Islom dini musulmon mamlakatlari san`atida o`z izini qoldirdi
1.4.“Bayt al-hikma”ning tashkil topishi va uning vazifalari. O`rta asr Sharq xalqlari fani va madaniyati tarixida Bag`dodda bunyod etilgan “Bayt al-hikma” so`zsiz, yirik ilmiy voqea sanaladi. “Bayt al-hikma” o`zbek tilida “Hikmatlar uyi” degan mazmunni anglatadi. Bu iboradagi “hikmatlar” ortida o`sha davrdagi qator fanlar, jumladan, falsafa, tabobat, falakiyot, riyoziyot, adabiyot, diniy ilmlar tushuniladi. Binobarin, “Bayt al-hikma” birinchi navbatda, ushbu sanab o`tilgan fanlar qolaversa, boshqa fan yo`nalishlarida ham ish olib borilgan ilm va tarjimalar dargohi bo`lgan.
Mohiyatan avvaliga kutubxona sifatida bunyod bo`lgan “Bayt al-hikma” ko`p vaqt o`tmay, u yerda jamlangan kitoblarni arab tiliga tarjima qilish markaziga aylandi. Keyinchalik esa, bu markaz tevaragida o`z davrining eng yirik olim va tarjimonlari to`planib, ijod qildilar. Ta`kidlash joizki, ularning o`zagini Movarounnahr va Xuroson olimlari tashkil etdi. Ayni paytda bu maskanda bir tomondan, yunon, hind va fors tillaridagi ko`plab nodir asarlarning jamlangani, ikkkinchi tomondan, jamlangan kitoblarning eng noyoblari tanlab olinib, arab tiliga o`girilgani hamda muomalaga kiritilishi, uchinchi tarafdan esa, muhim asarlarni yaratgan taniqli olimlarning “Bayt al-hikma”da to`plangani, uni o`rta asrlarning eng mashhur ilmiy dargohiga aylanishi va ilmiy adabiyotlarda “Bag`dod ilmiy maktabi” va “Bag`dod akademiyasi” degan nomlar bilan tanilishiga asos bo`ldi38.
“Bayt al-hikma” ta`sis etilgan yil haqidagi ma`lumotlar hozirga qadar ma`lum emas. U Bag`dodning qaysi nuqtasida joylashgani borasida ham aniq bir xulosaga kelish qiyin. Ammo u xalifa saroyining biror-bir qismida joylashgan bo`lishi kerak, deb taxmin qilish mumkin. Bundan tashqari, “Bayt al-hikma”ning tashkil topishi ba`zan faqat xalifa al-Ma`mun ismi bilan ham bog`lab ko`rsatiladiki, bu haqiqatdan ancha yiroqdir.
Al-Mansur, Horun ar-Rashid, al-Ma`mun kabi Abbosiy xalifalar qadimiy qo`lyozma asarlar va yirik olimlarni o`z saroylariga jalb etishga alohida e`tibor qaratish bilan bir qatorda, bu borada mislsiz jonbozlik ham ko`rsatdilar. Natijada Bag`dod tez orada butun xalifalikda ilmiy faoliyat yuritish uchun katta imkoniyatlarga ega bo`lgan qulay shaharga aylandi. Bu esa o`z navbatida, olimlarning o`sha yerda ijod qilish ishtiyoqini oshirib yubordi.
Saroyda qo`lyozma asarlarni saqlash abbosiy xalifalardan al-Mansur davrida doimiy jarayonga aylandi, sifat va miqdor jihati ham tubdan o`zgardi. Al-Mansur nodir qo`lyozma asarlarni to`plashdan tashqari, o`zga yurtlardagi olimlarni ham o`z saroyiga jalb eta boshladi. Uning saroyida Erondagi Gundishopur maktabidan taklif etilgan turli diniy e`tiqodda bo`lgan ko`pgina olimlar, tabiblar, kimyogarlar, geograflar va muhandislar xizmat qilgan. Xalifa al-Mansur davrida astronomiya, matematika, falsafa, tabobat, tarix, adabiyotga oid bir qancha kitoblar tarjima qilingan va mazkur noyob qo`lyozma asarlarni saqlash uchun o`z saroyidan maxsus joy ajratgan. Shu tariqa “Bayt al-hikma”ning yaratilishiga asos bo`lgan saroy kutubxonasi paydo bo`ldi.
Ammo bu kutubxonaning vazifasi kitobxonlarni zaruriy adabiyotlar bilan ta`minlash emas, balki to`plangan nodir qo`lyozma asarlar, turli mamlakatlardan keltirilib, arab tiliga o`girilgan kitoblarni saqlashdan iborat bo`lgan. Al-Mansur davrida bu maskan hali “Bayt al-hikma” deb nomlanmagan edi. Abbosiy xalifalar ichida eng dong taratgan Horun ar-Rashid (786-809) taxtga o`tirganidan so`ng, ijtimoiy va madaniy hayotning barcha jabhalarida katta o`zgarishlar sodir bo`ldi. Bu, albata, “Bayt al-hikma”ga o`z ta`sirini o`tkazmay qolmadi. Horun ar-Rashid davrida “Bayt al-hikma” turli adabiyotlar saqlanadigan maskandan tarjima va tadqiqotlar olib boriladigan markazga aylandi. U yerga kelgan taniqli ulamolar, tadqiqotchilar nafaqat turli mavzulardagi kitoblar bilan tanishish, balki ularni mutolaa qilish imkoniyatiga ham ega edilar. Bu davrda tarjima ishlariga bo`lgan ahamiyat bag`oyat ortib, “Bayt al-hikma”dagi asarlar soni yanada ko`paydi.
Ibn al-Qiftiyning bu markaz haqidagi fikrlari ham nihoyatda diqqatga sazovor. U shunday deb yozadi: “Haqiqatan, “Bayt al-hikma” turli ilmiy yo`nalishlar markazi bo`lib, Horun ar-Rashid bu institut haqidagi fikrning ibtidosi edi. Uning o`g`li xalifa al-Ma`mun bu ishni amalga oshirdi. “Hikmat” so`zi musulmon olimlarining fikriga ko`ra ilohiy ilmlar, hisob, tabobat va falakiyotni qamrab olgan39”.
Horun ar-Rashidning kichik o`g`li al-Amin (809-813) davrida “Bayt al-hikma”ning faoliyati birmuncha susaygan bo`lsa, uning katta o`g`li al-Ma`mun davrida o`z taraqqiyotining eng yuqori cho`qqisiga ko`tarildi. Al-Ma`mun “Bayt al-hikma”ga alohida e`tibor bilan qaradi. Natijada uning davrida (813-833) “Bayt al-hikma”dagi ilmiy muhit misli ko`rilmagan darajada rivojlanib, u yerda yunon, fors va hind tillaridagi muhim kitoblarni arab tiliga o`girish, sharhlash bilan bir qatorda, mustaqil ilmiy faoliyat ham olib borilib, yangi asarlar yozildi. Al-Ma`mun diniy ilmlar, falsafa, aniq fanlar bilan qiziqqan va o`zi ham ular bilan muntazam shug`ullangan. Shuningdek, u tarjimonlar va olimlarga har bir yozgan yohud tarjima qilgan kitoblari uchun katta mukofotlar tayinlagan. Uning bevosita homiyligi ostida Yunoniston, Hindiston, Rum, Eron va Marvdan “Bayt al-hikma”ga katta miqdorda turli mavzudagi kitoblar kelib tushgan. Ularning ba`zilari esa, harbiy yurishlardagi o`lja sifatida Bag`dodga olib kelingan.
Al-Ma`munning qo`llab-quvvatlashi bilan eng sara asarlar tanlab olinib, arab tiliga o`girildi. Umuman, bu davrda tarjimonlik ishlari to`g`ri yo`lga qo`yilib, u yaxshi tashkil etilgan doimiy faoliyatga aylandi. Tarjimonlar alohida-alohida guruhlarga bo`linib ishlaganlar; har bir guruhni albatta malakali, mohir tarjimon boshqargan va so`nggi tahrir uchun ushbu shaxs mas`ul bo`lgan. Tarjimalar, odatda, yunon tilidan suryoniy tiliga, so`ngra arab tiliga, ba`zan esa yunon tilidan to`g`ridan-to`g`ri arab tiliga o`girilgan. Aksar hollarda, tarjimalar kitob matnlarining asli bilan taqqoslab amalga oshirilgan. Har bir tarjimonlar guruhi tarkibida matn ko`chiruvchi va kitoblarni muqovalovchi mutaxassislar bo`lgan. Binobarin, al-Ma`mun davriga kelib, “Bayt al-hikma” tarkibida yirik kutubxona, tarjima va asarlar yozish, ko`chiruvchilar hamda muqovalash uchun ajratilgan maxsus xonalar mavjud edi. Shuningdek, al-Ma`mun davrida osmon jismlarini kuzatish uchun ikkita rasadxona ham bunyod etilgan40.
Yuqorida bayon etilgan ma`lumotlar asosida “Bayt al-hikma”ning ta`sis etilishi hamda uning vazifalari haqida quyidagicha xulosaga kelish mumkin: Bag`dod xalifalari saroyining ma`lum qismini egallagan “Bayt al-hikma”ning asosi – xalifa al-Mansur davrida yaratildi, Horun ar-Rashidning homiyligi ostida, u ancha kengaytirildi, rivojlantirildi, o`zining tarixiy “Bayt al-hikma” nomi bilan yuritila boshladi. Al-Ma`mun esa, u yerda mashhur allomalarni to`plab, ularga har taraflama ko`mak berdi, uning eng yuqori taraqqiyot darajasiga ko`tarilishini va o`sha davr uchun o`ziga xos ilmiy maktabga aylanishini ta`minladi.