O‘zbekistonda investitsion muhit rivojlanishiga salbiy ta'sir qilayotgan omillar “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi qonun konsepsiyasida ta'kidlanishicha, O‘zbekistonda investorlar uchun soliq og‘irligini pasaytirishga va soliqqa tortish tizimini soddalashtirishga, sog‘lom raqobat muhitini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan soliq siyosati va soliq-tarif boshqaruvi islohotlari jadal sur'atlarda amalga oshirilmoqda.
“Shu bilan birga, investorlar bilan ishlashda, ayniqsa, joylarda, investorlarning tashabbuslari barcha darajadagi hokimliklar tomonidan lozim darajada qo‘llab-quvvatlanmasligi, bu borada vazirlik va idoralar faoliyati aniq muvofiqlashtirilmaganligi bilan bog‘liq byurokratik to‘siq va g‘ovlar hali ham mavjudligi qulay investitsiya muhitini shakllantirish bo‘yicha davlat siyosatining izchilligiga bo‘lgan ishonchning mustahkamlanishiga to‘sqinlik qilmoqda”, deyiladi unda.
Hujjatda aytilishicha, vaziyat tahlili va uning investitsiya faoliyat sub'yektlari bilan birga muhokama qilinishi natijasida hozirgi vaqtda investitsiyalash shartlarini yomonlashtiruvchi quyidagi salbiy omillar mavjudligi ma'lum bo‘ldi:
- olingan investitsiya resurslaridan mintaqaviy va korporativ boshqaruv darajalarida samarasiz foydalanish;
- investitsion menejmentning boshqaruvning barcha darajalaridagi past sifati;
- mulkchilik huquqining belgilanmaganligi, investorlarning ham, investitsiyalash obektlari korxonalarining ham moliyaviy ahvolining past darajasi sababli qo‘shilgan mablag‘larni qaytarib berilmaslik ehtimoliga bog‘liq bo‘lgan yuqori investitsiya xatarlari;
- davlatning moliyaviy va soliq siyosatidagi o‘zgarishlarning kutilmagan yuqori darajasi;
- korporativ investitsiya bitimlarining (konsessiyalar, davlat-xususiy hamkorligining) rivojlanmaganligi;
- investorlarga qo‘shimcha majburiyatlar orqali noqonuniy malollik keltirish;
- nazorat organlarini investorlarning xo‘jalik faoliyatiga aralashtirmaslik;
- investorlarga materiallar, uskunalar, ularning butlovchi qismlari hamda ular narxlari va sifati bo‘yicha manfaatdor bo‘lmagan boshqa tovarlarni sotib olish yuzasidan majburiyatlar yuklash;
- yangi tashkil etilayotgan korxonalarda qarzdorlik yuklamalarini oshirish;
- soliq va bojxona soliqlari, shuningdek, davlat kafolatlari berilishining notiniq tizimi.
“Davlat organlarining “milliy manfaatlari” va ko‘rsatmalariga amal qilib sudlar odatda milliy hamkorlik tomonini qabul qilib va oqibatda ko‘pincha keyinchalik xalqaro sudlarda ko‘rib chiqiladigan noqonuniy qarorlar qabul qilganlarida investitsiya nizolari bo‘yicha O‘zbekiston sudlarining huquqni qo‘llash amaliyoti ham investitsion muammolarni yanada kuchaytiradi”, deyiladi hujjatda.
Natijada, O‘zbekistonning investitsiya imijiga to‘ldirib bo‘lmaydigan zarar yetkaziladi.
E'tirof etilishicha, yuqorida qayd etib o‘tilgan omillar tufayli investitsiyalar sohasidagi asosiy xalqaro hujjatlarga binoan, O‘zbekiston Respublikasida investitsion faoliyatni tartibga solish bo‘yicha samarali investitsion siyosatni amalga oshirilishini ta'minlashga qodir bo‘lgan ilg‘or, milliy va xorijiy tajribalarni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan yagona unifikatsiyalangan qonunchilik hujjat doirasida barcha uyushmagan amaldagi qonunchilik hujjatlarini mustahkamlash imkoniyatini ko‘rib chiqish zarurati tug‘ilmoqda.