O’UM tarkibi
|
Betlar
|
I.
|
O’QUV MATERIALLARI
|
|
I.1.
|
Ma’ruza mashg’ulotlari materiallari
|
|
I.2.
|
Seminar mashg’ulotlari materiallari
|
|
II.
|
MUSTAQIL TA‘LIM MAVZULAR
|
|
III.
|
GLOSSARIY
|
|
IV.
|
ILOVALAR
|
|
4.1.
|
Fan dasturi
|
|
4.2.
|
Ishchi dastur
|
|
4.3.
|
Tarqatma materiallar
|
|
4.4.
|
Testlar
|
|
4.5.
|
Baholash mezonlari
|
|
4.6.
|
Boshqa materiallar
|
|
I. O’quv materiallari
I MAVZU. Ilmiy tadqiqot metodologiyasi fanining predmeti.fan – ijtimoiy madaniy hodisa ekanligi.
Reja:
1. Ilmiy tadqiqot metodologiyasi fanining predmeti.
2. Ilmiy tadqiqot metodologiyasi fanining maqsadi va vazifalari.
Bakalavriatni bitirib magistraturaga o‘qishga kirgan magistrantlar «Katta fan» deb atalgan dargohga ilk qadam qo‘yadilar. Xo‘sh, bu qanday dargoh? Fan nima? Undagi muammolar va bilimlarni o‘rganish tarzi ta’lim tizimining quyi bosqichlarida mavjud bo‘lgan ilmlarni o‘zlashtirish shakllaridan nima bilan farq qiladi? Mazkur savollarni ko‘rib chiqishdan maqsad fan va ilmiy tadqiqot to‘g‘risida konkret tasavvur hosil qilishdir.
Ma’lumki, fan sohasida endigina faoliyat ko‘rsatayotgan yosh mutaxassis yetarli darajada bilimlar majmuiga ega bo‘lishi kerak. Bunday majmuani tashkil qilgan bilimlar banki quyi ta’lim bosqichlarida yaratildi.
Xususan, maktab va kollejlarda o‘quvchilar tabiat, jamiyat va inson olami, atrofdagi turli hodisalar va qonuniyatlar haqida ilmiylik hislatiga ega bo‘lgan dastlabki tayanch tushuncha va tasavvurlarni o‘zlashtirib oladilar.
Bakalavriat bosqichida talaba tanlab olgan fan yo‘nalishiga doir asosiy tushunchalar, g‘oyalar va tamoyillarni o‘rganib oladi, uning ongida nazariya va ular birligini namoyon etgan tizimli bilim shakllanadi. Bunday bilim nisbatan sodda struktura va xossalarga ega bo‘lgan tuzilmalarni o‘rganish va tushunish, hayotimizga kirib kelayotgan yangi buyumlar, texnik vosita va moslamalardan foydalanish imkoniyatini beradi.
Shu bilan birga o‘quvchi ham, bakalavr ham oldin yaratilgan va darsliklarga kiritilgan tayyor bilimlar bilan ishlaydi, o‘qish jarayonida elementar uslubiy qoida va tamoyillarga tayanib u predmetga (fanga) oid savollar ustida mulohaza yuritadi.
Magistratura ta’lim tizimida «nima», «nima uchun», «qanday qilib» kabi faktual, nazariy va amaliy-texnologik masalalar ilmiy muammoga aylanadi. Buning ma’nosi shuki, endi izlanishda u yoki bu hodisa qanday sharoitda, nima sabablarga ko‘ra sodir bo‘ladi, belgilovchi xossalar qanday qiymatlarga ega, olingan natijani texnologiyada tatbiq qilish istiqboli bormi, kabi murakkab nazariy va amaliy muammolar bilan shug‘ullanishga to‘g‘ri keladi. Mana shunday muammolar ustida ishlash fan sohasida amalga oshadi.
Agar maktab, kollejda ta’limning bakalavriat bosqichida talabalar oldin ishlab chiqilgan va tayyor shaklga keltirilgan ilmni o‘zlashtirsalar, magistraturada hal etilmagan, ya’ni hodisa yoki qonuniyatni ochish, texnologik tuzilma loyihasini ishlab chiqish imkoniyatini beradigan muammolar o‘rganiladi.
To‘g‘ri, o‘quvchi yoki bakalavr olimpiada va to‘garaklarda qatnashish, hamda o‘z ustida muntazam ishlash davomida intellektual salohiyati va ijodiy qobiliyatini o‘stirishi mumkin. Lekin, bu holat yuqorida bildirilgan mulohazani rad etmaydi, aksincha, fan dargohiga qadam qo‘ygan olimpiada sovrindori yoki stipendiant kelajakda iqtidorli tadqiqotchilar safini to‘ldiradi.
Fan xususida mulohaza yuritadigan bo‘lsak, birinchi ko‘zga tashlanadigan narsa, bu uning jamoaviy hislatidir. Fanda tadqiqotchilar jamoasi faoliyat ko‘rsatadi. Bunday jamoada turli vazifalarni (eksperimentni tayyorlash va va o‘tkazish, ma’lumotlarni to‘plash va qayta ishlash, natijalarni umumlashtirish va h.k.) bajarishda namoyon bo‘ladigan mehnat taqsimoti mavjud. Ilmiy jamoani faoliyati bir qator huquqiy, ijtimoiy, malakaviy va ma’naviy qonun-qoidalar asosida tartibga solinadi. Shularni hisobga olib fan tushunchasini quyidagicha ta’riflash mumkin: fan-tadqiqotchilar faoliyatini tashkillashtiradigan, yangi ilmiy bilimlar ishlab chiqaradigan, olingan natijalarni amaliyot va texnologiyaga joriy qiladigan ijtimoiy institutdir (muassasasidir).
Fan o‘zagini yangi bilimlar ishlab chiqarishga qodir bo‘lgan tadqiqotchilar tashkil qiladi. Tadqiqotchilar maxsus til, eksperiment va ilmiy usullardan foydalanish jarayonida innovatsiyaga olib keladigan yangi natijalarni qo‘lga kiritadilar, kashf qiladilar, voqelikdagi narsa va hodisalarni tushuntirib beradigan ta’limotlar, g‘oyalar va nazariyalarni ishlab chiqaradilar, hosil bo‘lgan bilimlarni texnologik loyiha va modellar ko‘rinishida amaliyotga tadbiq qiladilar.
Fanning muhim tomonini ilmiy axborot ishlab chiqish va iste’mol qilish, tadqiqot vositalari va usullarini yaratish, olingan natijalarni turli darajadagi anjumanlarda muhokama qilish tashkil qiladi. Fanning strukturasi va asosiy hislatlari 1-rasmda ifodalangan.
Shunday qilib, fan ko‘p strukturali ijtimoiy institut bo‘lib, unda jamiyat uchun zarur bo‘lgan yangi bilimlar ishlab chiqariladi, olim va mutaxassislar faoliyati tashkil qilinadi, ilmiy axborot ishlab chiqiladi va iste’mol qilinadi, maxsus fan tili, tadqiqot vositalari va usullari yaratiladi, dolzarb ilmiy va amaliy-texnologik muammolar muhokama qilinadigan anjumanlar muntazam tashkil qilinadi.
Fan o‘zining ijtimoiy vazifalarini bajarish, shu orqali jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishi uchun ma’lum strukturaga ega bo‘lishi, uning strukturasiga kirgan tuzilmalar samarali faoliyat ko‘rsatishlari kerak. Shunday strukturalar qatoriga ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash tizimlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari, ilmiy-texnik ta’minot bo‘limlari, ilmiy axborot kommunikatsiyalari va boshqalar kiradi.
Shu bilan birga, yana bir muhim omilni inobatga olishimiz zarur. Ya’ni, fan ma’lum ijtimoiy muhitda rivojlanadi. Bu yerda birinchi navbatda davlatni fanga nisbatan olib borayotgan siyosati, yaratilayotgan sharoitlar, moddiy va ma’naviy ta’minot darajasi ko‘zda tutilmoqda. Mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy islohatlar amalga oshirilayotgan sharoitida Respublika Prezidenti, davlat organlari tomonidan fanning tashkiliy strukturasi, oliy malakali ilmiy kadrlar tayyorlash tizimi qanchalik zamon talabiga javob berishiga qarab ularni takomillashtirishga qaratilgan farmonlar va qarorlar qabul qilinmoqda . Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 24 iyunda e’lon qilingan «Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmoni mamlakatimizda fan va ilmiy-texnikaviy rivojlanishni yangi bosqichga ko‘tarishdagi roli va ahamiyati beqiyos ekanligini ta’kidlamoqchimiz.
Fanning tashkiliy strukturasini shakllanishida ichki omillar va jarayonlar katta rol o‘ynaydi. Uning strukturasida ilmiy intellektual faoliyat sohasidagi mehnat taqsimoti o‘z ifodasini topadi. Xususan, bir sohada amaliy- loyihaviy va texnologik muammolar birinchi o‘rinda turadi. Shunga muvofiq ilmiy-amaliy va texnologiyaga oid izlanishlar loyihaviy tadqiqot institutlarida, yirik korxonalar tasarrufida bo‘lib laboratoriyalarda amalga oshiriladi. Fanlar Akademiyasi va universitetlarda ko‘proq fundamental nazariy tadqiqotlar olib boriladi. Bunday tarmoqlanish va sohaviy ixtisoslanish ilmiy tadqiqotlar samaradorligini keskin oshirish imkoniyatini beradi.
Fanning tashkiliy strukturasiga tarixan yondashsa, unda Platon akademiyasi, Aristotel litseoni, Aleksandriya shahridagi Muzeon (mill.avval. III asrda asos solingan), Ma’mun akademiyasi, Mirzo Ulug‘bek akademiyasi, XVII asrdan boshlab Yevropada vujudga kelgan akademiyalar va universitetlardagi bo‘limlar, laboratoriyalarni qayd qilish mumkin.
Aytib o‘tganimizdek, fanning tashkiliy strukturasi bilan olib borilayotgan tadqiqotlarning shakli va turlari o‘rtasida aloqadorlik mavjud. Oliy o‘quv yurtlarda tadqiqot yo‘nalishi va mavzularni tanlash, izlanishlarni olib borish, olingan natijalarni birlamchi baholash kafedralarda, ularga qarashli laboratoriyada amalga oshiriladi. Sohaviy fundamental va maqsadli kompleks ilmiy tadqiqotlar Fanlar akademiyasi, ilmiy-tadqiqot institutlarda olib boriladi. Yirik korporatsiya va firmalar qoshida mavjud bo‘lgan ilmiy-texnik bo‘limlarda asosan eksperimental – texnologik izlanishlar amalga oshiriladi. Shunga ko‘ra, fanning tashkiliy strukturasi quyidagi institutsional tuzilmalarda o‘ziga xos tarzda mujassamlangan:
1. Fanlar akademiyasi, undagi institutlar, bo‘limlar va sektorlar;
2. Universitet fani;
3. Ilmiy-tadqiqot institutlari;
4. Yirik korxona va firmalarda mavjud bo‘lgan ilmiy-texnik bo‘limlar, laboratoriyalar;
5. Tarmoqlararo ilmiy-ishlab chiqarish birlashmalari, korxonalari.
Shunday qilib, hozirgi zamon fan ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil qiladigan, ichki mehnat taqsimotiga ega bo‘lgan, buyurtma, moliyaviy ta’minot va grantlardan foydalanib bilimlar, loyihalar va texnologik tuzilmalarni ishlab chiqaradigan, o‘z-o‘zini boshqarish va mehnatni tashkil qilish qonun-qoidalarga ega bo‘lgan ijtimoiy institutdir.
Ilmiy tadqiqotning sifati va natijasi izlanishda qo‘llaniladigan vosita va usullarga bog‘liq. Shu bois, fanda tadqiqot vositalari, texnologiyasi va usullariga e’tibor har doim katta bo‘lgan.
O‘rganilayotgan ob’ekt qanchalik murakkab bo‘lsa, uning xossalari va qonuniyatlarini ochish uchun qanday vosita, asos yoki usulni ishlatish masalasi dastlab hal qilinishi kerak bo‘lgan metodologik muammoga aylanadi. Mazkur muammo xususida mulohaza yuritish metodologiyani, ya’ni, metodologik bilim darajasini (qatlamini) tashkil qiladi.
Usul qanday hosil bo‘ladi? Usul biron-bir aniqlangan qonuniyatni tadqiqot tamoyiliga aylanishidan, bir hodisaning qiymati, xossasi yoki doimiyligini (masalan, Plank doimiyligi) boshqa ob’ektni o‘rganishga nisbatan qo‘llashdan, tafakkurning tahlil qilish va umumlashtirish hislatini mantiqiy qoida sifatida foydalanishdan kelib chiqadi.
Tadqiqot yo‘li, vositasi va usul masalalarini qo‘yish va hal qilish ishlab chiqiladigan va qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan yondashuv va usulni samaradorligini aniqlash imkoniyatini beradi. Busiz fanda aniq va asoslangan natijaga erishib bo‘lmaydi.
Metodologik fikrlash va uslubiy aniqlik bo‘lmasa, bunday holda izlanishda behuda, xaotik, samarasiz xatti-harakatlar ulushi ko‘payadi. Shu bois, fanga jiddiy, aniq maqsad bilan qadam quygan kishi tadqiqot olib borish shakllari, vositalari, yo‘llari va metodlari haqida mumkin qadar aniq tasavvurga ega bo‘lishi, tadqiqot usulini ishlab chiqishi yoki tashkil qilishi, undan oqilona foydalana bilishi lozim. Faqat shundagina tadqiqotchilik faoliyati izchil, oqilonalik, tejamkorlik va samarali bo‘lish hislatlariga ega bo‘ladi, izlanish esa kashfiyot yoki ixtiro bilan yakunlanadi.
Tadqiqot olib birish qoida va usullarini bilish fanda samarali ijod qilish imkoniyatini beradi. Murakkab ilmiy muammolar bilan shug‘ullanishga kirishgan yosh kuchlarda tadqiqotchilik malakasi hali yetarli bo‘lmaydi. Shu bois, ilmiy tadqiqot metodologiyasida ishlab chiqilgan qoidalar, tamoyillar va uslubiy tavsiyalarni o‘rganish ilmiy muammoni to‘g‘ri qo‘yish, uni hal qilishga qaratilgan yondashuv va variantlarni oqilona tanlash yo‘llarini ko‘rsatadi. Shu holatdan kelib chiqib, mazkur fan maqsadini quyidagicha belgilash mumkin:
- ilmiy ijod qilish, yangi bilimga erishish yo‘llari va usullari;
- ilmiy axborotni izlash va qayta ishlash;
- ilmiy muammoni ifodalash va baholash;
- olingan ma’lumotlarni xolisligi va takrorlash mumkinligini asoslab beradigan me’yoriy talabalardan foydalanish
- natija va xulosalarni amaliyotga joriy qilish qoidalari haqidagi bilimlarni berishdir.
Fan oldiga qo‘yilgan maqsadda uning predmetiga kirgan muammolarni o‘rganish, olingan natijalardan nazariy va amaliy yo‘nalishlarda foydalanish belgilanadi. Shuning uchun izlanish maqsadini oqilona tavsiflash bilan fan predmeti xususida aniq tasavvurga ega bo‘lish o‘rtasida ma’lum bog‘lanish mavjud.
Fan predmeti aslida unda ko‘rib chiqiladigan masalalarni umumlashtirib, qisqa shaklga keltirilgan ta’rifdir. Ilmiy tadqiqot metodologiyasi quyidagi masalalar bilan shug‘ullanadi:
- ilmiy bilim qanday hosil bo‘ladi?
- tadqiqot nima?
- axborot va faktlar bilan ishlash qanday amalga oshiriladi?
- bilimni aniq va ishonchli bo‘lishi nimalarga bog‘liq?
- usul nima?
- usuldan foydalanish va uni yangilash qanday tarzda amalga oshiriladi?
- tadqiqotning samaradorligi nima bilan belgilanadi?
- tadqiqot natijalarini rasmiylashtirish qoidalari va boshqalar.
Qayd etilgan savollarni umumlashtirsak fan predmeti kelib chiqadi. Demak, «Ilmiy tadqiqot metodologiyasi» - bu ilmiy bilish mexanizmlari, tadqiqot vositalari va usullari, axborot bilan ishlash va olingan natijalarni rasmiylashtirish, amaliyotga joriy qilish yo‘llari va qoidalarini o‘rganadigan fandir.
«Ilmiy tadqiqot metodologiyasi» fani oldiga quyilgan maqsaddan konkret vazifalar kelib chiqadi. Bular quyidagilardan iboratdir:
1. Magistrantlar va yosh olimlarda nazariy va tajribaviy tadqiqot o‘tkazish malakasini shakllantirish;
2. Tadqiqotda axborot va faktlar bilan ishlash texnologiyasini o‘zlashtirish;
3. Ilmiy tadqiqotni tashkil qilish, uni amalga oshirish rejalari va bosqichlarini ishlab chiqishni o‘rganish;
4. Magistrantlarning intellektual va ijodiy qobiliyatlarini o‘stirish yo‘llarini bilib olish;
5. Ilmiy ijod qilish yo‘llari va mexanizmlarini o‘rganish;
6. Ilmiy tadqiqot olib borish sharti bo‘lgan tanqidiy fikrlash qobiliyatini shakllartirish.
Bu tadqiqotchini o‘zi va boshqalar qo‘lga kiritgan natijalarni xolisona baholash imkoniyatni beradi.
7. Fan va texnologiyada paydo bo‘layotgan innovatsion g‘oyalar va loyihalarni bilib borish va o‘zlashtirish uquvini shakllantirish.
8. Ilmiy tadqiqot natijalarini rasmiylashtirish qoidalari va talablarini bilish, amaliyotga joriy qilish malakasiga ega bo‘lish.
Qayd etilgan qoidalar, talablar va tavsiyalarni o‘rganib borar ekanmiz, natijada bizda tadqiqot olib borish malakasi shakllanadi, tushunchalar, tamoyillar va usullar bilan ishlash ko‘nikmasi vujudga keladi. Ilmiy tadqiqot metodologiyasini o‘rganishdan olgan bilimlarimizni izlanish amaliyoti bilan bog‘lab borish jarayonida esa tadqiqot samaradorligi ortib boradi.
2. Mavzu. Ilmiy tadqiqot asoslari. Pedagogika sohasidagi tadqiqotlarning o’ziga xos jihatlari
Reja:
1. Tadqiqotchi faoliyati.
2. Tadqiqotchiga qo‘yiladigan malakaviy talablar.
Har bir ishni, shu jumladan, ilmiy ishni sifatli bajarish uchun tadqiqotchi kasbiy malakaga ega bo‘lishi lozim. Sifatli ish – bu ilmiy muammoni yangicha yondashuv asosida xal qilish, yangi xulosaga kelish, ma’lumotlarni yangi xossa yoki qonuniyatni ochish imkoniyatini beradigan darajada tasniflash, umumlashtirish va tushuntirish, o‘zida yangi natijalarni aks ettirgan maqola, risola yoki dissertatsiya yozishdir.
Kasbiy malakasi o‘zi nima? Kasbiy malaka ma’lum faoliyatni ijro etish uchun zarur bo‘lgan fazilatlarga (o‘quv, zehn, mahorat va boshqalarga), nazariy va tajribaviy amallarni bajarish usullaridan foydalana bilish hislatiga ega bo‘lishdir.
Kasbiy malakaga ega bo‘lishni asosida qobiliyat, ya’ni, u yoki bu ishni bajarishga yaraydigan layoqat, moyillik yotadi. Ishga bo‘lgan qobiliyatni psixologik, intellektual, pedagogik jihatlari (sifatlari) mavjud.
Faylasuflar va psixologlarni aytishlaricha, ilmiy faoliyatni unumdor bo‘lishida tadqiqotchidagi qiziqish va hayratda qolish qobiliyati yetakchi rol o‘ynaydi. Qiziqish shunday nuqtaga qaratiladiki, u qiziquvchanlikka, qiziqish tug‘dirgan predmetga berilib ketishiga aylanadi. Bunday holatga tushgan inson qiziqish uyg‘otgan masala bilan shug‘ullanmasdan yura olmaydi, muammo va uni hal qilish ishtiyoqi butun vujudini qamrab oladi.
Har bir kishida barmoqlar bo‘lsada, mo‘yqalam va bo‘yoqlar sotib ola olsa ham, lekin bu uni rassom qilmaydi. Qiziqishdan tashqari yana o‘quv, tirishqoqlik, mahorat, faollik kabi hislatlar darkor.
Tadqiqotning samarali bo‘lishini muhim sharti ishga berilib ketish, ishni muntazam amalga oshishi. Muttasil izlanish jarayonida ilhom, nogahon yorishish, ijodiy tush ko‘rish shaklida namoyon bo‘ladigan ruhiy holatlar sodir bo‘ladi.
Kasbiy malaka uchun zarur bo‘lgan sifat va hislatlar, ularni bir-biriga ilhombaxsh impulslar berishi 1-rasmda ifodalangan.
Kasbiy malakani takomillashtirishni muhim pedagogik yo‘li tadqiqotchida qayd etilgan sifatlarni shakllantirish va tarbiyalashdan iboratdir.
Avvalambor, kasbiy yo‘nalishni tanlash paytida strategik maqsadni aniqlab olish lozim. Kim bo‘lmoqchisiz: muhandismi, texnologmi, nazariyotchimi? Tanlangan kasbiy yo‘nalishni qaysi sohasi: fundamental nazariy izlanishmi yoki konstruktiv qurilmalarni yasash,kashfiyotmi yoki ixtiro qilish sizni ko‘proq qiziqtiradi? Har sohada izlanish olib borish va ijod qilishni o‘ziga xos xususiyatlari mavjud.
Tabiatan berilgan qobiliyatni qo‘yilgan maqsadni amalga oshirishga qaratish kerak.
Maqsadni ro‘yobga chiqaradigan ma’naviy kuch motiv (bois)dir. Motiv yoki bilish motivatsiyasi inson faoliyatini ob’ektga yo‘naltiradi, istak, maylni harakatga keltirish orqali tadqiqotchiga izlanish energiyasini beradi.
Faoliyat yo‘nalishi va barqarorligini ta’minlaydigan hislat ruhiy ko‘rsatmadir. Bu hislat tadqiqotchi faoliyatini tartibga soladi, boshqaradi. Ruhiy ko‘rsatma orqali tadqiqotchida faoliyat maqsadi va motivatsiyasi birlashadi, o‘zgarayotgan vaziyatda ham izlanish energiyasi kamaymaydi.
Shunday qilib, maqsad, motivatsiya va ruhiy ko‘rsatma tadqiqot jarayonida birlashadi, kasbiy malakani shakllanishida ma’naviy asos bo‘lib xizmat qiladi .
Motivatsiyasi shakllangan izlanuvchi yetarli sharoit bo‘lmaganda ham, hech narsani bahona qilmasdan tadqiqotni amalga oshirib boraveradi.
Fan tarixida motivatsiya kuchini ko‘rsatadigan misollar ko‘p. VIII asr boshida ummaviya xaliflaridan Hamid bin Muoviya «falsafa toshi» muammosi bilan shunday qiziqib ketadiki, hatto xalifalikdan voz kechadi va qolgan umrini fanlarni, xususan, kimyoni o‘rganishga bag‘ishlaydi.
Tadqiqotchi uchun zarur bo‘lgan hislatlardan biri tirishqoqlikdir. Bu hislat tadqiqot yo‘lida uchrab turadigan qiyinchiliklarni sabr-toqat bilan bilan yengib o‘tish imkoniyatini beradi. «Tirishqoqlik – deydi ingliz yozuvchisi Bernard Shou – ilm sari yagona yo‘ldir» Yana bir muhim talab (tavsiya) ustoz, u yaratgan ilmiy maktab an’analarini davom ettirish, shakllangan tadqiqot an’analarini yangi mazmun bilan boyitishdir.
Ilmiy maktab o‘ziga xos betakror jamoadir. U har qanday yangilikka nisbatan ochiq va bir butun tizimdir. Bunday tizim (maktab) alohida tadqiqotchida bo‘lmagan sifat va imkoniyatlarga ega bo‘ladi. Ilmiy maktab dargohiga kirgan magistrant tez orada eng yangi yutuqlar bilan oziqlanib turgan fanning «qaynab turgan qozonida» faoliyat ko‘rsata boshlaydi.
Ustozga bo‘lgan iltifot va e’tiqod Sharqda hamisha e’zozlanib kelingan. XXI asr fanida ham ilmiy an’ana ahamiyati saqlangan. Haqiqatan ham har tomonlama murakkablashib ketayotgan bilimlar, tasavvurlar va nazariyalar okeanida ustozning yo‘l ko‘rsatuvchi g‘oyalari va o‘gitlari bamisoli kompasdek zarur.
Izlanish boshlandimi, tadqiqotchi sobitqadamlik bilan ishni olib borishi kerak. Ishni boshida qiyinchilik yoki muvaffaqiyatsizlik sodir bo‘lishi mumkin. Hatto uchayotgan raketaning kursdan og‘ish hodisasi bo‘lib turadi. Lekin, maqsad, umumiy izlanish yo‘nalishi to‘g‘ri belgilangan bo‘lsa, unda salbiy natija aks aloqa mexanizmi orqali qayd qilinadi, qayerda xatolikka yo‘l qo‘yilgani aniqlanadi, ish oxirigacha yetkaziladi.
Ish jarayonida muammoni mazmuni bo‘yichami, faktlar xususidami, qanday bo‘lmasin, sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarga e’tibor berish kerak.
Shu o‘rinda G.Alder ishlab chiqqan va Sinab ko‘r, Ishla, Natijaga erishgin deb nomlangan SIN modelidan foydalanish mumkin (Qarang: Alder G. NLP: sovremennie psixotexnologii. – SPB: Piter, 2001, 13-14 betlar.).
Sinab ko‘rishda, bitta qadam natija bermasa, boshqa qadam qo‘yiladi, ya’ni boshqa chora imkoniyatlar ishga solindi. Shu jarayonda tadqiqotchilik kasbi, uquv va izlanish faoliyati takomillashib boradi.
Endi qobiliyatni o‘stirishning intellektual vosita va mexanizmlarini ko‘rib chiqamiz.
Intellektual qobiliyat tafakkur faoliyatida namoyon bo‘lib, bu sohada ham bir qator qoida va talablar borki, ularni bajarish izlanuvchiga kutilgan ijobiy natijalarni beradi. Bular quyidagilardan iborat:
- diqqatni asosiy muammo nuqtasiga yig‘ish;
- muammo bo‘yicha o‘zimizga savol berib turish;
- alohida obrazlardan bir-butun model – tuzilmani ishlab chiqishga o‘tish;
- o‘xshashliklarni (analogiyalarni) izlash, ulardan foydalanish;
- obrazlar bilan fikrlash, modellar bilan ishlash;
- xotira faolligini o‘stirish;
- ob’ektga har tomonlama yondashuv (intellektual uddaburonlik) qobiliyatini tarbiyalash;
- muammo yechimi bo‘yicha alternativ yo‘llarni izlash qobiliyatini shakllantirish;
- ilmiy bashorat qilish qobiliyatini o‘stirish;
- fikrni mantiqan to‘g‘ri ifodalash, mulohazalarni qog‘ozga aniq bayon qilish.
Qayd etilgan hislatlarni tadqiqotchida shakllantirish izlanish samaradorligini ta’minlaydigan muhim shartdir.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, tadqiqot-to‘xtovsiz amalga oshadigan intellektual mehnat, yangilikni kashf etish, ixtiro qilish faoliyatidir. Bunday faoliyat darajasiga yetishish uchun yosh tadqiqotchi o‘zida bir qator (yuqorida qayd etilgan) psixologik, pedagogik va intellektual ko‘nikmalarni, malakaviy o‘quv va kasbiy mahoratni shakllantirish lozim.
Dostları ilə paylaş: |