5. Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishning amaliy natijalari tahlili va iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish yo’nalishlari O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasining ma’lumotlariga ko’ra, yalpi ichki mahsulotning 81 foizi nodavlat, 19 foizi esa davlat sektorida ishlab chiqarilmoqda. Yalpi qishloq xo’jalik mahsulotlari, chakana savdo va umumiy ovqatlanish sohasida nodavlat sektor ulushi 100 foizga yaqinlashib qoldi. Ish bilan band aholining 80 foizdan ziyodi mazkur tizimda mehnat qilayotir.
Mamlakatimizda iqtisodiy islohotlarning har bir bosqichida makroiqtisodiy barqarorlikni va iqtisodiy o’sishni ta’minlash davlat tomonidan tartibga solingan asosiy ustuvor vazifa etib belgilab kelindi. Ma’lumki, davlat tomonidan tartibga solinish natijasida erishilgan makroiqtisodiy barqarorlik mamlakatning YaIMda namoyon bo’ladi va u davlatning iqtisodiy qudratiga baho beradi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko’ra, 2019-yilda O’zbekiston Respublikasi yalpi ichki mahsuloti (YaIM) hajmi joriy narxlarda 511 838,1 mlrd. so’mni tashkil etdi va 2018-yil 1 bilan taqqoslaganda 5,6 % ga o’sdi. YaIM deflyator indeksi 2018-yildagi narxlarga nisbatan 119,2 % ni tashkil etdi.
2019-yil yakunlariga ko’ra, YaIM tarkibida tovarlar ishlab chiqarishda 300 304,2 mlrd. so’m, xizmatlar ko’rsatish sohasida - 165 053,2 mlrd. so’m miqdorida yalpi qo’shilgan qiymat yaratildi, mahsulotlarga sof soliqlar esa 46 480,7 mlrd. so’mni tashkil etdi.
Keltirilgan diagrammada ko’rinib turibdiki, 2019-yilda YaIM o’sishi 2018-yildagi 5,4 % va 2017-yildagi 4,5 % ga nisbatan 5,6 % gacha jadallashdi. YaIM deflyator indeksining o’sishi esa 2018-yildagi 27,5 % va 2017-yildagi 19,4 % ga nisbatan 2019-yilda 19,2 % gacha sekinlashdi (5-rasm).
5-rasm. 2017-2019 yillarda YaIM fizik hajmi indeksi va deflyator indeksi dinamikasi11 Mamlakat iqtisodiyotining yuqori sur’atlarda o’sishi davlat tomonidan amalga oshirilayotgan barcha mavjud imkoniyatlarning safarbar qilinayotganligi hamda o’zini oqlagan islohotlar strategiyasining izchil davom ettirilayotganligi hisobiga ta’minlanmoqda. Xususan:
– xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, biznes yuritish, mahalliy va xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish uchun zarur sharoit va qulay muhit yaratish borasida aniq chora-tadbirlarning amalga oshirilishi;
– sanoatni rivojlantirish va ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash, yuqori texnologiyali va zamonaviy ishlab chiqarish ob’ektlarini ishga tushirish, ushbu sohada keng qamrovli investitsion dasturlarning izchillik bilan amalga oshirilishi;
– iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmini tubdan oshirish, bunda sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish ko’lamining yanada kengaytirilishi;