Irzo abdulqodir bedil dunyoqrashi shakllanishining tarixiy va falsafiy ildizlari sattorova shalola bobir qizi



Yüklə 29,59 Kb.
səhifə1/2
tarix28.08.2023
ölçüsü29,59 Kb.
#140856
  1   2
Сатторова Шалола


MIRZO ABDULQODIR BEDIL DUNYOQRASHI SHAKLLANISHINING TARIXIY VA FALSAFIY ILDIZLARI


SATTOROVA SHALOLA BOBIR QIZI
Buxoro davlat pedagogika instituti, Ijtimoiy fanlar kafedrasi o’qituvchisi
(O’zbekiston, Buxoro)

Mirzo Abduqodir Bedil 1644 - yilda Hindistonning Azimobod shahri yaqinidagi Patnada, Boburshoh davrida xizmat yoki zarurаt yuzasidan Markaziy Osiyodan Hindistonga muhojirat qilgan ma’rifatli shaxs Abdulxoliq harbiy xizmatchi oilasida dunyoga keladi. (Asli Shaxrisabzning bаrlоs urugʻidan boʻlgan shoirning ota - bobolari Hindistonga koʻchib borib, oʻsha yerda turgʻun yashab qolishgan).


Tarixdan ma’lumki, barlos urugʻi oʻzbek millatining shakllanishida faol qatnashgan etnik komponentlaridan biri boʻlgan. Bedilning otasi - Abdulxoliq yoshligida harbiy xizmatchi boʻlgan, ammo koʻp oʻtmay harbiy hayotdan voz kechib, orif insonlar xizmatiga kiradi. U oʻsha davrda Xuroson, Movarounnahr va Hindistonda keng tarqalgan qodiriya tariqati va uning asoschisi - Shayx Abdulqodir Gelоniygа boʻlgаn ibоdаti va ehtiromi tufayli oʻgliga “Abdulqodir”, deb nom qoʻyadi.
Bedil ismidagi “Mirzo” kalimasi uning temuriy sulolasidan ekaniga ochiq dalildir, chunki “xon” kalimasi moʻgul sulolasiga qanday xos boʻlsa, “Mirzo” kalimasi temuriylarga shunday xosdir.[1]
“Bedil” atamasini soʻfiyona, oshiqona tahlil etadigan boʻlsak, dil,koʻngil, qalb bilan bogʻlanib kelayotgani kishini befarq qoldirmaydi. “Bedil” badiiy adabiyotda dilini qoʻldan bergan oshiq - ma’shuq ma’nosini anglatadi. Shuningdek, oʻz ishini qalbi bilan sevgan, koʻnglini ilm-fan va adabiyotga bag’ishlagan kishini anglatishi xaqida xam fikrlar bor” [2]. Bir qarashda “Bedil” taxallusi “dilsiz”, “qalbsiz” ma’nosida kelsada, aslida butun qalbi va dilini iloh ishqiga bag’ishlagan oshiq ma’nosini anglatadi.
“Bedillik” ishqning mukammalligi, oʻzlikdan kechish, Alloxga boʻlgan cheksiz va barqaror muhabbatning martaba - darajasidir.
Bir soʻz bilan aytganda, Bedil oʻz qalbini Allohga bag’ishlagan faylasuf-shоirdir.[3]
Abdulqodir besh yoshligidayoq otasi vafot etadi, shuning uchun uning tarbiyasi bilan avval onasi, soʻng Mirzo Qalandar hamda Mirzo Zarif ismli tog’alari shugʻullanadi. U yoshligida izchil va mukammal bilim ololmaydi, lekin keyinchalik oʻzining noyob qobiliyati va oʻtkir zehni tufayli oʻz davrining asosiy fanlarini, bilimlarini oʻzlashtirib oladi.
Mirzo Bedil oʻzining tirishqoqligi, mehnatevarligi va iqtidori ila yoshligidan butun dunyoga mashhur arab tili darsligi “Qofiya”ni oʻrgangan va fors-tojik adabiy tilini mukammal bilgan. Oʻspirinlik yillaridan ilm - fanga katta qiziqish uyg’ongan. Besh yoshida maktabga boradi va yetti yoshlariga kelib, erkin oʻqib, yoza olgan. Shayx Kamol, Shox Fozil va Мirzo Abdulqosimlar qoʻlida tahsil olgan. Abdulqodir yoshlik paytida amakisi Mirzo Qalandar va tog’asi Mirzo Zariflarning yaqindan bergan yordamlari tufayli, oʻz davrining rasmiy fanlarini, ayniqsa, tasavvuf ta’limoti va irfon falsafasini mustaqil ravishda oʻzlashtirib oladi. Shuningdek, arab, hind va urdu tillarini, keyinchalik esa sanskritni ham mukammal oʻrganadi[4].
Yoshligidanoq ilohiyotga oid fanlarni, (7 yoshidan) Qur’on tafsiri va hadis ilmlarini katta qiziqish bilan oʻrganadi, ba’zi bahsli falsafiy muammolarni hind tilida bemalol muhokama qila oladigan darajaga yetadi. 10 yoshidan badiiy ijod bilan shug’ullana bоshlаgan va shu davrda ilk ruboyisini yaratgan. U yoshligida she’rlarini “Ramziy” taxallusi bilan yozadi, keyinchalik uni “Bedil” (Dilsiz) taxallusiga oʻzgartiradi.
Sharq adabiyoti, yunon falsafasi, xususаn, Аrastu fаlsafаsini o’rgаngаn. Мirzo Abdulqodir Bedil yashab oʻtgan davrda fors adabiyotda bu paytgacha qudratli shoirlar, fors she’riyati jahon adabiyotiga zalvorli hissa qoʻshib ulgurgan edi. Mirzo Bedil oʻz ijodi bilan Alloh moʻ’jizasi naqadar cheksiz ekanligini isbotladi, undan qolgan meros taraqqiyot naqadar beqiyos bir sinoat ekanligiga dalil boʻldi.
Bedil hazratlarini “Abulma’oniy”, “shoirlarning shoiri”, “Ma’nolar otasi” deb ulug’lab kelingan. Ustozimiz Jafar Xolmoʻminov “Abulma’oniy ma’naviyati” Bedil hаyoti va fаlsаfiy qarаshlаridа chizgilar” monografiyasida bunga shunday izoh berganlar: “Sharq she’riyati tarixida oʻz uslubi va ohangiga ega boʻlgan minglab shoirlar ichidan qoʻl bilаn sanoqli shoirlargina yuksak maqom va unvonlаrgа sazovor dеb topilgan. Bulardan, jumladan, Rudakiy – Odam ushshu’aro, ya’ni, shoirlarning Odami (birinchi odam - Hazrati Оdamga ishora - J.H.); Unsuriy – Malikushshu’aro, ya’ni, shoirlarning shoiri; Sa’diy - Gʻazal paygʻambari; Hofiz – Lisonul gʻayb, ya’ni, Gʻayb tilini bilguvchi, Navoiy-She’riyat mulkining sultoni… va hokazo[5].
Ana shu silsilada Mirzo Abdulqodir Bedil xam alohida o’rin tutadi. Aytish mumkinki, Bedil ushbu silsilada nafaqat oʻziga xos oʻrint tutadi, balki inson aql-tafakkuri anglashi oson boʻlmagan ma’nolarni kashf etish va ularni eng goʻzal, eng nafis tarzda nazm ipiga terib tortiq etishda benazirdir. Bedil nodir, betakror, butunlаy yangi fikr va yangi falsafiy, irfoniy va ijtimoiy ma’no-mazmunlari topish va yetkazib berishda alohida qudrat va salohiyatga ega boʻlganligi bois unga keyingi avlodlar “Abulma’oniy”, ya’ni, “Ma’nolar otasi” degan unvon berishgan. Bunday unvon butun insoniyat tаrixida fаqаt Bеdilgаgina berilgan xolos”.[6]
Darhaqiqat, shoirning qalami eng kichik zarra koinot cheksizligigаcha boʻlgan poyonsiz oraliqda bir qarashda barcha murakkablik qochirimlarini ilg’ab olish mushkul boʻlgan nafis shiddat bilan chayqalib turadi. Bu sernuqta bitiklar zamin va zamon, iloq va insonga mansub boʻlgan mushtarak bir yurakning tebranish chiziqlaridir.
Mirzo Abdulqodir Bedil nihoyatda goʻzal did va nozik tab’ egasi boʻlgan. Buning isboti sifatida, Tazkiranavis Xushgoʻ oʻz asari “Safinai Xushgoʻ”da Bedilni qad - qomati kelishgan, yuz tuzilishi chiroyli va jismoniy jihatdan kuch-quvvatli kishi sifatida tasvirlaydi. Shuningdek, tаdqiqotlar uning goʻzal xat sohibi - mohir hattot ekanlgini ham koʻrsatadi.
Eng dolzarb janr hisoblangan ruboiylar yozishda ham Mirzo Bedil katta mehnat qildi. Uning 3861 ta ruboiy qoldirilgani aytiladi. Mirzo Bedil g’azallarida mangu mavzular hayratlanarli bir betakrorlik bilan junbushga kelib turadi. Haqqa va xalqqa muhabbat, tugʻilish hamda oʻlim kabi azaliy va abadiy kechinmalar favqulodda bir moʻjizaviylik bilan oʻquvchi ruhiga singdiriladi.
Shoir qalami misrama-misra ma’naviyat va Ruh ummonining qa’r-qa’rlariga kirib boradi, insonning yuragiga ayovsiz bir jur’at bilan shoʻngiydi va u yerdan bebaho durdonalar olib chiqadi.
Agar sen boʻlmasang dilga netib baxt , gul’uzor, kelgay,
Agаr kelsang, surur kelgay, behisht kelgay, bahor kelgay.[7]
Bedil, oʻz kitobxonlariga ana shunday “Behisht”, ana shunday “Bahor”ni tuhfa etib yashadi. Ayni paytda bu tuxfa biz uchun oʻziga xos sinov hamdir. Nega-ki, bu “Behisht”, bu “Bahor” saltanatiga misralarda tilsimlangan chigal yoʻllar orqaligina kirib borish mumkin.
Bedil umri davomida koʻp yoʻllarni bosib oʻtdi, xalq hayotini yaqindan oʻrgandi, yashayotgan zamonida munofiqliklarni koʻrdi va bularni oʻz ijodida aks ettirishga hаrаkаt qildi. Insoniyatni doimo yuksaklikka, mehr - muruvvatlilikka chaqirdi.
Mirzo Abdulqodir Bedil shaxsiyati turkiy, forsiy hamda Hindiston xalqlarini birlashtirib turadigan silsilaning uzilmas halqasidir. Bu muborak she’riyatda turkona yovvoyi navqironlik, forsiyona nuroniy zakovat, hasham, hinduona afsun - sehr chambarchas yashaydi. Mirzo Abdulqodir Bedil bir gʻazalida:
Sadoqat va mehr maydoni ichra,
Shahid boʻldim, abad … orom olurman.
Ayonsan, hech qiyo boqmaydi olam,
Xavotir bundan har ayyom olurman.
Solib, Bedil, oʻzimni bilmaganga,
Hamma vasl istasa, payg’om olurman.
deb taskin topsa, boshqa bir baytida:
Men ojiz sajdaman, aylab tavof, soʻng manglayim birlan
Naqsh qildim shamolga xoki birlan ostonlarni.
Qarab yor, tinglay bir kun, yetar, bas, jim boʻl, ey Bedil,
Men oyna bagʻriga jo ayladim faryod - fig’onlarni!
deb hasrat chekadi.
Bedil tabiatan xalqqa jabr - zulm qiluvchi, uning haqiga xiyonat qiluvchi aslzodalarni suymas, ularga doimo nafrat koʻzi bilan qarardi. Inson erkining toptalishi, mustabid tuzumning beboshligi unga yoqmas edi. Shuning uchun shoh Avrangzebning oʻgʻli A’zamshox o’zini madh etib, she’r yozishni taklif etganida, u qat’iy rad etib, uning xizmatidan voz kechadi. Shoir Dehlida koʻp oʻqib, oʻrganadi, qoʻliga tushgan kitobni qoʻymay mutolaa qiladi. Buning natijasi oʻlaroq bir necha asarlar bitadi. Sermahsul tinmas, izlanuvchan shoir Bedil katta meros qoldirdi. Uning “Kulliyoti”ga kiritilgan asarlarining oʻzi bir yuzu o’ttiz ming misra she’r va ellik bosma taboqdan ortiq nashrni tashkil qiladi.
Bedil o’zining “Irfon” (“Bilim”, 1711 – 12; “Komde va Mudan”, “Nukot” asarlari ham shuning tarakibida), “Chor unsur” (To’rt unsur” 1703), “Ruboiyot” nomli asarlarida Yunoniston mutafakkirlari Pifagor, Platon, Aristotel, Gippokrat, Demokrit, Epikur merosiga murojaat qilgan. Jomiy, Sa’diy Sheroziy, Navoiy va boshqa mutafakkirlarning an’analarini davom ettirdi.
U har doim o’z ko’ngli va fikri to’g’ri deb hisoblagan narsalarnigina yozadi, chunki u inson tafakkurining erkin rivojlanishi tarafdori edi. Shoirning o’z “Kulliyot”iga yozgan so’z boshisida shunday satrlarni o’qiymiz:
Navishtam onchi dil farmudu, xondam harchi pesh omad
Yani ma’nosi, ko’ngil nimaiki buyursa, o’shani yozdim, nimaiki qo’limga tushsa o’shani o’qidim.
Bedilning qarashlari asosan sheriyat, shaklida ifodalanadi, bu qoida tariqasida yorqin chuqur o’ylangan obrazlar va badiiy ramziylik bilan to’yingan. Boshqacha qilib aytganda, Bedilning dunyo qarashi, uning ontologiyasi va epistemologiyasi, ishtimoiy falsafa, axloq falsafasi, estetikasi badiiy tushunchalar shaklida paydo bo’lgan.
Mirzo Bedil o’zining ijodida dunyo qarashini butkul ochib berishga harakat qilgan va buning uddasidan ham chiqa olgandir. U o’zing fikrini oson tarzda tushuntirib bera olgan. Uni o’qiy olgan har bir kishi mag’zini to’g’ri chaqa olgan Bedilning dunyo qarashida olamning yaralishida Allohning o’rni borligi uning islom dunyosi vakili ekanligidan dalolat beradi.
Bedil yashagan paytlarda “Vahdati vujud” (jismoniy borliq) va “Vahdati mavjud“ (olam borlig’i) oqimlari bo’lgan. “Vahdati vujud”da “dunyo” – “xudo” demakdir, deyilgan bo’lsa, “Vahdati mavjud”da “xudo” – “dunyo” demakdir, deb aytilgan falsafiy fikrlar o’rtaga tashlangan. Yani, birinchisida xudoni haqiqiy real, deb tushunilgan bo’lsa, qolgan narsalar Xudoning karomati, shu’lasidir, deb tushuntirilgan. Ikkinchisida esa tabiatning abadiyligi materiya va ruhning birligi, xudo olamni o’zida mavjudligi, deb tahlil qilingan.
Bedil qarashlariga ko’ra, ruhiy borliq va modiy olamni, vujudi Vojib va vujudi mumkinni bir – biridan ajratib bo’lmaydi, chunki yagona ildiz ikki xil lola bermaganidek, “haqiqat ham xil qismlarga bo’linmaydi
Bedil Allohga bo’lgan ishqni barcha narsadan yuqori qo’yadi. Olamda sodir bo’layotgan barcha hodisalar tabiiy jarayondir, tabiat ijodkor, o’zgarish bu – mutlaq yo’q bo’lish emas, biron narsaning intihosi boshqa narsalarning iptidosidir, deydi. Ular paydo bo’lgunga qadar yashirin holda ruhlar haqiqatida makon topadi. Buni ko’zaning tuproqda yashirin imkoniyat tarzida mavjudligiga qiyoslasa bo’ladi. Narsalarda ular paydo bo’lganidan keyin fikr o’ziga xos tarzda namoyon bo’lishini bayon qiladi.
Bedil o’zining “Chor unsur”, “irfon” asarlarida hamma narsalarning asosida havo yotadi deb hisoblaydi. Uningcha, havo abadiy, mutlaq, xarakatchan, o’zgaruvchan, rangsiz va yengildir. U yuqori va quyi tomon harakat qiladi.
Bedilning bu fikrlaridan malumki, tevarak atrofdagi barcha turdagi predmet va hodisalar doimiy harakatda, rivojlanishda, aloqadorlikda, bog’lanishdadir. (Bedilning borliq to’g’risidagi fikrlarini keyingi paragraflarda kengroq yoritib beramiz). Masalan quydagi g’azalida shunday misralarni keltiradi:
Harakatsiz bo’lmas hatto chang paydo,
Ildiz suvda, tuproq bir niqob bunda.
“U ruhlar to’g’risida so’z yuritib, nozik bug’ – buxori latif havodan kelib chiqib, tabiiy ruh, nabotot ruhi, inson ruhi, hayvoniy ruhni paydo qiladi”, deydi.
Bedil talimotida mavjudot birligiga katta ahamiyat berilgan. “Modda bilan ruh, tan bilan jon o’zaro aloqadadir. Tan quvvati kuchi, organizmning tirikligidir. Agar organizmga zarar yetsa, ruhning quvvati ham zararlanadi”.
Bedil o’z davrining ilg’or tafakkur egasi sifatida, inson bilishi haqida ham fikr yuritadi. Bilishning birinchi bosqichi obyektiv olamdir. Moddiy olamning tasirida bilimni hosil qiluvchi his – tuyg’ular, sezgilar harakatga keladi. Sezgi organlari faoliyatini to’g’ri tushungan faylasuf, hid bilish (“shoma“), ko’rish (“binoi”), ta’m bilish (“zoika”), eshitish (“shunidani”) va teri orqali sezish (“lomisa”) kabilarni mohiyatini tahlil qilib berdi. Bedil falsafasida olamni bilish faqat sezgilar bilan chegaralanmaydi, balki insonning aql - farosati, tafakkuri bilan ham katta ahamiyat kasb etadi. Bilishda hissiy va aqliy tomonlarini dialektik munosabatini to’g’ri tushunadi. Ya’ni, aql olam sir asroridan insonni voqif qiladi.
Bedil inson o’z qilmishlari hatti – harakatida erkindir, degan qoidani hayotiy misollar orqali asoslab berishga intiladi, mehnat va hunarni, ilm va kasb egallashni ulug’laydi. Ma’lumki, tanosux – ruhning ko’chib yurishiga ishonish o’sha davrda Hindistonda keng tarqalgan edi. “Hindlarning tasavuricha , - deydi Bedil, - ruh butunlay mustaqil holda mavjuddir va har bir narsaga, jismlarga o’tish – ko’chish qobiliyatiga ega”[7]. Shuni alohida takidlash joizki, Bedil tanosux nazariyasing haqiqiy mohiyatini ochib, mazkur nazariya haqiqatga muvofiq kelmasligini falsafiy jihatdan asoslab bergan.
Bedilning ijtimoiy - siyosiy qarashlariga etibor qaratsak, Bedil dunyoqarashida uning ijtimoiy va insonparvarlik g’oyalari muhim o’rin tutadi. Ayniqsa u insonni yuksak darajaga ko’taradi, uning irqi, dini va millatidan qatiy nazar hurmatga sazovor ekanligini uqtirgan. U bir she’rida,
Insonning qiymati emas siym –u zar,
Insonning qiymati ilm ham hunar.
deb fikr bildiradi.
Bu fikrda insonning qadri faqat moddiy boylik emas, balki uning qiymati ilm va hunar bilan belgilanadi deydi. U odamlardagi vatanparvarlik, mehnatsevarlik, vafodorlik, saxiylik, samimiylikni qadrladi, dangasalik, takabburlik, ochko’zlik, yolg’onchilik, makkorlikni qoraladi. Olim o’z ta’limotlarida mehnatkash insonni ulug’laydi. Ayniqsa u barchani istemol mahsulollari bilan taomlovchi dehqonlar mehnatiga yuqori baho beradi. Uning fikricha, ular baxt – saodatga erishishi mumkin. Hunari yo’q odam, arzimas va ojizdir.
“Inson mijozida gul ochdi bilim,
Gullasin deb sahro bag’rida bahor.”
Bedil xalq hayotini yaqindan o’rgandi, zamon evrilishlari va munofiqliklarini ko’rdi, bularni o’z ijodida aks ettirishga, insonlarni doimo yuksaklikda, ittifoqlik va mehr – muruvvatlikda bo’lishga chaqirdi, bu tuyg’ularni goh oshkor, goh kinoyali, goh tashbehlar vositasida qalblarga yetkazishga harakat qildi.
Umuman olganda, Mirzo Bedil falfasfasining asosini, olamni zabt etishning birdan bir yo’li fan orqali deb e’tirof etishidir. U fani ishlab chiqarish bilan bog’lashga chorlaydi. Uningcha, amaliyot bilan tajriba bog’lanmasa barcha bilimlar inson qalbiga yetib bormaydi. U o’z falsafasida insonlarni halol ishlab, halol yeyishga chaqiradi. Yaxshilardan begona bo’lmay desang, yomon so’zlovchilar, g’iybatchilar bilan do’st bo’lma, deb aytgan falsafiy – axloqiy qarashlari, bugungi kun uchun ham katta ahamiyatga egadir.
Mirzo Bedilning insoparvarlik ruhi bilan sug’orilgan ijtimoiy va falsafiy g’oyalari o’sha davrda muhim ahamiyatga ega bo’ldi. Olim o’zining falsafiy qarashlari bilan O’zbekiston va Hindiston o’rtasidagi madaniy, ilmiy hamda do’stlik aloqalarini mustahkamlashga katta hissa qo’shdi. Bedil asarlari va she’rlarida turmush tarzining turli xil jihatlari ochib berilgan. Aynan shu jihatlari betakror va serjilo bo’lganligi uchun uning adabiyot olamida ham falsafa dunyosida ham o’zi uchun muhtasham kursini barpo etganidir.

Yüklə 29,59 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin