Iqtisodiy subyektlar faoliyatini davlat tomonidan moliyaviy tart
1-rasm. Milliy iqtisodiyot samaradorligini ta’minlovchi yo’llar3 A.Smit davlatning iqtisodiy jarayonlarga har qanday aralashuvi oxir oqibatda faqat vaziyatni yomonlashtiradi deb hisoblaydi. Biroq, uning mazkur nazariyasi 1929-1933 yillarda bozor iqtisodiyotiga asoslangan deyarli barcha mamlakatlarni qamrab olgan iqtisodiy inqiroz davrida tanqidga uchradi. Iqtisodiy tanazzul va ommaviy ishsizlik davlatning iqtisodiy jarayonlarga aralashuvini kuchaytirishni taqozo qildi.
Davlatni iqtisodiyotdagi rolini oshirish masalasi J.M. Keynsning «Ish bilan bandlik, foiz va pulning umumiy nazariyasi» (1936 yil) nomli kitobida o’z aksini topdi. Bu kitobda muallif davlat fiskal va kreditli tartibga solish vositalaridan foydalanib, jamiyatning yalpi talabini rag’batlantirishni va aholining ish bilan bandligini ta’minlashi zarurligini isbotlaydi.
Urushdan keyingi davrda Keyns nazariyasidagi ko’rsatmalar u yoki bu darajada bozor iqtisodiyoti amalda ustun bo’lgan barcha mamlakatlarda foydalanildi. Shu bilan birga davlatning iqtisodiyotdagi rolini yanada ko’proq oshib borishi ro’y berdi. Hozirgi davrda davlat tomonidan tartibga solishning muhim maqsadi sifatida nafaqat siklga qarshi tartibga solish va ish bilan bandlikni ta’minlash, balki iqtisodiy o’sishning yuqori darajasini va yaxlit takror ishlab chiqarish jarayonini optimallashtirishni rag’batlantirish tan olinadi.
Ma’muriy-buyruqbozlikka asoslangan tizimdan bozor iqtisodiyotiga o’tish sharoitida davlatning milliy iqtisodiyotga aralashuvi quyidagi holatlar orqali izohlanadi.
Birinchidan, davlat o’ziga milliy iqtisodiyotda bozor vositasida o’zini-o’zi tartibga solish orqali bajarish mumkin bo’lmagan yoki samarali ravishda amalga oshirib bo’lmaydigan vazifalarni oladi.
Ikkinchidan, bozor iqtisodiyoti sharoitida ishlab chiqarish va iste’molning xususiy tavsifi bir qator ijobiy va salbiy oqibatlarni tug’diradi. Davlat yakka tadbirkor yoki iste’molchidan farqli, jamiyat manfaatini ifodalab, qo’shimcha ijobiy samarani rag’batlantirishga va aksincha salbiy samara bilan bog’liq faoliyatni tartibga solishi va cheklashga harakat qilishi zarur.
Uchinchidan, davlatning iqtisodiy jarayonlariga aralashuvi shu sababli ro’y beradiki, individual iste’molchilar hamma vaqt u yoki bu tovarni iste’mol qilishning oqibatlarini ob’ektiv baholay olmaydi. Shu nuqtai nazardan, davlat foydali iste’molni kengaytirish va aksincha sog’liqqa salbiy ta’sir ko’rsatuvchi tovarlar iste’molini cheklash vazifasini o’z zimmasiga oladi.
To’rtinchidan, davlat o’z zimmasiga bozorning tabiatidan kelib chiqadigan ayrim holatlarni qisman yengillashtirish vazifasini oladi.
Beshinchidan, hozirgi sharoitda barqaror, izchil iqtisodiy o’sishni rag’batlantirish vazifasi ham davlatning zimmasiga tushadi.
Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishning ma’lum chegaralari ham mavjud bo’lib, ular davlatning ishlab chiqarish samaradorligiga ta’siridan kelib chiqadi. Iqtisodiyotga davlatning har qanday aralashuvi ma’lum xarajatlarni taqozo etadi. Ularga eng avvalo tartibga solishni tashkil etish va amalga oshirish bo’yicha xarajatlarni kiritish mumkin. Shuningdek, tartibga solishning u yoki bu shakli bozor muvozanati, ishlab chiqarish hajmi, resurslarning qayta taqsimlanishiga ko’rsatishi mumkin bo’lgan ta’sirni ham hisobga olish lozim. Bunda tartibga solishni amalga oshirish bilan bog’liq bo’lgan sarf-xarajatlarning miqdori davlatning iqtisodiyotni tartibga solishi natijasida olinadigan samaradan kam bo’lishi lozim. Ularning nisbati davlatning iqtisodiyotga aralashuvi chegaralarini belgilab beradi.
XX asrning 80-yillarida rivojlangan mamlakatlarda yangi konservativ konsepsiyalar asosida iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishni cheklash jarayonlari boshlandi. Bunda tartibga solishning an’anaviy shakllaridan voz kechildi, davlat mulkini xususiylashtirish yo’li bilan davlat sektori ulushi qisqartirildi, xo’jalik qarorlarini qabul qilishda nomarkazlashuv jarayonlari kuchaytirildi, iqtisodiyotdagi bozor mexanizmlarining ahamiyati oshirildi. Jumladan, AQShda bu tadbirlar «Amerikaning yangi rivojlanish yo’li: iqtisodiy jihatdan yangilanish dasturi» nomli yo’nalish asosida amalga oshirilib, unda daromad solig’i stavkalarining pasaytirilishi, iqtisodiy o’sishni rag’batlantirish maqsadida yirik korporatsiyalar investitsiyalari uchun soliq imtiyozlarini qo’llash, federal hukumat xarajatlarini cheklash, xususiy biznes faoliyatining davlat tomonidan tartibga solinishini kamaytirish, inflyatsiyaga qarshi pul-kredit siyosatini o’tkazish ko’zda tutilgan edi.
Biroq, olib borilgan tadbirlar kutilgan natijani bermadi. Masalan, AQShda YaMMdagi davlat sarflari ulushi 1980 yilda 22,6% bo’lsa, 1987 yilga kelib 27%ga qadar o’sdi. Davlat qarzlari kamayish o’rniga o’sib ketdi, inflyatsiyaning pasayishi moliya tizimining izdan chiqishdan saqlab qola olmadi. Aksincha, inflyatsiyaning cheklanganligi uchun o’sish sur’atlarining pasayishi, ishsizlikning o’sishi, real ish haqining pasayishi kabi holatlar yuzaga keldi. Bunday jarayonlar Angliya, Yaponiya, Avstriya, Italiya va boshqa mamlakatlarda ham ro’y berdi4.
90-yillardan boshlab iqtisodiyotni tartibga solishda keynscha tendensiyalar yangidan kuchaya boshladi. Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishning yangi tipi davlat va xususiy sektor o’rtasidagi munosabatlarni ro’yobga chiqarish, davlat tomonidan tartibga solishning moslashuvchanligini oshirish, to’g’ridan-to’g’ri aralashuv shakllari va byurokratik nazoratning kamayishi bilan tavsiflanadi.
Bozor iqtisodiyoti o’zining ob’ektiv qonunlari hamda o’zini-o’zi tartiblash dastaklari, vositalari orqali amal qiladi. Ammo bozor iqtisodiyotining ijobiy jihatlari bilan bir qatorda salbiy jihatlari ham mavjuddir. Ularning eng asosiysi iqtisodiyotdagi ob’ektiv qonunlar va munosabatlar, regulyatorlar asosida shakllanadigan bozor muvozanati hamda mutanosibliklarining buzilishi oqibatida vujudga keladigan nomutanosibliklarning kuchayishi, iqtisodiy tanglik va inqirozlardir. Inqirozlar natijasida iqtisodiy pasayish, ishsizlik, infyatsiyaning kuchayishi, xalq turmush darajasining yomonlashuvi sodir bo’ladi. Shu boisdan ham davlatning iqtisodiyotga aralashuvi va uni ustuvir ravishda iqtisodiy dastak va vositalar yordamida tartiblashi zarur bo’ladi. Bu esa zamonaviy bozor iqtisodiyotining o’zini-o’zi tartiblashining bozor mexanizmi bilan uni davlat tomonidan tartibga solish mexanizmini uyg’unlashtirishni hamda unga mos ravishda davlat iqtisodiy siyosatini shakllantirishni taqozo etadi. Ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun davlatning iqtisodiy siyosati mamlakatimizda rivojlanayotgan bozor iqtisodiyotini tartiblash mexanizmini yanada takomillashtirish va bozorning o’zini-o’zi tartiblashning ob’ektiv mexanizmi bilan uyg’unlashtirish muxim ahamiyat kasb etadii Iqtisodiy subyektlarni davlat tomonidan tartibga solish ob’ektiv tavsif kasb etadi. Ko’plab iqtisodchilar iqtisodiy subyektlarni davlat tomonidan tartibga solinishining zarurligini faqat bozorning kamchiliklari, uning ko’plab iqtisodiy muammolarni hal eta olmaslik holati bilan izohlaydilar. Bu ma’lum ma’noda to’g’ri bo’lsada, biroq, iqtisodiyotga davlat ta’sirining ob’ektiv zarurligini eng avvalo ishlab chiqaruvchi kuchlarning rivojlanishi bilan belgilanadi. Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishning ob’ektiv asosi bo’lib ham milliy iqtisodiyot darajasida, ham xalqaro miqyosda ijtimoiy mehnat taqsimotining rivojlanishi negizida ishlab chiqarishning umumlashuvi jarayoni xizmat qiladi.
Bu jarayon quyidagilarda namoyon bo’ladi:
- chuqurlashib borayotgan ijtimoiy mehnat taqsimoti asosida ishlab chiqarishning ixtisoslashgan tarmoqlarining o’zaro aloqasi va o’zaro bog’liqligi yanada kuchayadi;
- ishlab chiqarishning kooperatsiyalashuvi va markazlashuvi natijasida alohida xo’jalik birliklarining mayda bo’laklarga ajralib ketish holatlari barham topadi;
- ishlab chiqarishning yirik korxonalarda to’planuvi jarayoni o’sadi;
- turli iqtisodiy mintaqalar o’rtasidagi iqtisodiy aloqalar va faoliyat almashuvi jadallashadi.
Ishlab chiqarishning umumlashuvi darajasining oshishi bilan o’zaro muvofiqlashtirilgan holda xo’jalik yuritish, takror ishlab chiqarish nisbatlarini ongli ravishda tartibga solish, yirik ishlab chiqarish majmualari, yaxlit iqtisodiyotni markazlashtirilgan holda boshqarishga ob’ektiv ehtiyoj paydo bo’ladi. Shunga ko’ra, iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish ishlab chiqarish munosabatlarining har qanday tizimida ishlab chiqarish umumlashuvining ma’lum darajasida ob’ektiv zaruriyatga aylanadi.
Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish deganda davlatning jamiyat a’zolarining ehtiyojlarini qondirish darajasini oshirish uchun cheklangan ishlab chiqarish resurslaridan yanada samarali foydalanishni ta’minlovchi, umumiy iqtisodiy muvozanatga erishishga yo’naltirilgan, ijtimoiy takror ishlab chiqarish jarayonini tashkil etish bo’yicha faoliyati tushuniladi.
Bozor xo’jaligi sharoitida iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish qonunchilik, ijro etish va nazorat qilish xususiyatidagi tadbirlar tizimidan iborat bo’ladi.
Hozirgi sharoitda iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish takror ishlab chiqarish jarayoniga tegishli bir qator vazifalarni hal qilishga qaratiladi. Bular jumlasiga iqtisodiy o’sishni rag’batlantirish, bandlikni tartibga solish, tarmoq va mintaqaviy tuzilmalardagi ijobiy siljishlarni qo’llab-quvvatlash, eksportni himoya qilish kabilarni kiritish mumkin.
Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish mexanizmi to’g’risida to’laroq tasavvurga ega bo’lishi uchun uning maqsadi, vazifalari va tartibga solish usullari hamda vosita yoki dastaklarini to’laroq tavsiflash lozim.
Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishning asosiy maqsadi iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, mavjud tuzumni mamlakat ichida va xalqaro maydonda mustahkamlash va uni o’zgarib turuvchi sharoitga moslashtirish hisoblanadi.
Bu asosiy maqsaddan bir qator aniq maqsadlar kelib chiqadi. Ular jumlasiga iqtisodiy siklni barqarorlashtirish; milliy xo’jaliklarning tarmoq va mintaqaviy tuzilishini takomillashtirish, atrof-muhit holatini yaxshilash kabilarni kiritish mumkin. Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishning maqsadi uning quyidagi vazifalarida aniq namoyon bo’ladi (2-rasm):
1) bozor tizimining samarali amal qilishiga imkon tug’diruvchi huquqiy asos va ijtimoiy muhitni ta’minlash;
2) raqobatni himoya qilish;
3) daromad va boylikni qayta taqsimlash;
4) resurslarni qayta taqsimlash;
5) iqtisodiyotni barqarorlashtirish, ya’ni iqtisodiy tebranishlar vujudga keltiradigan inflyatsiya va bandlilik darajasi ustidan nazorat qilish hamda iqtisodiy o’sishni rag’batlantirish.
Davlat bozor iqtisodiyotining samarali amal qilishining shart-sharoiti hisoblangan huquqiy asosni ta’minlash vazifalarini o’z zimmasiga oladi. Bozor iqtisodiyoti uchun zarur bo’lgan huquqiy asosni ta’minlash quyidagi tadbirlarning amalga oshirilishini taqozo qiladi: xususiy korxonalarning huquqiy mavqeini mustahkamlash; xususiy mulkchilik huquqini ta’minlash va shartnomalarga amal qilishni kafolatlash; korxonalar, resurslarni yetkazib beruvchilar va iste’molchilar o’rtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonuniy bitimlarni ishlab chiqish va boshqalar.