Iqtisodiy bilim asoslari. 9-sinf (2014 E.Sariqov B.Haydarov)
FIRMANING SINISHI (BANKROTLIK) Shunday qilib, har bir tadbirkorning eng katta muammosi aylanma mablag‘ning
bir maromda aylanib turishini ta’minlashdan, imkon bo‘lsa, uning miqdorini
ko‘paytirish va aylanishini tezlatishdan iborat, deyish mumkin. Lekin, ko‘p
hollarda, uzoqni ko‘zlab ish tutmaslik oqibatida korxona o‘z aylanma mablag‘idan
ajralib qoladi. Bunday holatlarda, keskin chora-tadbirlar ko‘rilmasa, boshqa
moliyaviy manbalar ishga solinmasa, korxonaning ishlab chiqarish faoliyati to‘xtab
qolishi mumkin.
Ma’lumki, korxona mahsulot ishlab chiqaradimi, yo‘qmi, u ma’lum xarajatlar
uchun mablag‘ sarflashga majbur. Shu bois, korxonada ishlab chiqarish jarayonining
to‘xtashi, vaqt o‘tgan sari uning qarzga botishiga olib keladi. Qarzlar o‘sib shu
darajaga boradiki, natijada, korxona bu qarzlarni to‘lash imkoniyatiga ega bo‘lmay
qoladi. Bunday holatlarda korxona bankrot(“sindi”) deb e’lon qilinadi. Korxonaga
tegishli mol-mulk sotuvga, odatda, kimoshdi savdosiga qo‘yiladi. Sotishdan tushgan
pullar davlat va boshqa firmalar oldidagi qarzlarni qoplashga ishlatiladi.
Respublikamizda “Bankrotlik to‘g‘risida”gi qonun 1994- yilda qabul qilingan.
Unda qarzlarini to‘lashga qodir bo‘lmagan korxonalarni “bankrot” deb e’lon qilish
yo‘l-yo‘riqlari belgilangan.
Korxonalar, firmalar ta’sischilar kengashi qaroriga ko‘ra yoki bankrot deb
e’lon qilingan taqdirda tugatilishi mumkin. Firmalarni tugatish firma nizomida
va amaldagi qonunlarda ko‘zda tutilgan yo‘l-yo‘riqlar asosida amalga oshiriladi.
Korxona tugatilayotgan paytda, uning davlat va boshqa firmalar hamda tashkilotlar
oldidagi qarzlari to‘langandan so‘ng, qolgan mol-mulk va pul mablag‘lari ta’sischilar
o‘rtasida korxona nizomida ko‘zda tutilgan tartibda taqsimlanadi. Korxona shahar
(tuman) hokimligi tomonidan tugatilishi haqidagi qaror chiqqandan keyingina
tugatilgan hisoblanadi.