Ijtimoiy iqtisodiy sohadagi (10 ta) ustuvor halqaro reytinglar va ularga O’zbekistonning integratsiyalashuvi.
Xalqaro reyting va indekslarda Oʻzbekiston Respublikasining oʻrnini yaxshilashga oid chora-tadbirlarni tizimlashtirish toʻgʻrisida;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Iqtisodiy va siyosiy-huquqiy xalqaro reyting va indekslarda Oʻzbekiston Respublikasining oʻrnini yaxshilash, bu borada mutasaddi vazirlik va idoralarning faoliyatini samarali muvofiqlashtirish, xalqaro maydonda mamlakatimiz mavqeini yanada yuksaltirish, xorijiy reyting agentliklari bilan hamkorlikni tizimli ravishda amalga oshirish, masʼul davlat organlari rahbarlariga yuklatilgan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli bajarilishida ularning shaxsiy javobgarligini kuchaytirish maqsadida:
1. Ustuvor xalqaro reyting va indekslarni kompleks ravishda koʻrib chiqish va yaxshilash borasida ijro samaradorligini oshirish hamda mutasaddi vazirlik va idoralar tomonidan olib borilayotgan tegishli chora-tadbirlarni tizimli muvofiqlashtirish lozimligini inobatga olgan holda:
Ustuvor xalqaro reyting va indekslar bilan ishlashni muvofiqlashtirish boʻyicha komissiya (keyingi oʻrinlarda – Komissiya) 1-ilovadagi tarkibga muvofiq tuzilsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tuzilmasiga xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boʻyicha masʼul boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri oʻrinbosari (keyingi oʻrinlarda – moliya vaziri oʻrinbosari) lavozimi kiritilsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tuzilmasida boshqaruv xodimlarining soni qoʻshimcha 10 ta shtat birligidan iborat Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boshqarmasi (keyingi oʻrinlarda – Boshqarma) tashkil etilsin va yuqori malakali kadrlar bilan toʻldirilishi taʼminlansin.
2. Belgilab quyilsinki:
a) Komissiya xalqaro reyting va indekslarda Oʻzbekiston Respublikasining oʻrnini yaxshilash boʻyicha ishlarni amalga oshirish doirasida:
har oyda kamida bir marotaba yigʻiladi;
mutasaddi vazirlik va idoralar tomonidan maqsadli koʻrsatkichlarga erishish uchun ustuvor yoʻnalishlarni belgilab beradi va amalga oshirilayotgan ishlarni muvofiqlashtirib boradi;
tegishli qarorlar qabul qiladi va ularning ijrosini vazirlik hamda idoralar tomonidan sifatli va toʻliqbajarilishini taʼminlaydi, shuningdek, ularning oylik hisobotlarini eshitadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga amalga oshirilgan ishlar yuzasidan har oyda kamida bir marotaba hisobot taqdim etadi;
b) moliya vaziri oʻrinbosari:
xalqaro reyting va indekslarda Oʻzbekiston Respublikasining oʻrnini yaxshilash borasida mutasaddi vazirlik va idoralarningmuvofiqlashtirilgan oʻzaro hamkorligini, ularga yuklatilgan vazifalarni samarali va sifatli bajarish uchun uslubiy va konsultativ yordam koʻrsatishni taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yigʻilishlarida,
shu jumladan, Rayosat majlislarida, mutasaddi vazirlik va idoralar tomonidan xalqaro reyting va indekslarda Oʻzbekiston Respublikasining oʻrnini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar ahvolini tanqidiy koʻrib chiqish boʻyicha takliflar beradi; v) Boshqarma Komissiya ishchi organi boʻlib, mutasaddi vazirlik va idoralarning xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash faoliyatini samarali tashkil etadi va zarur maʼlumotlarni umumlashtiradi, bu borada quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
mutasaddi vazirlik va idoralardan zarur boʻlgan maʼlumotlarni soʻrab oladi, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning natijadorligi yuzasidan axborot-tahliliy materiallar tayyorlaydi va Komissiyaga taqdim qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Xalqaro reytinglar bilan ishlash va “Elektron hukumat” tizimini joriy etish ishlarini muvofiqlashtirish shoʻbasi bilan ustuvor xalqaro reyting va indekslarda Oʻzbekiston Respublikasining oʻrnini yaxshilash uchun kompleks chora-tadbirlarni belgilash yuzasidan yaqindan hamkorlik qiladi;
O`tgan yilning 12 iyun kuni O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Narbaeva rahbarligida Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo’yicha Respublika Kengashining ilk yig’ilishi videokonferentsaloqa shaklida bo’lib o’tdi.
Yig’ilishda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “O’zbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi o’rnini yaxshilash hamda davlat organlari va tashkilotlarida ular bilan tizimli ishlashning yangi mexanizmini joriy qilish to’g’risida”gi Farmoni ijrosini tashkil qilish bilan bog’liq masalalar muhokama qilindi.
Ustuvor xalqaro reyting va indekslar, mamlakat hayotida o’ziga xos “kompas” vazifasini bajarib, shunga qarab amalga oshirilayotgan islohotlarning sifati va samaradorligini aniqlash, kelgusi qadamlarini prognozlashtirish imkoniyatini berishi ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan hozirda xalqaro reytinglar va indekslarda O’zbekiston Respublikasining o’rnini mustahkamlash masalasiga davlat darajasida e’tibor qaratilib, bu borada huquqiy va institutsional asoslar shakllantirilmoqda.
Jumladan, so’nggi 3 yilda mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-xuquqiy sohalarga oid xalqaro reyting va indekslardagi mavqeini oshirish bo’yicha Davlatimiz rahbarining 13 ta farmon va qarori qabul qilingan.
O’zbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi o’rnini yaxshilash bo’yicha 7 ta chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanib, mutasaddi vazirlik va idoralar, ilmiy-tadqiqot institutlari bilan birgalikda xalqaro reytinglarni hisoblash metodologiyalarining tahlili, ularda O’zbekistonga berilayotgan baholarga sabab bo’layotgan omillar o’rganib borilmoqda.
Xalqaro reyting va indekslarni yurituvchi xalqaro va xorijiy tashkilotlarning aksariyati bilan hamkorlik aloqalari o’rnatildi.
Yig’ilish davomida Kengash ishchi organlari tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy hamda siyosiy-huquqiy sohadagi reytinglar va indekslar bo’yicha amalga oshirilgan ishlari, mavjud muammolar, O’zbekistonning xalqaro reyting va indekslardagi o’rnini oshirishga to’sqinlik qilayotgan masalalar va kelgusida ijobiy natijalarga erishish bo’yicha takliflar to’g’risidagi axborotlari tinglandi. Mamlakatimizning xalqaro reytinglardagi joriy o’rni batafsil tahlildan o’tkazildi.
Shu bilan birga, Farmon bilan tegishli reyting va indekslarda samaradorlikning eng muhim ko’rsatkichlari (KPI)ga erishish uchun mas’ul etib belgilangan vazirlik va idoralarning faoliyati tanqidiy ko’rib chiqildi hamda kelgusi vazifalar belgilab olindi.
Xalqaro reytinglar va indekslarda O’zbekistonning o’rnini yaxshilash yo’nalishida mahalliy davlat hokimiyati organlarining oldida turgan dolzarb masalalar ko’rib chiqildi hamda ustuvor yo’nalishlar ko’rsatib o’tildi.
Yig’ilish yakuni bo’yicha mamlakatimizning ilmiy tadqiqot muassasalarining xalqaro reytinglar va indekslarda baholanadigan sohalarda mavjud muammolarni o’rganish, ularni bartaraf etish bo’yicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish borasidagi rolini oshirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.