Mavzu Innovatsion biznesni rivojlantirish Reja Innovatsion biz-fayllar.org
3. Korxonalarning innovatsion biznes faoliyati. Iqtisodiyotning tobora integratsiyalashib borayotganligi sababli innovatsiyalar jahon iqtisodiyotining barcha sohalarida zamonaviy rivojlanish mazmuniga aylanib ulgurgani barchaga ayon va bunga innovatsiya faoliyatini samarali tashkil etish va rivojlantirish orqali erishilganligini hisobga olsak, innovatsiya faoliyatining mazmun-mohiyatini bilish zarurligini anglab yetish mumkin.
Bugungi kunda jadal taraqqiy etib borayotgan fan-texnika natijasida yuqori darajadagi o’sish sur’atlari va barqaror rivojlanishning asosiy va samarali omillaridan biri sifatida innovatsion faoliyatni rivojlantirish va rag’batlantirish masalasiga alohida e’tibor berilmoqda. Zero, zamonaviy taraqqiyotni innovatsion faoliyatning natijasi sifatida olinadigan intellektual mahsulotsiz tasavvur bo’lmaydi.
Bozor munosabatlari sharoitida ilm-fan va iqtisodiyotning uzviy aloqasi tobora kengayib bormoqda. “Kuchli fan – kuchli iqtisodiyot” iborasi nafaqat bugungi kun uchun balki insoniyat kelajagi uchun ham dolzarb bo’lib qolmoqda.
Innovatsiya faoliyatining bugungi kunda hayotimizning mazmuniga aylanib borayotganligi va o’z kelajagimizni qurishda maqsadlarimizni amalga oshirish jarayoniga tobora chuqur kirib borayotganligi, shu bilan bir qatorda yangi-yangi imkoniyatlarni taqdim etayotganligi mazkur atamaning mazmunini o’rganishga bo’lgan qiziqish hamda intilishlarni tobora kuchaytirib bormoqda. Shu munosabat bilan ko’plab iqtisodchi-olimlar tomonidan innovatsion faoliyatga doir turli talqindagi ta’riflar keltirilmoqda. Ular bir-biridan keskin farq qilmasa-da, lekin innovatsiyaning ma’lum bir jihatlari, xususiyatlari orqali tafovutni sezish mumkin. Quyida innovatsion faoliyat tushunchasiga berilgan ba’zi ta’riflarni keltiramiz. Rus olimlaridan Folomev A.N. “Innovatsiya faoliyati – tugallangan ilmiy-tadqiqotlar va ilmiy izlanishlar natijalarini o’tkazishga qaratilgan jarayon” degan tushunchani keltirgan bo’lsa, Glushenko V.V. va Glushenko I.I. tomonidan berilgan ta’rifga ko’ra: “innovatsiya faoliyati – ishlab chiqariluvchi mahsulot nomenklaturasini kengaytirish, yangilash va sifatini oshirish uchun ilmiy-tadqiqot va ishlanmalar natijalaridan foydalanish, ularning kelgusi joriy etilishi bilan bog’liq texnologiyalarni takomillashtirish va ichki hamda tashqi bozorlarda samarali amalga oshirilishiga yo’naltirilgan faoliyat”ni anglatadi.
O’zbekistonda ham innovatsiya sohasida keng ko’lamda ilmiy-izlanish va tadqiqotlar olib borayotgan iqtisodchi olimlar bo’lib, ular ham innovatsiya va innovatsion faoliyat sohasiga o’z tadqiqotlari asosida turli talqindagi ta’riflarni keltirganlar. Jumladan, E.Egamberdiyev va X.Xo’jaqulovlar tomonidan berilgan ta’rifga ko’ra “Innovatsiya faoliyati – texnika va texnologiya yangiliklarini joriy etish bilan bog’liq faoliyat” dir.
Ushbu tushunchaga berilgan ta’riflarni ko’plab keltirish mumkin, albatta. Biz o’z tadqiqotlarimiz asosida “Innovatsion faoliyat” tushunchasiga quyidagicha ta’rifni keltirib o’tmoqchimiz: “Innovatsiya faoliyati – bu har qanday faoliyat sohasida yuqori samaraga erishish maqsadida zamonaviy texnika va texnologiyalarni qo’llash, takomillashgan menejment usullarini qo’llash bilan bog’liq bo’lgan ilmiy faoliyatdir”.
Innovatsion faoliyatning mohiyati birinchidan, amaliyotga yangi, takomillashgan ishlab chiqarishni joriy etish, ikkinchidan, mahsulot ishlab chiqarish xarajatlarining barcha turlarini qisqartirish, uchinchidan, ishlab chiqariladigan mahsulotlar narxlarini pasaytirishda ularni iste’mol va sifat xususiyatlarini doimiy ravishda oshirib borish bilan izohlanadi.