_ Davlat investitsiya faoliyati sub’ektlarining huquqlarini kafolatlaydi. Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari investitsiya sub’ektlarining qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirilayotgan faoliyatiga aralashishga haqli emas.
Agar davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari investitsiya faoliyati sub’ektlarining faoliyatida qonun hujjatlari buzilganligini aniqlasa, ular o‘zlari vakolatli bo‘lgan va muayyan qoidabuzarlikni bartaraf etish bilan bevosita bog‘liq choralarni ko‘rishi mumkin.
Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari qoidabuzarlik mavjudligi faktidan investitsiya faoliyati sub’ektlarining investitsiya faoliyatiga bog‘liq bo‘lmagan boshqa qonuniy faoliyatiga aralashish yoki uni cheklab qo‘yish uchun asos sifatida foydalanishi mumkin emas.
Davlat investorlarning fuqaroligi, yashash joyi, iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish joyi bilan bog‘liq holda, shuningdek investorlarning yoki investitsiyalarning kelib chiqish mamlakatiga qarab investorlarni kamsitishga yo‘l qo‘ymaslikni kafolatlaydi.
Investor tomonidan huquqlarning amalga oshirilishi boshqa investorlarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzmasligi kerak. Bunda davlat tadbirkorlik sub’ektining hamta’sischisi (aksiyadori, ishtirokchisi) sifatida boshqa ta’sischilar (aksiyadorlar, ishtirokchilar) kabi teng huquqlar va majburiyatlarga ega bo‘ladi.
Ushbu moddaning qoidalari xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan prinsiplari va normalariga muvofiq belgilanadigan O‘zbekiston Respublikasining milliy xavfsizligini ta’minlash bilan bevosita bog‘liq qonun hujjatlarini qabul qilishga, o‘zgartirishga, to‘ldirishga yoxud bekor qilishga nisbatan tatbiq etilmaydi.