Investitsiyalarning iqtisodiy xavfsizligi Investitsiyalar



Yüklə 25,86 Kb.
tarix23.11.2022
ölçüsü25,86 Kb.
#69967
03.10 Iqtisodiy Xavfsizlik


Investitsiyalarning iqtisodiy xavfsizligi
Investitsiyalar — investor tomonidan foyda olish maqsadida ijtimoiy soha, tadbirkorlik, ilmiy va boshqa faoliyat turlari obyektlariga tavakkalchiliklar asosida kiritiladigan moddiy va nomoddiy boyliklar hamda ularga bo‘lgan huquqlar, shu jumladan intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlar, shuningdek reinvestitsiyalar bo‘lib, ular quyidagilarni o‘z ichiga olishi mumkin:

  • mablag‘larni, shu jumladan pul mablag‘larini (shu jumladan chet el valyutasini), maqsadli bank omonatlarini, paylarni, ulushlarni, aksiyalarni, obligatsiyalarni, veksellar va boshqa qimmatli qog‘ozlarni;

  • ko‘char va ko‘chmas mol-mulkni (binolar, inshootlar, uskunalar, mashinalar va boshqa moddiy qimmatliklarni);

Intellektual mulkka doir mulkiy huquqlarni, shu jumladan u yoki bu ishlab chiqarish turini tashkil etish uchun zarur bo‘lgan, texnik hujjatlar, ko‘nikmalar va ishlab chiqarish tajribasi tarzida rasmiylashtirilgan, patentlangan yoki patentlanmagan (nou-xau) texnik, texnologik, tijoratga oid va boshqa bilimlarni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida taqiqlanmagan boshqa qimmatliklarni;
Investor — foyda olish maqsadida investitsiya faoliyati obyektlariga o‘zining mablag‘larini va (yoki) qarz mablag‘larini yoxud jalb qilingan boshqa investitsiya resurslarini investitsiya qilishni amalga oshiruvchi investitsiya faoliyati subyekti;
Investitsiyalar va investitsiya faoliyatining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

  • qonuniylik;

  • oshkoralik va ochiqlik;

  • investitsiya faoliyatini amalga oshirish erkinligi;

  • adolatlilik va investitsiya faoliyati subyektlarining tengligi;

  • investorlarga nisbatan kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik;

  • investorlarning vijdonliligi prezumpsiyasi.

Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilikning asosiy prinsiplari investitsiya qilish va investitsiya faoliyatini amalga oshirish jarayonining barcha bosqichlarida qo‘llaniladi.
Investitsiyalar mo‘ljallangan obyektiga ko‘ra kapital, moliyaviy va ijtimoiy turlarga bo‘linadi. Asosiy fondlarni yaratish va takror ko‘paytirishga, shu jumladan yangi qurilishga, modernizatsiya qilishga, rekonstruksiya qilishga, texnik jihatdan qayta jihozlashga, shuningdek moddiy ishlab chiqarishning boshqa shakllarini rivojlantirishga kiritiladigan investitsiyalar kapital investitsiyalar jumlasiga kiradi. Aksiyalar, korporativ, infratuzilmaviy va davlat obligatsiyalariga, shuningdek qimmatli qog‘ozlarning boshqa turlariga kiritiladigan investitsiyalar moliyaviy investitsiyalar jumlasiga kiradi.
Inson salohiyatini, ko‘nikmalarini va ishlab chiqarish tajribasini rivojlantirishga, shuningdek nomoddiy boyliklarning boshqa shakllarini rivojlantirishga kiritiladigan investitsiyalar ijtimoiy investitsiyalar jumlasiga kiradi.
Investitsiyalarni amalga oshirish shakllari quyidagilardan iborat:

  • yuridik shaxslarni tashkil etish yoki ularning ustav fondlarida (ustav kapitallarida) ulushli tarzda, shu jumladan mol-mulk va aksiyalar (ulushlar) sotib olish yo‘li bilan ishtirok etish;

  • O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan emissiya qilingan qimmatli qog‘ozlarni, jumladan qarz majburiyatlarini olish;

  • konsessiyalarni olish, shu jumladan tabiiy resurslarni qidirish, o‘zlashtirish, qazib olish yoki ulardan foydalanishga doir konsessiyalarni olish, shuningdek mahsulot taqsimotiga oid bitimlarda ishtirok etish;

  • mulk huquqini, shu jumladan intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan mulk huquqini, mualliflik huquqlarini, patentlar, tovar belgilari, foydali modellar, sanoat namunalari, firma nomlari va nou-xau, ishchanlik obro‘sini (gudvillni), shuningdek savdo va xizmat ko‘rsatish sohasi obyektlariga bo‘lgan mulk huquqini ular joylashgan yer uchastkalari bilan birgalikda olish;

  • yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni, boshqa tabiiy resurslarga egalik qilish va ulardan foydalanish huquqlarini olish.

Investorlar qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa shakllarda ham investitsiyalarni amalga oshirishi mumkin. Investitsiya faoliyati investitsiyalar kiritishning turli shakllarini birlashtirish vositasida amalga oshirilishi mumkin. Investitsiyalarning birlamchi yoki takroran kiritiladigan shakllari o‘zgartirilishi ularning investitsiya sifatidagi darajasi o‘zgarishiga olib kelmaydi.
Investitsiya resurslari jumlasiga quyidagilar kiradi:

  • pul mablag‘lari (shu jumladan chet el valyutasi) va boshqa moliyaviy mablag‘lar, shu jumladan kreditlar, paylar, ulushlar, aksiyalar va boshqa qimmatli qog‘ozlar;

  • ko‘char va ko‘chmas mol-mulk (binolar, inshootlar, uskunalar, mashinalar va boshqa moddiy qimmatliklar) hamda ularga bo‘lgan huquqlar;

  • intellektual mulk obyektlari, shu jumladan u yoki bu turdagi ishlab chiqarish turini tashkil etish uchun zarur bo‘lgan, texnik hujjatlar, ko‘nikmalar va ishlab chiqarish tajribasi tarzida rasmiylashtirilgan, patentlangan yoki patentlanmagan (nou-xau) texnik, texnologik, tijoratga oid va boshqa bilimlar;

  • yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar, boshqa tabiiy resurslarga egalik qilish va ulardan foydalanish huquqlari, shuningdek mulk huquqlaridan kelib chiquvchi boshqa ashyoviy huquqlar.

Ijtimoiy soha, tadbirkorlik, ilmiy va qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa faoliyat turlarining obyektlari investitsiya faoliyati obyektlaridir. Barpo etilishi va foydalanilishi qonunchilikda belgilangan sanitariya-gigiyena, radiatsiya, ekologiya, arxitektura-shaharsozlik talablariga va boshqa talablarga javob bermaydigan, yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlarini, erkinliklarini hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzadigan obyektlarga investitsiya qilish taqiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari, yakka tartibdagi tadbirkorlari va yuridik shaxslari — rezidentlari, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari, chet davlatlar, chet davlatlarning ma’muriy yoki hududiy organlari, xalqaro tashkilotlar hamda chet ellik yuridik shaxslar va fuqarolar, shuningdek fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar investitsiya faoliyatining subyektlaridir. Davlat investitsiya faoliyati subyektlarining huquqlarini kafolatlaydi. Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari investitsiya subyektlarining qonunchilikka muvofiq amalga oshirilayotgan faoliyatiga aralashishga haqli emas.
Agar davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari investitsiya faoliyati subyektlarining faoliyatida qonunchilik buzilganligini aniqlasa, ular o‘zlari vakolatli bo‘lgan va muayyan qoidabuzarlikni bartaraf etish bilan bevosita bog‘liq choralarni ko‘rishi mumkin. Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari qoidabuzarlik mavjudligi faktidan investitsiya faoliyati subyektlarining investitsiya faoliyatiga bog‘liq bo‘lmagan boshqa qonuniy faoliyatiga aralashish yoki uni cheklab qo‘yish uchun asos sifatida foydalanishi mumkin emas. Davlat investorlarning fuqaroligi, yashash joyi, iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish joyi bilan bog‘liq holda, shuningdek investorlarning yoki investitsiyalarning kelib chiqish mamlakatiga qarab investorlarni kamsitishga yo‘l qo‘ymaslikni kafolatlaydi. Investor tomonidan huquqlarning amalga oshirilishi boshqa investorlarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzmasligi kerak. Bunda davlat tadbirkorlik subyektining hamta’sischisi (aksiyadori, ishtirokchisi) sifatida boshqa ta’sischilar (aksiyadorlar, ishtirokchilar) kabi teng huquqlar va majburiyatlarga ega bo‘ladi. Ushbu moddaning qoidalari xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan prinsiplari va normalariga muvofiq belgilanadigan O‘zbekiston Respublikasining milliy xavfsizligini ta’minlash bilan bevosita bog‘liq qonunchilikni qabul qilishga, o‘zgartirishga, to‘ldirishga yoxud bekor qilishga nisbatan tatbiq etilmaydi. Investitsiya faoliyati subyektining investitsiya faoliyati natijasida olingan daromadlari soliqlar va to‘lovlar to‘langanidan keyin uning xohishiga ko‘ra reinvestitsiya qilinishi yoki ulardan boshqa har qanday usulda foydalanilishi mumkin. Chet el va mahalliy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning hisobvaraqlaridagi mablag‘lardan foydalanishni davlat organlari tomonidan cheklash yoxud ularni majburan yechib olish faqat qonunda belgilangan tartibda amalga oshirilishi mumkin.
Investorlarga soliqlar va to‘lovlarni to‘lash sharti bilan chet el valyutasidagi mablag‘larni O‘zbekiston Respublikasiga va O‘zbekiston Respublikasidan cheklovlarsiz erkin o‘tkazish, shu jumladan valyutani repatriatsiya qilish uchun ayirboshlash kafolatlanadi. Bunday o‘tkazmalar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • chet el investitsiyalarini saqlab turish yoxud ko‘paytirish uchun boshlang‘ich va qo‘shimcha summalar;

  • investitsiyalarni amalga oshirishdan olingan daromad;

  • yetkazilgan zararlarning o‘rnini ushbu Qonunga muvofiq qoplash sifatida olingan mablag‘lar;

  • shartnomalar shartlarini bajarish tartibida amalga oshirilgan to‘lovlar;

  • chet el investitsiyalarini to‘liq yoki qisman sotishdan tushgan tushum;

  • nizoni hal qilish oqibatida, shu jumladan har qanday sud yoki arbitraj qarori oqibatida yuzaga keladigan to‘lovlar;

  • xodimlarning ish haqi va boshqa to‘lovlari;

O‘zbekiston Respublikasining qonunlari hamda xalqaro shartnomalariga muvofiq davlat chet ellik investorning mablag‘larini repatriatsiya qilishni chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona to‘lovga layoqatsiz va bankrot bo‘lgan yoki kreditorlarning huquqlari buzilgan, jismoniy shaxs bo‘lgan chet ellik investor tomonidan jinoiy qilmishlar yoki ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etilgan hollarda yoxud sud yoki arbitraj qaroriga muvofiq shunday repatriatsiya qilishni to‘xtatib turishning boshqa zarurati bo‘lganda qonunchilik hujjatlarini investorlarni kamsitmaydigan tarzda qo‘llash shartlari asosida to‘xtatib turishi mumkin. Chet ellik investor O‘zbekiston Respublikasidagi investitsiya faoliyatini tugatish huquqiga ega.
Chet ellik investor investitsiya faoliyatini tugatgandan so‘ng investitsiya faoliyatini tugatish natijasida olingan o‘z aktivlarini naqd pul yoki natural shaklda chet ellik investorning O‘zbekiston Respublikasiga yoxud boshqa kreditorlarga nisbatan majburiyatlarini bajarish uchun zarar yetkazmagan holda erkin repatriatsiya qilish huquqiga ega. Agar qonunchilik hujjatlarining bajarilishi investorga yoki investitsiyalarga zarar yetkazadigan bo‘lsa, ushbu qonunchilik hujjatlari orqaga qaytish kuchiga ega bo‘lmaydi.
Agar O‘zbekiston Respublikasining keyingi qonunchilik investitsiya qilish shart-sharoitlarini yomonlashtirsa, investitsiya qilish sanasida amalda bo‘lgan qonun hujjatlari chet el investorlariga nisbatan investitsiya qilish paytidan e’tiboran o‘n yil mobaynida qo‘llaniladi. Investor o‘zining investitsiya qilish shart-sharoitlarini yaxshilaydigan yangi qonunchilik qoidalarini o‘z xohishiga ko‘ra qo‘llash huquqiga ega. O‘zbekiston Respublikasining keyingi qonunchilik investitsiya qilish shart-sharoitlarini yomonlashtirgan taqdirda, investitsiya qilish paytida amalda bo‘lgan qonunchilikni o‘n yil mobaynida qo‘llash to‘g‘risidagi kafolat quyidagi hollarda qo‘llaniladi:

  • repatriatsiya tartib-taomilini murakkablashtiruvchi yoki investorning chet elga o‘tkaziladigan daromadlari (foydasi) miqdorini kamaytiruvchi qo‘shimcha talablar joriy etilganda, bundan investorning mablag‘larini repatriatsiya qilishni chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona to‘lovga layoqatsiz va bankrot bo‘lgan yoki kreditorlarning huquqlari buzilgan, jismoniy shaxs bo‘lgan chet ellik investor tomonidan jinoiy qilmishlar yoki ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etilgan hollarda yoxud sud yoki arbitraj qaroriga muvofiq shunday repatriatsiya qilishni to‘xtatib turishning boshqa zarurati bo‘lganda qonunchilik hujjatlarini investorlarni kamsitmaydigan tarzda qo‘llash shartlari asosida to‘xtatib turish mustasno;

  • investitsiya qilishni amalga oshirish hajmlariga son jihatdan cheklovlar va investitsiyalarning miqdori bo‘yicha boshqa qo‘shimcha talablar, shu jumladan chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarda chet el investitsiyalarining eng kam miqdorini ko‘paytirish tarzidagi qo‘shimcha talablar joriy etilganda;

  • chet ellik investorning O‘zbekiston Respublikasi korxonalarining ustav fondlaridagi ulushli ishtiroki bo‘yicha cheklovlar joriy etilganda;

  • chet ellik investorlarning vizalarini rasmiylashtirish va uzaytirish bo‘yicha qo‘shimcha tartib-taomillar, shuningdek chet el investitsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha boshqa qo‘shimcha talablar joriy etilganda.

Investor uchun noqulay o‘zgarishlarga qarshi kafolatlarning amal qilishi quyidagi hollarda boshlanadi:
korxona tashkil etilganda — u davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanadan e’tiboran;
mol-mulkni, ulushni, O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari tomonidan emitentlangan aksiyalarni va boshqa qimmatli qog‘ozlarni, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasi obyektlariga, turar joylarga bo‘lgan mulk huquqini, shuningdek yer uchastkalariga bo‘lgan huquqni hamda boshqa tabiiy resurslarga egalik qilish va ulardan foydalanish huquqini olishda — mulk huquqini yoki boshqa ashyoviy huquqni mustahkamlovchi hujjat kuchga kirgan sanadan e’tiboran;
intellektual mulkka bo‘lgan huquqlarni, shu jumladan mualliflik huquqlarini, patentlarni, tovar belgilarini, foydali modellarni, sanoat namunalarini, firma nomlarini va nou-xauni, shuningdek ishchanlik obro‘sini (gudvillni) kiritishda — intellektual mulkka bo‘lgan huquqlar kiritilganligini tasdiqlovchi hujjat kuchga kirgan sanadan e’tiboran;
konsessiyalarni, shu jumladan tabiiy resurslarni qidirishga, o‘zlashtirishga, qazib olishga yoxud ulardan foydalanishga doir konsessiyalarni olishda — konsessiya shartnomasi qonunchilikda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan sanadan e’tiboran;
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasida bir vaqtning o‘zida investitsiya majburiyatlarini mustahkamlab qo‘ygan holda investitsiya qilishda — shartnoma kuchga kirgan sanadan e’tiboran;
O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga zid bo‘lmagan boshqa shakllarda investitsiya qilishda — investor tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududida investitsiya faoliyati amalga oshirilayotganligini tasdiqlovchi hujjat kuchga kirgan sanadan e’tiboran.
Ushbu modda xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan prinsiplariga muvofiq belgilanadigan O‘zbekiston Respublikasining milliy xavfsizligiga doir manfaatlarini himoya qilishni ta’minlash bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan qonunchilik hujjatlarini qabul qilishga, o‘zgartirishga, to‘ldirishga yoxud bekor qilishga nisbatan tatbiq etilmaydi. Hammaning e’tibori uchun rasmiy ravishda e’lon qilinmagan normativ-huquqiy hujjatlar kuchga kirmagan hujjatlar sifatida huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarmaydi va investitsiyaviy munosabatlarni tartibga solish, ushbu hujjatlardagi ko‘rsatmalarni bajarmaganlik uchun investitsiya faoliyati subyektlariga nisbatan biror-bir sanksiya qo‘llash uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin emas. Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari ommaviy axborot vositalari orqali, shu jumladan o‘z rasmiy veb-saytida investitsiya faoliyati sohasida o‘zining ishtiroki va qabul qilingan qarorlar to‘g‘risidagi axborotni e’lon qilishi shart. Jismoniy va yuridik shaxslarga ochiqlik hamda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining investitsiya faoliyati sohasidagi faoliyati to‘g‘risida va o‘zlari qabul qilayotgan qarorlar to‘g‘risidagi axborotdan moneliksiz foydalanish imkoniyati ta’minlanadi.
Davlat investitsiyalarning O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq himoya qilinishini kafolatlaydi.
Investorlarning investitsiyalari va boshqa aktivlari natsionalizatsiya qilinmaydi. Investorlarning investitsiyalari va boshqa aktivlari rekvizitsiya (ekspropriatsiya) qilinmaydi, bundan tabiiy ofatlar, avariyalar, epidemiyalar, epizootiylar va favqulodda xususiyatga ega bo‘lgan boshqa hollar mustasno. Investitsiyalarni rekvizitsiya va ekspropriatsiya qilish to‘g‘risidagi qaror rekvizitsiya yoki ekspropriatsiya qilishning quyidagi talablariga rioya qilingan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadi:

  • investorlarning ushbu modda uchinchi qisimda ko‘rsatilgan holatlardan kelib chiqadigan vazifalarni hal qilish uchun zarur bo‘lgan investitsiyalari yoki boshqa aktivlarining minimal hajmi bilan cheklansa;

  • kamsitilmaydigan asosda amalga oshirilsa;

  • yetkazilgan zararga monand kompensatsiya to‘lash bilan birga amalga oshirilsa. Davlat mazkur kompensatsiya to‘lovlari o‘z vaqtida amalga oshirilishining kafili sifatida ish yuritadi.

Investitsiyalarni himoya qilishning qo‘shimcha kafolatlari va choralari O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan kafolatlar berishni, investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga ko‘maklashishni, maxsus soliq va to‘lov rejimini yaratishni, investitsiya loyihalari amalga oshirilishi yuzasidan davlat monitoringi o‘tkazilishini hamda O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomalariga asosan boshqa choralarni o‘z ichiga olishi mumkin. Ushbu Qonunning qoidalari va O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonunchilik hujjatlari yoki xalqaro shartnomalari o‘rtasida biror-bir nomuvofiqlik bo‘lgan taqdirda, investorlar uchun eng qulay bo‘lgan qoidalar ustuvor kuchga ega bo‘ladi.
Investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish O‘zbekiston Respublikasini va uning hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning davlat vazifalari bajarilishini ta’minlaydigan investitsiya siyosatini amalga oshirish, investitsiyalar samaradorligini oshirish, O‘zbekiston Respublikasi hududidagi turli investitsiya obyektlariga qo‘yilmalar uchun xavfsiz shart-sharoitlarni ta’minlash maqsadida davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish quyidagilar orqali amalga oshiriladi:

  • investitsiya faoliyatining normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish;

  • investitsiya faoliyatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining kafolatlarini taqdim etish;

  • O‘zbekiston Respublikasi hududida maxsus iqtisodiy zonalarni va kichik sanoat zonalarini barpo etish;

  • asosiy fondlarni tezlashtirilgan amortizatsiya qilish huquqini berish;

  • texnik jihatdan tartibga solish normalari, qoidalari va talablarini belgilash;

  • raqobatni qo‘llab-quvvatlash choralarini qo‘llash;

  • yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni amalga oshirish, shuningdek boshqa tabiiy resurslarga egalik qilish va ulardan foydalanish shartlarini belgilash.

Investorlarga bozorda ularni ustuvor mavqega qo‘yuvchi mutlaq qoidalar va huquqlar berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organidir. Investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organining asosiy vakolatlari quyidagilardan iborat:
salohiyatli investorlarga faoliyatining huquqiy, iqtisodiy va boshqa masalalari bo‘yicha maslahat berish hamda ularga yuzaga keladigan masalalarni hal etishda zarur yordam va ko‘mak ko‘rsatish;
yagona davlat investitsiya siyosatini amalga oshirish hamda investitsiya faoliyatini tartibga solish sohasidagi davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatini muvofiqlashtirish;
hamkorlik yo‘nalishlarini va loyihalarini majburiy ravishda kelishgan holda O‘zbekiston Respublikasi davlat boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining va xo‘jalik boshqaruvi organlarining chet el vakolatli organlari, chet el hukumat moliya tashkilotlari hamda xalqaro moliya institutlari, shuningdek kompaniyalar va salohiyatli chet ellik investorlar bilan investitsiyaviy hamkorlik masalalariga doir o‘zaro aloqalarni ta’minlash;
investorlar bilan doimiy ikki tomonlama aloqani ta’minlash, hududlar va mahalliy yuridik shaxslarga investitsiyalarni jalb qilishda ko‘maklashish, investitsiya takliflari ishlab chiqilishini tashkil etish;
O‘zbekiston Respublikasi manfaatlarini ifodalash va xalqaro investitsiya hamjamiyatlari ishida ishtirok etish;
investitsiyalarni jalb qilish, investitsiya muhitini rivojlantirish va O‘zbekiston Respublikasi hududidagi investitsiya faoliyatini takomillashtirish sohasidagi normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va kiritish.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari o‘z vakolatlari doirasida hamda investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organining hududiy bo‘linmalari bilan birgalikda quyidagilarni amalga oshiradi:
mahalliy darajada mamlakatning tegishli hududiga investitsiya qilish hajmlarini kengaytirishni rag‘batlantirishga qaratilgan investitsiya siyosatini olib borish, shu jumladan investitsiyalarni jalb qilish, hududda investitsiya muhitini yanada takomillashtirish, tegishli hududdagi korxonalarning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash;
investitsiya qilishni talab qiladigan istiqbolli loyihalarni, shuningdek bo‘sh turgan davlat mulki obyektlarini hamda yer uchastkalarini hududlarning ehtiyojlari va salohiyatidan (resurs, tabiiy-iqlim, mehnat va h.k.) kelib chiqqan holda o‘rganish va aniqlash;
investorlarning faoliyati bilan bevosita bog‘liq masalalarni, shuningdek zarur hollarda, to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish vositasida istiqbolli tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqish;
tegishli hududdagi investitsiya loyihalarini, shu jumladan chet el investitsiyalari ishtirokidagi investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida va samarali amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi omillarni aniqlash, ularni hal etish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rish;
chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar faoliyatini, shuningdek investorlar tomonidan investitsiya majburiyatlari bajarilishini tahlil qilish asosida tegishli hududning iqtisodiyotiga jalb etilayotgan investitsiyalardan foydalanish samaradorligini oshirish;
tegishli hududning chet el banklari, fondlar, agentliklar va kompaniyalar bilan investitsiyaviy hamkorlik yo‘nalishlarini o‘zaro manfaatli asosda rivojlantirish va diversifikatsiya qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
investitsiyalarni tegishli hududga jalb etish bo‘yicha asosiy yo‘nalishlarni va yanada qulay shart-sharoitlar yaratish uchun chet el investitsiyalarini jalb qilish sohasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish.
Investitsiyalarni jalb etish, amalga oshirish va himoya qilish maqsadida investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organi, boshqa davlat boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari:

  • O‘zbekiston Respublikasida investitsiya faoliyatining imkoniyatlari va shart-sharoitlari haqidagi axborotni tayyorlaydi hamda tarqatadi;

  • salohiyatli investorlarga faoliyatining huquqiy, iqtisodiy va boshqa masalalari bo‘yicha maslahat beradi hamda ularga yuzaga keladigan masalalarni hal etishda zarur yordam va ko‘mak ko‘rsatadi;

  • chet el investitsiyalari masalalari bo‘yicha xalqaro munosabatlarda o‘z vakolatlari doirasida O‘zbekiston Respublikasi nomidan ish yuritadi.

Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga investorlar va investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar tomonidan rioya etilishi ustidan nazorat O‘zbekiston Respublikasi Hukumati vakolat bergan davlat organlari tomonidan o‘z vakolatlari doirasida amalga oshiriladi. Nazorat funksiyalarini amalga oshirishda davlat organi tijorat siri saqlanishini ta’minlashi shart.
Investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash qulay investitsiya muhitini yaratish, yangi raqobatbardosh hamda innovatsion, eksportga yo‘naltirilgan va (yoki) import o‘rnini bosuvchi ishlab chiqarishlarni tashkil etishga doir investitsiyalarni rag‘batlantirish, mavjud ishlab chiqarishlarni zamonaviy texnologiyalarni qo‘llagan hamda zamonaviy boshqaruv tajribasini joriy etgan holda kengaytirish va yangilash maqsadida amalga oshiriladi.
Investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash quyidagi usullarda amalga oshiriladi:

  • imtiyozlar va preferensiyalar qo‘llash;

  • investitsiya loyihasini birgalikda moliyalashtirish uchun markazlashtirilgan investitsiyalar ajratish;

  • moliyaviy, maslahat berish va axborot jihatidan qo‘llab-quvvatlash.

Investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organi investorlarga boshqa davlat organlari bilan o‘zaro hamkorlik qilishda ko‘maklashish maqsadida ishni “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha tashkil etadi. Investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organi va uning hududiy bo‘linmalari ishlarni “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha tashkil etish maqsadida davlat xizmatlari ko‘rsatilishini ta’minlaydi, shu jumladan tegishli Davlat xizmatlari markazlari orqali ta’minlaydi.
Ishlarni “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha tashkil etish quyidagilarni ham o‘z ichiga oladi:
mavjud davlat xizmatlari masalalari bo‘yicha qabul qilish va maslahat berish;
davlat xizmatlarini olish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni tayyorlash va rasmiylashtirishda yordamlashish;
elektron raqamli imzoni, elektron arizani va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirishda yordamlashish;
davlat xizmatlarini olishda investorga davlat boshqaruvi organlarida va mahalliy davlat hokimiyati organlarida hamrohlik qilish.
Investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalariga chet el investitsiyalarini va mahalliy investitsiyalarni jalb qilish hamda ular ishtirokida loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq muammolarni hal etishda ko‘maklashadi.
Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari, xalqaro moliya institutlari huzuridagi O‘zbekiston Respublikasi vakolatxonalari investorlarning muammolari va masalalarini hal etish maqsadida o‘z vakolatlariga taalluqli masalalar bo‘yicha ularga maslahat va axborot yordami ko‘rsatadi.
Yüklə 25,86 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin