OLIY VA O‘RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI TOSHKENT MOLIYA INSTITUTI
SH.SHAYAKUBOV, B.OCHILOV “INVESTITSIYA VA INNOVATSIYALAR” FANIDAN USLUBIY KO’RSATMA
TOSHKENT-2022
Mustaqil ta’lim topshiriqlarining shakl va mazmuni “Investitsiya va innovatsiyalar” fani bo’yicha talabaning mustaqil ta’lim topshiriqlari shu fanni o’rganish jarayonining tarkibiy qismi bo’lib, uslubiy va axborot resurslari bilan to’la ta’minlangan.
Talabalar auditoriya mashg’ulotlarida pedagog-xodimlarning ma’ruzasini tinglaydilar, mashq va topshiriqlar bajaradilar. Bundan tashqari ayrim mavzularni kengroq o’rganish maqsadida qo’shimcha adabiyotlarni o’qib referatlar tayyorlaydi hamda mavzu bo’yicha professor-o’qituvchi tomonidan berilgan mustaqil ish va testlarni yechadi. Mustaqil ta’lim natijalari 5 baholik tizim asosida baholanadi.
Uyga vazifalarni bajarish, qo’shimcha darslik va adabiyotlardan yangi bilimlarni mustaqil o’rganish, kerakli ma’lumotlarni izlash va ularni topish yo’llarini aniqlash, internet tarmoqlaridan foydalanib ma’lumotlar to’plash va ilmiy izlanishlar olib borish, ilmiy to’garak doirasida yoki mustaqil ravishda ilmiy manbalardan foydalanib ilmiy maqola va ma’ruzalar tayyorlash kabilar talabalarning darsda olgan bilimlarini chuqurlashtiradi, ularning mustaqil fikrlash va ijodiy qobiliyatini rivojlantiradi. Shuning uchun ham mustaqil ta’limsiz o’quv faoliyati samarali bo’lishi mumkin emas.
“Investitsiya va innovatsiyalar” fanidan mustaqil ta’lim topshiriqlari majmuasi fanning barcha mavzularini qamrab olgan va quyidagi mavzu ko’rinishida shakllantirilgan.
Mustaqil ta’lim talabaning bajaradigan ilmiy izlanishi bo‘lib, Investitsiyaga doir moliyaviy va iqtisodiy munosabatlarini o‘rganishda fanning biror bir mavzusini to‘laroq o‘zlashtiradi va mavzu belgilangan shaklda talabalar auditoriyada yoki masofaviy ta’limdan foydalangan holda bajaradi. Mustaqil ishni bajarishdan maqsad, talabaning o‘qishi davomida olgan bilimini yanada mustahkamlash, chuqurlashtirish va umumlashtirishdan iboratdir.
Mustaqil ta’limni tashkil etishning mazmuni: talabalar mustaqil ishlari mavzulari kelgusida bajariladigan kurs ishlari va bitiruv malakaviy ishlari mavzulari bilan uzviylikda bajariladi.