Markazdan boshqarish tartibi ustun bo‘lgan mamlakatlarda davlatning iqtisodiy jarayonlarga aralashuvida bevosita ta’sir qilish usullari ustun bo‘lsa, bozor iqtisodiyoti esa birinchi navbatda iqtisodiy jarayonlarni bilvosita tartibga solish bilan bog’langan. Shu bilan birga barcha mamlakatlarda iqtisodiyotning davlat sektori mavjud. Davlat sektorini boshqarish mulkchilikning davlat shakliga asoslanib, u asosan quyidagi uchta yo‘l orqali shakllanadi:
1) ishlab chiqarish vositalari egalariga pul yoki qimmatli qog’ozlar bilan tovon to‘lash orqali mulkni milliylashtirish;
2) davlat byudjeti mablag’lari hisobiga yangi korxonalar, ba’zi hollarda yaxlit tarmoqlarni barpo etish;
3) davlat tomonidan xususiy korporatsiyalarning aksiyalarini sotib olish va aralash davlat-xususiy korxonalarini tashkil etish.
Hozirda so‘nggi uchinchi yo‘l ustun ravishda amal qilmoqda.
Davlat iqtisodiyotni bevositatartibga solishda quyidagi ma’muriy vositalardan foydalanadi:
a) iqtisodiyotning ayrim bo‘g’inlari – transport, aloqa, atom va elektr energetikasi, kommunal xizmat va boshqa sohalarni bevosita boshqarish; b) narxlar va ish haqini «muzlatib» qo‘yish siyosati; v) ish bilan bandlik xizmati faoliyati (mehnat birjalari)ni tashkil qilish; g) iqtisodiy sohani tartibga solishni ko‘zda tutuvchi qonunlarni ishlab chiqish va qabul qilish (monopoliyaga qarshi qonunchilik, tadbirkorlik to‘g’risidagi, bank sohalari, qimmatli qog’ozlar bozorining faoliyatini tartibga solishni ko‘zda tutuvchi qonunlar).
Iqtisodiyotni bilvosita tartibga solishda iqtisodiy dastak va vositalarga ustunlik beriladi. U davlatning pul-kredit va byudjet siyosatida o‘z ifodasini topadi.