Yig‘ma-qiyosiy matn – bu darajasida qo‘lga kiritilgan matnlarni o‘zaro qiyoslash natijasida tuzilgan muallif matnining nisbatan to‘liq variantidir.
Yig‘ma-qiyosiy matn asar nusxalari kam yoki ishonchli qadimiy qo‘lyozma nusxalar mavjud bo‘lmagan taqdirda amalga oshiriladi. Bunday matn muallif asari haqida to‘liq tasavvur uyg‘otish uchun tuziladi. Yig‘ma-qiyosiy matnni tuzishda mavjud qo‘lyozmalardan tayanch nusxa tanlash katta ahamiyatga ega. Tayanch nusxa sifatida imkon qadar to‘liq, boshqalariga qaraganda tashqi nuqsonlari kam, xatolari, noaniq joylari oz nusxa tanlanadi. Shuning uchun ham M. N. Osmanov “SHohnoma”ning 1966 yilgi nashrini tanqidiy matn emas, balki yig‘ma matn deb hisoblaydi. U o‘z fikrini ilmiy-tanqidiy matnni tuzishda qo‘lyozmalar bazasining kamligi, matn turli tahrirlar aralashuvidan tuzilganligi, asarning kompozitsion qurilishi to‘liq ifodalanmasligi, ya’ni ba’zi dostonlarning qo‘shilishi yoki ajratilishi kabi asosli kamchiliklarni ko‘rsatish bilan tasdiqlaydi.
Asosiy matnni tuzishda yig‘ma-qiyosiy yondashuv bilan ilmiy-tanqidiy yondashuv farqlanadi. Lekin ba’zan ularni tasniflashda chalkashish hollari uchraydi. Jumladan, Q. Ergashev Navoiy asarlari ilmiy-tanqidiy matnlari yaratilishi xususida so‘z yuritar ekan, “Mahbub ul-qulub”ning A. N. Kononov tomonidan tayyorlangan nashrini asar ilmiy-tanqidiy matni deb hisoblaydi. 1948- yili A.N.Kononov “Mahbub ul-qulub” asari matnini Leningrad hamda Toshkent qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan sakkizta qo‘lyozma nusxa asosida tiklagan. Ularning eng qadimiysi XVI asr boshlarida kitobat qilingan Leningrad nusxasi bo‘lib, yig‘ma-qiyosiy matn shu qo‘lyozma asosida tuzilgan, oradagi farqlar ilmiy apparatda ko‘rsatib borilgan. A.N.Kononov aynan o‘zi amal qilgan matn tuzishdagi tadqiqot usullari va prinsipi xususida hech qanday ma’lumot bermaydi. P.SHamsiev asar nusxalari qiyosiy o‘rganilganligidan bo‘lsa kerak, “Mahbub ul-qulub”ning bu matnini “chog‘ishtirma matn” deydi. Yig‘ma-qiyosiy matn asarning asosiy matni hisoblanadi, lekin ilmiy-tanqidiy matn tuzish talablariga javob bermaydi. Matnshunos yig‘ma-qiyosiy matnni tayyorlashda o‘zi qo‘lga kiritgan yoki imkoniyatida bo‘lgan manbalardan foydalanadi. Yig‘ma-qiyosiy matn tuzishning muhim prinsipi asarning dastlabki to‘liq matnini tiklashdir. Yig‘ma-qiyosiy matnlar asar ilmiy-tanqidiy matnini tayyorlash uchun ilmiy zamin yaratadi. A.N.Kononov “Mahbub ul-qulub” asarining barcha nusxalarini izlab topishni maqsad qilib qo‘ymagan va o‘ziga ma’lum nusxalar bilan kifoyalangan. Shuning uchun ham u o‘zi tuzgan matnni “yig‘ma (svodnыy) matn”deb atagan. O‘sha paytlari Navoiy yubileyi munosabati bilan shoir ijodini ommalashtirishga bo‘lgan shoshilinch harakat A.N.Kononovga ilmiy-tanqidiy matn yaratish uchun fursat bermagan bo‘lishi mumkin.
O‘zbek matnshunosligida yig‘ma-qiyosiy matn tuzishning o‘ziga xos prinsiplari N.Rahmon tomonidan tayyorlangan “Oltin yorug‘” matnida ko‘rinadi. Mazkur asar qo‘lyozmasi qadimgi uyg‘ur-turk tilida yozilgan bo‘lib, 1910 yili rus olimi S.Malov tomonidan topilgan va birinchi marta V. Radlov bilan hamkorlikda eski uyg‘ur-turk alifbosida nashr etilgan edi. Turk olimi Cheval Qoya tomonidan ushbu asar o‘rganilib, 1994-yili Turkiyada chop etildi. U garchi Radlov-Malov nashri asosida Berlin Fanlar akademiyasi va Mayiz fondida saqlanayotgan 20ga yaqin nusxa parchalarini o‘zaro qiyoslab, asarning mukammal matnini amalga oshirgan bo‘lsa-da, asar tilining murakkabligidan uni turk tiliga tabdil qilmagan. Asar 1986 yili Xitoyda uyg‘ur tiliga tabdil etilgan, ammo N.Rahmonning yozishicha, tabdil ancha erkin bo‘lib, asl matndan uzoqlashgan. O‘zbek olimi asarning Xitoyda uyg‘ur tiliga qilingan tabdili va Cheval Qoya nashrini Radlov-Malov matni bilan o‘zaro qiyoslab, asarning yig‘ma-qiyosiy matnini tuzib chiqdi va qadimiy turk tilidan lotin yozuviga tabdil qildi. Matnshunos olim matn uchun tayanch sifatida Radlov-Malov matnini tanlab, Xitoy va Turkiyada chop etilgan matnlardagi tafovutlarni matn ichida qavsda berib borish prinsipini qo‘llagan. N. Rahmon matnining yana bir xususiyati, har bir matn bo‘lagi o‘zbek tiliga tarjima qilinib tabdil bilan yonma-yon keltirilgan. Olim qo‘llagan prinsiplarni yana shularda ko‘rish mumkin:
1. “Oltun yorug‘”ning asl nusxasidagi satrlar tartibini ko‘rsatish maqsadida har bir satrdagi raqamlar tartibi saqlangan.
2. Hozirgi o‘zbek tilidagi tabdil qadimiy turkchadagi har bir varaqdan so‘ng berilgan. Turkiya yoki uyg‘ur nashrlarida izoh berilmagan o‘rinlarda qavs ichida so‘zlar, qo‘shimchalar kiritilgan.
3. Transkripsiya belgilarini ifodalashda o‘zgarishlar kiritgan(ng o‘rniga ng, sh o‘rniga sh, g‘ o‘rniga gh, til orqa I o‘rniga i, til oldi i o‘rniga ï).
4. Izohlar tartibini asl nusxaning tartib raqamidan ajratish uchun to‘q kursiv bilan berib, ostiga chiziqcha qo‘ygan.
Yig‘ma-qiyosiy matnni tuzishda mavjud qo‘lyozmalardan tayanch nusxa tanlash, farqlarni ilmiy apparatda ko‘rsatib borish, o‘zi qo‘lga kiritgan yoki imkoniyatida bo‘lgan manbalardan foydalanish asosiy prinsiplardir.
Yig‘ma-qiyosiy matn tuzish prinsiplariga quyidagilar kiradi:
qo‘lyozmalar va jalb etilgan nusxalarning tavsifini keltirish;
barcha qo‘lyozma nusxalarni shartli belgi bilan belgilash;
asliyat (original) yozuvini va matn strukturasini saqlash;
asarning boshqa nusxalari mavjud bo‘lmagan taqdirda to‘liq nusxani tayanch matn sifatida qabul qilish;
ilmiy apparatni qo‘llash;
asosiy matnda yordamchi nusxalarni shartli belgilar bilan nomlash;
matniy tafovutlarni jadvallarda ko‘rsatish;
barcha jalb etilgan nusxalardagi matnlarni umumlashtirish;
matn varaqlarini raqamlab, birinchi betini “a”, ikkinchi betini “b” harflari bilan belgilash.