Odam o‘zining ijobiy va salbiy his-tuyg‘ularini boshqarishga harakat qiladi, lekin ruhiyat turli obyektiv va subyektiv shart-sharoitlarga
bog‘liqligi, murakkabligi sababli ularni barqarorlashtiradigan kuchga ehtiyoj sezadi. Din ana shunday kuch vazifasini bajarishi mumkin.
Dostları ilə paylaş: |