II. MAGISTRLIK DISSERTATSIYASINING DASTLABKI VA RASMIY HIMOYASI O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarida magistrlar tayyorlashni tashkil etish “Magistratura to‘g‘risidagi Nizom”ning 1-ilovasida keltirilgan sxemaning VIII bosqichida magistrlik dissertatsiyasining dastlabki va rasmiy himoyasi (jadval asosida bosqichma-bosqich amalga oshirilishi) qat’iy belgilangan.
2.1. Magistrlik dissertatsiyasining dastlabki himoyasi Magistrlik dissertatsiyasining dastlabki himoyasi ilmiy rahbar (ilmiy maslahatchi) ishtirokida kafedrada shakllantirilgan komissiya oldida amalga oshiriladi. Magistrlik dissertasiyasining dastlabki himoyasiga boshqa kafedralardan, shuningdek, kadrlar iste’molchilari bo‘lgan tashkilotlardan mutaxassislar taklif etilishi mumkin.
Dastlabki himoyaga qadar magistratura talabasi ichki va tashqi taqrizlar hamda ilmiy rahbar xulosasini olishi, shuningdek, magistrlik dissertatsiyasi mavzusiga doir ma’lumotlar yoritilgan kamida 2 (ikki) va undan ko‘p ilmiy maqola yoki tezisni chop etgan bo‘lishi kerak.
Magistrlik dissertatsiyasining dastlabki himoyasi bosqichma-bosqich (masalan boblar kesimida) magistratura talabasining kalendar ish rejasiga muvofiq belgilangan muddatlarda o‘tkazilishi maqsadga muvofiqdir. Magistrlik dissertatsiyasining dastlabki himoyasi yakunida “rasmiy himoyaga tavsiya etildi” yoki “rasmiy himoyaga tavsiya etilmadi” tarzidagi yakuniy xulosa kafedra yig‘ilishi bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi.
Magistrlik dissertatsiyasi himoyasi oldidan taqdim etiladigan hujjatlar (9-ilova) talab darajasida rasmiylashtirilganligini tegishli mutaxassislik kafedrasi muxokama etadi va maxsus jildda YAkuniy Davlat attestatsiya komissiyasiga taqdim etilishini ta’minlaydi.
2.2. Magistrlik dissertatsiyasining rasmiy himoyasi Magistrlik dissertatsiyasini rasmiy himoya qilish kuni oliy ta’lim muassasasi rektorining buyrug‘i bilan tasdiqlangan jadval asosida belgilanadi. Magistrlik dissertatsiyasining rasmiy himoyasi institutda shakllantirilgan Yakuniy Davlat attestatsiya komissiyasi (keyingi o‘rinlarda komissiya deb ataladi) tomonidan o‘tkaziladi.
Magistrlik dissertatsiyasining rasmiy himoyasi taqdimot materiallari bilan bayon etilishi 30 daqiqadan oshmasligi lozim.
Magistrlik dissertatsiyasining rasmiy himoyasida YAkuniy Davlat attestatsiyasi komissiyasi a’zolari magistratura talabasini quyidagi mezonlar asosida baholaydi:
magistrlik dissertatsiyasi tadqiqot mavzusining dolzarbligini va uning amaliyot bilan bog‘liqligini ko‘rsatib bera olishi;
magistratura talabasining tadqiqotga va vazifalarni hal etishga mustaqil yondashuvi;
foydalanilgan ilmiy adabiyotlar, ilmiy nashrlar, me’yoriyhuquqiy hujjatlar, statistik ma’lumotlar, shuningdek, xorijiy adabiyotlarning tanqidiy tahlili to‘liqligi va chuqurligi;
tadqiqot usullari amaliyotda qo‘llanilishining asoslanganligi;
olingan natijalar asosida ishlab chiqilgan tavsiyalarning amaliy ahamiyati;
magistratura talabasining magistrlik dissertatsiyasi doirasida o‘tkazilgan tadqiqotlar va olingan natijalarni rivojlantirish istiqbollarini ko‘ra bilish qobiliyati;
magistrlik dissertatsiyasining nazariy va amaliy qismlaridagi o‘zaro mantiqiy bog‘liqlikni kuzata bilish malakasi.
Magistrlik dissertatsiyasiga “qoniqarsiz” baho qo‘yilganda yoki u rasmiy himoyaga qo‘yilmagan taqdirda magistratura talabasi
keyingi 3 (uch) yil davomida uni qayta himoya qilish huquqiga ega.
Magistrlik dissertatsiyalari rasmiy himoyasi natijalari oliy ta’lim muassasasi kengashida muhokama etiladi.
Himoya qilingan magistrlik dissertatsiyalari oliy ta’lim muassasasida 3 (uch) yil davomida saqlanadi.