1. Ishlab chiqarish xarajatlarining mohiyati va turlari Korxona
Korxona daromadlari va foydasi Korxona (firma) mablag`lari aylanishining har bir tsiklli mahsulotlar yoki xizmatlarning sotilishi bilan yakunlanadi. Buning natijasida tushgan pul mablag`lariga u yana iqtisodiy resurslar (xom-ashyo, materiallar, yarim fabrikatlar, yoqilg`i, ishchi kuchi va hokazolar) sotib oladi va ularning yordamida mahsulot ishlab chiqaradi yoki xizmat ko`rsatadi. Mana shunday tarzda sodir bo`ladigan jarayonlar takror ishlab chiqarishni tashkil etadi.
Ishlab chiqarilgan mahsulotni sotish natijasida korxona (firma) xazinasiga tushgan pul mablag`larini daromadlar deb ataladi. Korxonaning jami daromadi asosiy faoliyatdan va asosiy bo`lmagan faoliyatdan olingan daromadlar yig`indisidan iboratdir.
Asosiy faoliyatdan olingan daromadlarga mahsulotlarni, ishlarni, xizmatlarni, tovar-moddiy zahiralar va boshqa aktivlarni sotishdan olingan tushumlar kiradi.
Daromadlarning ikkinchi turi, ya`ni asosiy bo`lmagan faoliyatdan olingan daromadlarga quyidagilar kiradi:
-qimmatli qog`ozlarni qayta baholash natijasida hosil bo`lgan daromadlar;
-foizlar, dividentlar va ijara haqi ko`rinishdagi daromadlar.
Korxona daromadining bir qismi mahsulotni ishlab chiqarish va sotish bilan bog`liq bo`lgan xarajatlarni qoplaydi, qolgan qismi korxonaning sof daromadi yoki foydasini tashkil etadi.
Mahsulotni sotishdan olgan tushumdan ishlab chiqarish xarajatlarini chegirib tashlagandan paydo bo`ladigan farq mahsulot sotishdan olingan yalpi foyda deb yuritiladi. Mazkur ko`rsatkich, ya`ni yalpi foydadan sotish xarajatlari, ma`muriy xarajatlar va boshqa operatsion xarajatlarni ayrib tashlash yo`li bilan asosiy faoliyatdan olingan foyda aniqlanadi.
Korxona tomonidan boshqa xo`jalik yurituvchi sub`ektlardan olingan dividentlar, berilgan qarzlar uchun foizlar, mol-mulkni ijaraga berishdan olingan daromadlar va moliyaviy faoliyat bilan bog`liq bo`lgan boshqa daromadlar yig`indisi moliyaviy faoliyatdan olingan foydani tashkil etadi.
Yuqorida ko`rsatilgan ikki xil foyda, ya`ni asosiy faoliyatdan olingan foyda bilan moliyaviy faoliyat foydasining yig`indisi umumxo`jalik faoliyatidan olingan foydani tashkil etadi.
Bundan tashqari korxonada favqulodda foyda yoki zarar sodir bo`lishi ham mumkin. Favquloddagi foyda yoki zarar korxona moliya-xo`jalik faoliyatinig natijasida emas, balki korxonadagi biznes tavakkalchiligi bilan to`g`ridan-to`g`ri bog`lanmagan holda vujudga keladi. Favqulodda foyda yoki zararni keltirib chiqaruvchi hodisalarni, odatda, oldindan bashorat qilish va rejalashtirish mumkin emas. Shu nuqtai nazardan dehqonchilikda har 3-5 yilda sodir bo`lishi mumkin bo`lgan qurg`oqchilikni favqulodda hodisa deb bo`lmaydi. Korxona bu hodisaga oldindan tegishli rezervlar tashkil etib, tayyorgarlik ko`rib borishi lozim. Yoki tovar bahosining mavsumiy ko`tarilishi yoki pasayishini ma`lum darajada oldindan bashorat qilish mumkin bo`lgani uchun favqulodda hodisa deb qarash ham to`g`ri emas.
Favqulodda foyda yoki zararni keltirib chiqarishi mumkin bo`lgan aksariyat hollar xalqaro bozordagi o`zgarishlar, masalan, narx-navoning keskin ko`tarilib yoki pasayib ketishi hamda turli tabiiy ofatlar bilan bog`liq bo`ladi.
Umumxo`jalik faoliyatidan olingan foyda bilan favqulodda foyda (zarar) yig`indisi soliq to`langunga qadar foydani tashkil etadi. Soliqlar va foydadan boshqa majburiy to`lovlar bajarib bo`lingandan so`ng qolgan foyda korxonaning sof foydasini tashkil etadi.
Soliqqa tortiladigan foyda bilan korxonaning balans foydasi bir-biridan farqlanishini ta`kidlab o`tish zarur. Moliyaviy hisobotlarni ishlab chiqish qoidalariga muvofiq holda aniqlangan umumxo`jalik faoliyatidan olinadigan foyda bilan favqulodda foyda yig`indisi soliq qonunchiligi nuqtai nazaridan e`tiborga olinishi lozim bo`lgan foyda miqdoridan farq qiladi. Ayrim xarajatlar soliq qonunchiligi nuqtai nazaridan xarajat sifatida tan olinmaydi, ya`ni soliq summasini aniqlashda ularni korxona daromadidan chegirib tashlash mumkin emas. Masalan, norma doirasidagi safar xarajatlari mahsulot tannarxiga kiritilishiga ruxsat beriladi, normadan yuqori sarf qilingan qismi esa kiritilmaydi. Davlat manfaatlari bo`yicha yondashilsa, bu asosli, chunki korxona o`z xodimiga qo`shimcha imtiyozlar berganda, bundan davlatning soliq tushumlari kamaymasligi lozim. Agar shunday qilinmasa, korxona qancha mablag`ni ko`p sovursa, davlatga soliqlarni shuncha kam to`lashi mumkin bo`lib qoladi.
Soliqqa tortiladigan foyda miqdorini aniqlash ancha murakkab ish. Chunki davlat soliq siyosatining maqsadi faqat soliqlarni hisoblab chiqish va undirishdangina iborat emas. Soliq siyosati korxonada oqilona xo`jalik yuritilishini rag`batlantirish, resurslarning samarasiz ishlatilishini jazolash va muayyan ijtimoiy maqsadlarga erishishga qaratilgan bo`lishi lozim.
Korxona ixtiyorida qolayotgan sof foyda jamg`arish va iste`mol maqsadlariga yo`naltirilishi mumkin. Foydaning iste`mol maqsadlariga yo`naltirilayotgan qismi korxona egalariga daromad sifatida berilishi, korxona xodimlarini rag`batlantirish uchun sarflanishi yoki boshqa iste`mol maqsadlariga ishlatilishi mumkin.
Bozor iqtisodiyoti sharoitidagi raqobat muhiti korxona foydasining asosiy qismini muntazam ravishda investitsion maqsadlarga ajratishga majbur etadi. Bundan korxonada ishlovchi xodimlar manfaatdordirlar deyish mumkin, chunki ularni ish o`rinlari saqlab qolinadi, kengaytiriladi va takomillashadi. Korxona egalarining manfaatlari esa birinchi navbatda korxona kapitali ortishida, uning bozordagi mavqei mustahkamlanishida ifodalanadi. Davlat nuqtai nazaridan esa foydaning qayta investitsiyalanishi korxona faoliyati hajmlarini, ya`ni soliqqa tortish bazasini kengaytiradi hamda regiondagi ijtimoiy masalalarni hal etishga ko`maklashadi.
Korxona foydasini taqsimlash jarayonida korxonada muayyan maqsadlarga mo`ljallangan zahiralar va fondlar (jamg`armalar) tashkil etilishi mumkin. Bozor iqtisodiyotida bu foydani assignatsiyalash deb ataladi. Mamlakatimizdagi ko`plab korxonalarda zahira fondi, ishlab chiqarishni rivojlantirish fondi, xodimlarni moddiy rag`batlantirish fondi va ijtimoiy rivojlantirish fondi kabi jamg`armalar tashkil etilgan. Korxona balansida bu fondlar “Taqsimlanmagan foyda” nomli moddada aks ettiriladi. Shuni ham aytib o`tish lozimki, umumxo`jalik faoliyatidan olingan foyda bilan favqulodda foyda yig`indisi xo`jalik amaliyotida korxonaning balans foydasi yoki brutto-foyda deb ataladi. Soliqlar to`lab bo`lingandan so`ng qolayotgan foyda esa sof foyda yoki netto-foyda deb yuritiladi.
Shunday qilib, korxona daromadlari quyidagicha taqsimlanadi:
Birinchi navbatda moddiy va nomoddiy resurslarga ketgan sarflarni qoplanadi.
Ikkinchi navbatda mehnat haqi fondi shakllantiriladi, ijtimoiy sug`urtaga ajratmalar va mahsulot tannarxiga kiritiladigan soliqlar to`lovlari amalga oshiriladi.
Uchinchi navbatda korxonani balans foydasi shakllanadi va uning hisobidan foydadan soliqlar to`lanadi.
To`rtinchi navbatda netto-foyda hisobidan qoplanadigan xarajatlar qoplanadi.
Shundan so`ng qolgan foyda jamg`arish va iste`mol maqsadlariga ishlatiladi.