Harakatlanuvchi narx - shartnoma tuzilayotgan paytda unda qayd etilgan va ma’lum sharoitda o‘zgarishi mumkin bo‘lgan narx (shartnoma kelishuviga ko‘ra).
Sirpanuvchi narx - bu qoidaga ko‘ra uzoq muddatda tayyorlanadigan mahsulotga belgilangan narx (masalan, kema). Shartnoma tuzilayotganda unda qayd etilgan narx ikkala tomonning kelishuviga ko‘ra o‘zgarishi mumkin.
Vaqt omilini hisobga olgan holda doimiy va vaqtinchalik (mavsumiy) narxlar farqlanadi.
Doimiy narx - bu amal qilish muddati kelishilmagan narx.
Vaqtinchalik (mavsumiy) narx - bu vaqtning ma’lum davrida (mavsumda) amal qiluvchi narx.
Mahsulotlarni yetkazib berish va sotish shartlariga ko‘ra netto narx, brutto narxlar farqlanadi. Netto narx- bu tovarning “sof” narxi. Brutto narx (yalpi narx)- bu oldi-sotdi shartlarini hisobga olib, belgilangan narx (tovarlar bo‘yicha soliqlar, chegirmalar, “franko” turi, sug‘urta).
Bozorning turiga bog‘liq holda auksionlar, birja kotirovkalari narxi farqlanadi. Auksion bahosi - bu auksionda sotilgan tovarning real bahosi. Auksion bu-tovarni raqobatli savdo yo‘li bilan sotish usuli. Sotib oluvchi auksion ishtirokchilaridan minimal narxga erishilganlik sharti bilan eng yuqori narxni taklif qilgan odam bo‘ladi. Auksionlarda momiq-mo‘ynali tovarlar, choy, qadimgi predmetlar, qimmatbaho toshlar va b.lar kabi tovarlar sotiladi.
Birja kotirovkalari -bu tovar birjalarida tuziladigan shartnomalar baholari. Ushbu bozor tovarni hozir kelishilgan narxda olish-sotishni, biroq uni ma’lum paytda yetkazib berishni ko‘zda tutadi. Birja tovarlari narxlari naqd savdo qiluvchi bozorning joriy narxlariga asoslanadi, lekin bundan tashqari ularda foiz stavkalari va inqiroz sur’atlarining o‘zgarishlari ham hisobga olinadi.
Tovar birjalarida narxlari vaqti-vaqti bilan kuchli o‘zgarib turadigan tovarlar bilan operatsiyalar o‘tkaziladi. Haqiqiy tovar almashinishi yuz beradigan naqd pulli bozorlardan farqli ravishda tovar birjalarida faqat shartnomalar oldi- sotdilari o‘z o‘rniga ega.