Ishlab chiqarish vositalari – odamlar tomonidan moddiy ne’matlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish jarayonida foydalaniladigan mehnat vositalari va mehnat predmetlarining yig‘indisi. Mehnat vositalari yordamida inson iste’mol qiymatini yaratish maqsadida mehnat predmetiga ta’sir qiladi.
Mehnat predmetlari – ishlab chiqarish vositalarining inson mehnatiga yo‘naltirilgan qismi. Mehnat predmetlari yo tabiat tarafidan berilgan bo‘ladi yoki mehnat mahsuloti bo‘ladi.
Mehnat vositalari (mehnat qurollari) – odamlar ular yordamida mehnatga, narsalarga ta’sir ko‘rsatib, narsalarning ko‘rinishlarini o‘z maqsadlari va talablariga muvofiq ravishda o‘zgartiradigan ishlab chiqarish vositalarining yig‘indisidir.
Yer (tabiiy resurslar)ning ishlab chiqarish omili ekanligi haqida gapirganimizda biz sayyoramizda mavjud bo‘lgan va iqtisodiy ne’matlar ishlab chiqarish uchun yaraydigan barcha tabiiy resurslarni nazarda tutamiz. Tabiiy resurslarning ayrim unsurlari (elementlari)ning o‘lchamlari odatda u yoki bu maqsadlarga mo‘ljallangan yerlarning maydoni, suv resurslari yoki yer ostidagi foydali qazilmalarni hajmlari bilan ifodalanadi. Yer – unumdor bo‘lishi uchun odatda mehnat va kapital bilan qo‘shilishi kerak bo‘lgan asosiy ishlab chiqarish omillaridan biridir.
Yer – tovar ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish uchun qishloq xo‘jalik mahsulotlarini ishlab chiqarish, uylar, shaharlar, yo‘llar qurish uchun foydalanish mumkin bo‘lgan «tabiatning tekin ne’mati», tabiiy resursidir.
Kapital haqida gapirganimizda biz odamlar o‘z kuchlarini oshirish va zarur ne’matlarni tayyorlash imkoniyatlarni kengaytirish uchun yaratgan ishlab chiqarish texnik apparatini hammasini nazarda tutamiz. Soddaroq qilib aytganda, kapital ishlab chiqarishga mo‘ljallangan bino va inshootlar, dastgohlar, uskunalar, temir yo‘llar, ya’ni tovarlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatishning zamonaviy texnologiyalarini amalga oshirishni qo‘llash uchun zarur bo‘lgan hamma narsalardan iboratdir. Kapitalning hajmi odatda, uning summalar qiymati bilan o‘lchanadi.
Kapital – bu odamlar tomonidan yaratilgan, tovarlarni ishlab chiqarish va xizmatlarini ko‘rsatishda foydalaniladigan ishlab chiqarish vositalari hamda pul jamg‘armalaridir. Bu vositalarni ishlab chiqarish va to‘plash jarayoni investitsiyalash deb ataladi.
Bunda yana ikki holatni ko‘rsatib o‘tish lozim.
Birinchidan, investitsiya qilinadigan tovarlar (ishlab chiqarish vositalari) iste’mol tovarlaridan shunisi bilan farq qiladiki, keyingilari talablarni bevosita qondiradi. Birinchilari esa iste’mol tovarlarini ishlab chiqarishni ta’minlar ekan, bu ishni bilvosita qiladilar.
Ikkinchidan, keltirilgan ta’rifda «kapital» termini pulni nazarda tutmaydi. To‘g‘ri, menejer va iqtisodchilar mashina, uskuna va boshqa ishlab chiqarish vositalari sotib olish uchun ishlatishi mumkin bo‘lgan pulni nazarda tutib tez-tez «pul kapitali» haqida gapiradilar. Ammo o‘z-o‘zidan pullar hech narsa ishlab chiqarmaydilar, demak, ularni iqtisodiy resurs deb hisoblash mumkin emas.
Tabiiy kapital – jamiyatga ajratilgan va ishlab chiqarish maqsadlarida ishlatilishi mumkin bo‘lgan tabiiy ishlab chiqarish resurslarining zaxirasidir.
Sanoat kapitali – moddiy ishlab chiqarish sohasida tovarlar yaratish va xizmatlar ko‘rsatish uchun qarz qilib berilgan kapital. Kapitalning doiraviy aylanishi jarayonida kapitalning uch shakli: sanoat kapitali, ishlab chiqarish kapitali va tovar kapitalini farqlaydilar.
Dostları ilə paylaş: |