Birinchidan, tijorat banklari tizimining faoliyati orqali ijtimoiy ishlab chiqarishdagi makroiqtisodiy muvozanatlarga iqtisodiy usullar bilan ta`sir ko`rsatiladi, ya`ni iqtisodiyot pul-kredit dastaklari vositasida tartibga solinadi.
Ikkinchidan, moliyaviy resurslarning ular eng yuqori samara beradigan sohalar va korxonalarga erkin o`ta olishi uchun sharoit vujudga keladi.
Kapitalning manbai bo`yicha davlat banklari va xususiy banklar, operatsiyalarining xarakteri bo`yicha esa universal va ixtisoslashgan (ipoteka, omonat, investitsion va h.k.) banklar mavjud.
Hozirgi kunda banklar tomonidan bajariladigan trast, lizing va faktoring operatsiyalari keng tus olmoqda. Trast (ishonch) operatsiyalarida mijozlar banklarga bankdagi o`z mablag`lariga qimmatli qog`ozlar sotib olish huquqini yoki bankka topshirib qo`yilgan qimmatli qog`ozlar bilan bog`liq faoliyatni amalga oshirish huquqini ishonib topshiradilar. Bu operatsiyalardan kelgan daromadlar mijoz bilan bank o`rtasida taqsimlanadi. Lizing operatsiyalarida bank o`z ixtiyoridagi moddiy mulkni kredit shartlari asosida ijaraga topshiradi. Faktoringda kompaniya o`z debitorlik qarzlarini boshqarish bo`yicha operatsiyalarni bank ixtiyoriga berib qo`yadi.
Hozirgi kunda banklar faqat xususiy biznes bilangina emas, balki davlat bilan ham chambarchas bog`lanib ketgan. Banklar hukumat xarajatlarini mablag` bilan ta`minlashda, davlat byudjetining kamomadini qoplashda qatnashadilar, hukumatning qimmatli qog`ozlarini bozorda sotib beradilar yoki o`zlari sotib oladilar. Ko`pchilik mamlakatlarda pul emissiyasi bilan shug`ullanuvchi va kredit tizimini nazorat qiluvchi markaziy bank bilan bir qatorda ko`pgina yirik tijorat banklari ham davlat ixtiyoridadir. Bundan tashqari iqtisodiyotning ayrim sohalarini (qishloq xo`jaligi, tashqi savdo, uy-joy qurilishi va h.k.) kreditlovchi maxsus davlat muassasalari ham mavjud.
Faoliyat xarakteriga ko`ra banklar emissiya, tijorat va ixtisoslashgan banklardan iborat. Mamlakat kredit tizimining markaziy bo`g`ini emission bank bo`lib, davlat unga monopol ravishda muomalaga pul chiqarish huquqini bergan. Emissiya banki boshqa banklarni kreditlash bilan shug`ullanadi va shu ma`noda u banklarning bankidir. O`zbekiston Respublikasida bu vazifalarni O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki bajaradi.
Markaziy bank emissiya vazifalari bilan bir qatorda boshqa kredit muassasalari pul rezervlarini, mamlakat oltin va valyuta rezervlarini, saqlash bilan shug`ullanadi, davlatning qimmatli qog`ozlarini sotib oladi, banklararo kliring (bir-biri bilan qarzlarni e`tiborga olib hisob-kitob qilish) hisob-kitoblarini amalga oshiradi.
“O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki to`g`risida”gi Qonunga binoan Markaziy bank davlatning bosh banki hisoblanadi. O`z sarf-xarajatlarini o`z daromadlari hisobidan qoplaydi va iqtisodiy jihatdan mustaqil hisoblanadi.
O`zbekistonda tijorat banklari yuridik va jismoniy shaxslardan omonatlar qabul qilish hamda qabul qilingan mablag`lardan tavakkal qilib kredit berish yoki investitsiyalash uchun foydalanish hamda to`lovlarni amalga oshirish bilan shug`ullanuvchi tijorat tashkilotlaridir.
Tijorat banklari bank tizimining quyi bo`g`ini bo`lib, ular tijorat qoidalari asosida mijozlarga kredit va hisob-kitob xizmati ko`rsatadi. Ko`pchilik hollarda tijorat banklari universal xarakterda, ya`ni bank faoliyatiga oid barcha yoki ko`pchilik operatsiyalarni ijro etadilar.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.Karimov I.A. O`zbekiston iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish yo`lida. T.: “O`zbekiston”, 1995.
2.Karimov I.A. Iqtisodiyotni erkinlashtirish, resurslardan tejamkorlik bilan foydalanish – bosh yo`limiz. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlisida so`zlangan nutq. “Xalq so`zi”, 2002 yil, 15-fevral.
3.Karimov I.A. Milliy istiqlol, iqtisod, siyosat, mafkura. 1-jild. T.: “O`zbekiston”, 1996.
4.Karimov I.A. O`zbekiston XXI asr bo`sag`asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari. T.: “O`zbekiston”, 1997.