Reja:
Ishlab chiqarish omillari va ularning tarkibi.
Ishlab chiqarish jarayonining mazmuni.
Ishlab chiqarishning umumiy va pirovard natijalari.
Ishlab chiqarish imkoniyatlari va uning chegarasi.
Ishlab chiqarishning samaradorligi va uning ko’rsatkichlari.
Ishlab chiqarish omillari va ularning tarkibi
Ishlab chiqarish jarayonida haqiqatda qo’llaniluvchi barcha resurslar
ishlab chiqarish omillari deyiladi. Iqtisodiyotning tizimi va shaklidan qat’iy nazar uchta omil:
ishchi kuchi, mehnat qurollari va mehnat predmetlari bo’lishi shart.
Ishchi kuchi deb insonning mehnat qilishga bo’lgan aqliy va jismoniy qobiliyatlarining yig’indisiga aytiladi. Ishchi kuchi mehnat qobiliyatiga ega bo’lgan kishilar uchun xosdir. Lekin ishchi kuchi insonning o’zi emas yoki uning mehnati ham emas, uning qobiliyatidan iboratdir.
Mehnat qurollari deb, inson uning yordamida tabiatga, mehnat predmetlariga ta’sir qiladigan vositalarga aytiladi (mashinalar, stanoklar, traktorlar,
qurilmalar, uskunalar va boshqalar).
Mehnat predmetlari esa bevosita mehnat ta’sir qiladigan, ya’ni mahsulot tayyorlanadigan narsalardir (yer, suv, xom ashyo va boshqa turli materiallar).
Kapital deganda o’z egalariga daromad keltiradigan ishlab chiqarish va xizmat ko’rsatishning hamma sohalarida ishlatiladigan ishlab chiqarish vositalarini, sotishga
tayyor turgan tovarlarni, yangi vositalar va ishchi kuchini sotib olishga mo’ljallangan pul mablag’larini, ularning ashyoviy tomoni va qiymatining birligini tushunamiz. Boshqacha qilib aytganda «kapital» ham qiymatga, ham naflilikka ega bo’lgan, ishlab chiqarish va xizmat ko’rsatish jarayonida foydalaniladigan vositalardir.
Hamma adabiyotlarda yerga deyarli bir xil tushuncha beriladi, ya’ni
yer deganda tuproq unumdorligi, o’tloqlar, yaylovlar, suv, havo, o’rmon, qazilma boyliklar, umuman tabiiy resurslar tushuniladi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida katta e’tibor beriladigan omillardan biri tadbirkorlik qobiliyatidir. Tadbirkor
deb iqtisodiy resurslar, ya’ni ishlab chiqarish vositalari va ishchi kuchi resurslarining, tabiiy resurslarning bir-biriga qo’shilishini ta’minlaydigan, tashkilotchi,
yangilikka intiluvchi, tashabbuskor, iqtisodiy va boshqa xavfdan, javobgarlikdan qo’rqmaydigan
kishilarga aytiladi; bu xislatlar majmui esa tadbirkorlik qobiliyati deb yuritiladi. Hozirgi davrda ayrim adabiyotlarda axborot va uning vositalarini, ekologiyani ham alohida omil deb ko’rsatadilar. Bizning fikrimizcha, ular yer va kapitalda o’z ifodasini topadi.