Asosiy tayanch tushunchalar: Iqtisodiyot – cheklangan iqtisodiy resurslardan unumli foydalanib, insonlar uchun zarur bo’lgan hayotiy vositalarni ishlab chiqarish va etkazib berishga qaratilgan va chambarchas bog’liqlikda amal qiladigan faoliyatlar birligini ta’minlovchi iqtisodiy tizim.
Ehtiyoj - insonning yashashi va kamol topishi uchun kerakli hayotiy vositalarga bo’lgan zaruriyat.
Iqtisodiy resurslar – ma’lum davrda ma’lum bir mamlakat ixtiyorida to’plangan va mavjud bo’lgan ishlab chiqarish, xizmat ko’rsatish, ularni iste’molchilarga etkazib berish va iste’mol jarayonlarida qo’llanilishi mumkin bo’lgan vositalar, qo’r-qutlar, imkoniyatlar va manbalardir.
Iqtisodiyot fanining predmeti – iqtisodiy resurslar cheklangan sharoitda jamiyatning cheksiz ehtiyojlarini qondirish maqsadida hayotiy ne’matlarni (va xizmatlarni) ishlab chiqarish, taqsimlash, ayirboshlash va ularni iste’mol qilish jarayonida vujudga keladigan iqtisodiy munosabatlar tizimini, ijtimoiy xo’jalikni samarali yuritish qonun – qoidalarini o’rganishdan iboratdir.
Iqtisodiy qonunlar - iqtisodiy hayotning turli tomonlarini, iqtisodiy hodisa va jarayonlar o’rtasidagi takrorlanib turadigan, barqaror sabab-oqibat aloqalarini, ularning o’zaro bog’liqligini ifodalaydi.
Iqtisodiy kategoriyalar - doimo takrorlanib turadigan iqtisodiy jarayonlar va real hodisalarning ayrim tomonlarini ifoda etuvchi ilmiy-nazariy tushunchalar.
Takrorlash uchun savollar va topshiriqlar: Iqtisodiyot tushunchasi va uning bosh masalasi nima?
Ehtiyoj nima? Uning qanday turlarini bilasiz?
Iqtisodiy resurs tushunchasiga va uning turlariga ta’rif bering.
Nima uchun hayotiy vositalarni ishlab chiqarish va etkazib berish insonning turli xil faoliyatlari ichida eng asosiylari hisoblanadi?
Iqtisodiyot fanining predmeti nimadan iborat? U boshqa iqtisodiy fanlar ichida qanday o’rin tutadi?
Iqtisodiy qonunlar nima va ularning qanday turlari mavjud? Iqtisodiy qonunlarning iqtisodiy kategoriyalardan farqi nimada namoyon bo’ladi?