Idrokning asosiy xususiyatlari quyidagilardan iboratdir; a) predmetlarni to‘g‘ri va to‘liq idrok qilish o‘sha predmetlar mansub bo‘lgan fonga bog‘liqdir;
b) bir fondagi ikkita predmetni baravariga idrok qilib bo‘lmaydi;
v) predmetlar katta fonda kichik, kichik fonda esa katta ko‘rinadilar;
g) predmetni to‘g‘ri va to‘liq idrok qilish o‘sha predmet bilan ko‘z o‘rtasidagi masofaga bog‘liqdir. Predmet va ko‘z o‘rtasidagi masofa qancha uzoq bo‘lsa, shuncha predmet o‘z aksini yo‘qotgandek ko‘rinadi;
d) to‘g‘ri va to‘liq idrok qilish (predmetlarni va voqea-hodisalarni ) shaxsning turmush tajribasiga, bilimiga, diqqatiga, kasbiga va tafakkuriga bog‘liq bo‘ladi;
ye) voqealarni to‘g‘ri idrok qilish shaxsning g‘oyaviy yo‘nalishi, e’tiqodi va dunyoqarashiga bog‘liqdir. Har bir shaxs o‘zining g‘oyaviy yo‘nalishiga asoslanib, sodir bo‘lib turgan voqea-hodisalarning mohiyatiga yondashadi, ularning kelajagini tasavvur etadi.
Appersepsiya1 idrok protsessining shaxsning avvalgi bilim va tajribalari, qiziqishi, ehtiyoj va odatlari, umuman, psixik hayotining umumiy mazmuniga bog‘liq bo‘lishidir. Appersepsiya hodisasi tufayli kishilar idrokining mazmuni bir-biridan farq qiladi. Shaxslar aynin bir xil narsani o‘z bilim darajasi, turmush tajribasi, dunyoqarashi hamda ijtimoiy darajasi, turmush tajribasi, dunyoqarashi hamda ijtimoiy kelib chiqishi va kasbiga qarab turlicha idrok qiladilar. Masalan, “reaksiya” so‘zini kimyogar moddalarning kimyoviy yo‘l bilan birikishi deb, sotsiologlar tarixiy taraqqiyotda chekinish deb, fiziologlar va psixologlar esa organizmning tashqi ta’sirotga qaytargan javob harakati deb idrok qiladilar.
Appersepsiya termini ba’zan aniqligi, to‘liqligi, yorqinligi kabi sifatlari ma’nosida ham ishlatiladi. Appersepsiya barqaror va vaqtincha deb ataluvchi ikki qismga bo‘linadi. Barqaror appersepsiya shaxsning dunyoqarashi, e’tiqodi, bilimi va madaniy saviyasi, kasbi hamda qiziqishlariga bog‘liqdir. Vaqtincha appersepsiya esa, faqat shaxsning idrok protsessidagi emotsional holatiga - kayfiyati, ruhlanishi kabilarga bog‘liqdir.
Appersepsiya idrokning bizga ta’sir ko‘rsatayotgan bir qancha narsa va hodisalar ichidan ayrimlarini ajratib olishini ta’minlabgina qolmay, ba’zan noto‘g‘ri idrok qilishga sabab bo‘lishi ham mumkin.
Akademik I.P.Pavlovning oliy nerv faoliyati haqidagi ta’limotiga ko‘ra, appersepsiya bosh miya qobig‘i sistemalilik faoliyatining natijasi bo‘lib, bunda avvalgi tajribada hosil qilingan muvaqqat nerv bog‘lanishlari yangi nerv bog‘lanishlarining hosil bo‘lishiga muayyan ta’sir ko‘rsatadi.
Shunday qilib, idrok jarayoniga odamning bilim boyligi, ishonch-e’tiqodi, dunyoqarashi, qiziqishi, ehtiyojlari va butun ruhiy hayot mazmunining ta’siri appersepsiya deb yuritiladi.
Idrok protsessida illyuziya2 hodisasi ham bor. Sezgi organlariga bevosita ta’sir etib turgan narsa va hodisalarni noto‘g‘ri yoki buzib idrok qilishdan iborat bo‘lgan psixik hodisa illyuziyadir.
Narsalarni noto‘g‘ri, buzib idrok qilish shaxsning sezgilari va idrokning xususiyatlariga bog‘liqdir. Agar odamning predmetlarni to‘g‘ri va to‘liq idrok qilishi uchun zarur bo‘lgan shartlaridan ba’zilari mavjud bo‘lmasa, u illyuziyaga yo‘l qo‘yadi. Muayyan sharoitlarda barcha odamlarda vujudga keluvchi illyuziyalardan tashqari, ba’zan odam kechirayotgan ruhiy holat ta’sirida ham maxsus illyuziya paydo bo‘ladi. Qorong‘i kechada qattiq qo‘rqqan kishiga to‘nka yirtqich hayvon bo‘lib ko‘rinadi.Odam temiryo‘ldan uzoqlashavergan sayin temir yo‘l liniyalari o‘zaro yaqinlashgandek bo‘laveradi. Aslida esa bunday bo‘lishi mumkin emas. Katta va kichik fondagi sharlarning ko‘rinishi ham illyuziyaning misollaridir.
Gallyutsinatsiya real voqelikdagi narsa va hodisalarning sezgi organlariga bevosita ta’sirisiz odam ongida turli obrazlarning xayoliy ravishda paydo bo‘lishidan iborat psixik holatdir. Gallyutsinatsiya hodisasi ko‘rish, eshitish, hid bilish va boshqa sohalarda ham bo‘ladi. Gallyutsinatsiya psixik kasallikning belgisi bo‘lib, bosh miya qobig‘idagi qo‘zg‘alish protsesslarining sustligi natijasida, ba’zan esa nerv sistemasining zaharlanishi yoki toliqishi natijasida ro‘y beradi.
Gallyutsinatsiya ro‘y bergan paytda odam hech narsani idrok qilmaydi. Gallyutsinatsiya obrazlari ilgari idrok qilingan narsa va hodisalar miyada qoldirgan izlarining g‘ayri tabiiy ravishda qayta tiklanishi, g‘ayri tabiiy tasavvurlarning ongda paydo bo‘lishidir. Ikkinchi xil qilib aytganda, gallyutsinatsiya o‘yg‘oqlik holatida tush ko‘rish demakdir. Yo‘q narsalarning ko‘zga ko‘rinishi, bo‘lmagan ovozlarning quloqqa chalinishi, bo‘lmagan hidlarning dimoqqa urilishi, yo‘q narsalarning badanga tekkanday bo‘lishini sezish kabilar gallyutsinatsiyaning misollaridir.
Predmetlarning uzoq-yaqinligini idrok qilishda ikki ko‘z o‘qining bir nuqtaga yo‘naltirilishi muhim ahamiyatga egadir. Bu hol konvergensiya deb aytiladi. Masofaga qarab, ko‘z o‘qlari yo‘nalishining o‘zgarishi ixtiyorsiz ravishda sodir bo‘ladi. Ko‘z muskullarining qisqarishidan yuzaga keluvchi sezish holati predmetlarning egallagan joyini (uzoq-yaqinligi), masofani idrok qilishga imkon beradi.
Har bir predmetning vaqtga qarab o‘zgarib turishi vaqtni idrok qilishning sharti hisoblanadi.
Vaqt materiyaning yashash shakllaridan biridir. Vaqtni idrok qilish muayyan ob’ektiv vaqt birligining odam ongida bevosita aks etishidir. Vaqtni idrok qilish odamning ruhiy hodisalarining almashinishi tufayli ro‘y beradi. Vaqtni to‘g‘ri idrok qilish vaqt birligining (minut, soat va h.k.) ob’ektiv mazmuniga hamda odamning unga bo‘lgan munosabatlariga bog‘liq. Odam o‘zining qiziqishlari va ehtiyojlariga mos keladigan vaqt birligini tez idrok qiladi.
Vaqtni idrok qilish ob’ektiv reallikni, real hodisalarning tezligi va izchilligini aks ettirishdir. Odamning vaqtni qabul qilishi tajribaning orta borishi natijasida o‘sib boradi.
Odam masofani va vaqtni idrok qilgani singari fazo-makonni ham idrok qiladi. Fazoni idrok qilish voqelikdagi narsa va hodisalarning makonda tutgan o‘rnini, shaklini, miqdorini hamda bir-biriga nisbatan munosabatlarini uch o‘lchovda - balandlik va uzoqlikda bevosita aks ettirishdir.
Predmetlar fazodagi o‘rniga qarab uch burchakli, to‘rt burchakli, kub, silindr kabilarga ajratiladi. Katta-kichikligiga qarab esa katta, o‘rtacha, kattaroq, kichikroq, fazodagi munosabatlariga qarab, odamga va bir-biriga nisbatan uzoq, yaqin, o‘ng, chap, yuqori, past kabilarga bo‘lib idrok qilinadi.
Odam fazoni balandlik, kenglik va uzoqlik kabi uch o‘lchovda ko‘rish sezgilari, teri sezgilari va muskul-harakat sezgilari yordamida qabul qiladi. Fazoni idrok qilishdagi yetakchi qism ko‘z bilan idrok qilishdir. Masofani qabul qilishda bo‘lganidek, fazo ham bir ko‘z bilan (monokulyar) va ikki ko‘z bilan (binokulyar) idrok qilinadi.
Harakat hamma vaqt makon va vaqt bilan bog‘liq holda idrok qilinadi. Odam biror jismning harakatini kuzatayotgan vaqtda (masalan, mashinaning harakatini) uning o‘ziga nisbatan joyini (uzoq-yaqinligini)va vaqtini ham baravar idrok qiladi.
Shunday qilib, idrokning tezligi, to‘laligi, aniq va ravshanligi hamda to‘g‘riligi odam faoliyati uchun juda zarurdir. Shuning uchun yoshlarda to‘g‘ri idrok qilishni tarbiyalash muhim psixologik-pedagogik muammolardan biridir.
Yoshlarda idrok qilish faoliyati juda erta boshlanadi. Bola yoshining ulg‘ayishi jarayonida uning sezgi organlari rivojlana boradi. Bu hol bolada idrok faoliyatining taraqqiy eta borishiga ta’sir ko‘rsatadi. Bir yoshga yetmagan bola suyuqliklarning rangiga qarab, ularning mazasini idrok qiladi. Choy yoki shirin choyni, anor suvini ko‘rganda go‘dak talpinadi. Xuddi shu tarzda tayyorlangan dorini ko‘rgach, stakandan o‘zini olib qochadi.
Yoshlarning idrok jarayoni asosan ta’lim va tarbiya tufayli har jihatdan takomillashadi, ixtiyoriy idrok va kuzata olish qobiliyati o‘sadi. O‘z navbatida kuzata bilish muvaffaqiyatli o‘qishning zarur sharti sifatida o‘quvchilarda qiziqish-havas, fikrlash va iroda bilan birlikda idrok faoliyatini o‘stiradi.
Idrok sifatlarini o‘stirishning shaxs uchun ahamiyati shundaki, idrok odamning olamni bilishining asosi hisoblanadi, odamning barcha bilimlari sezgilar va idrokdan vujudga keladi, inson xotirasining mahsuliga aylanadi va uning tafakkuri, xayoli, emotsional holatlari va irodaviy holatlariga asos bo‘ladi. Demak, shaxsda idrok sifatlarining o‘sishi ta’sirotlari mohiyatini tez va to‘g‘ri tushunishga imkon beradi hamda ta’lim va tarbiya jarayonining jadallashuvida muhim omil sifatida xizmat qiladi.
Yoshlarda idrokni tarbiyalashning yana bir muhim sharti ularda turmush tajribasining orta borishidir. Tajribaning yo‘qligi tufayli go‘dak bolalarda idrok doirasi juda tor bo‘ladi. Psixolog M.Vohidovning ta’kidlashicha, go‘dak bolalarning birmuncha aniqroq idrok qilishlari asosan uch-to‘rt oylik davrda boshlansa ham, ammo idrok qiladigan narsalarning doirasi hali juda tor bo‘ladi. Bola to‘rt-besh oylik bo‘lganda uning idroki mazmun jihatidan boyib, ancha takomillashadi.
Bola yarim yoshga yetganda unda ko‘rish va teri sezgilari ancha rivojlanadi. Bu davrda bola o‘z atrofidagi narsalarni idrok qila oladi. Shu tarzad bolaning yoshi ulg‘aygan sayin idrok mazmuni ham boyiydi. Oila muhitining ta’sirida bolaning ruhiy faoliyati har tomonlama o‘sadi, unda kuzatuvchanlik, predmetlar bilan to‘g‘ri munosabat tarkib topadi, diqqat barqarorlashadi. Bola idrokining rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatuvchi faktorlardan yana biri bog‘cha va yaslilarda olib boriladigan ko‘p qirrali tarbiyaviy tadbirlardir.
Dars jarayoni, darsdan tashqari tadbirlarning hammasi o‘quvchidan aniq maqsadga qaratilgan ixtiyoriy idrokni talab qiladi. Busiz o‘quvchi bilimlarni o‘zlashtira olmaydi. Demak, maktab muhiti o‘quvchidan ongli idrok sifatlarini talab qiladi. Bu talablarga to‘g‘ri javob berish o‘quvchining tabiiy zaruriy ehtiyojiga aylanadi.
Idrok. Idrokning ta'rifi va uning xususiyatlari. Sеzgi a'zolariga bеvosita ta'sir etib turgan narsa va xodisalarning kishi ongida butunligicha aks etishi idrok dеyiladi. Idrokning sеzgidan farqi, narsalarni umumlashgan xolda, uning hamma xususiyatlari bilan birgalikda aks ettirilishidir. Idrokning muhim xususiyatlari uning prеdmеtliligi, yaxlitligi, strukturaliligi, doimiyligi (konstantligi) va anglashilganligidir.