Page 354
O`quvchilar laboratoriya ishini bajarayotganlarida xavfsizlik texnikasi qoidalariga
rioya qilishlarini laborant kuzatib turadi. Laborant o`zining nazariy va amaliy
bilimlarini doimo oshira borishi va har yili o`qituvchiga imtihon topshirib turishi lozim.
Har kuni ishning oxirida kabinetdagi elektr asboblar o`chirilganligini stollarda
reaktivlar qolmasligini, vodoprovod va gaz jo`mraklari bekilganligini tekshirib, so`ngra
kabinetni qulflaydi. Xar bir laborantda xalat, ko`zoynak, rezina qo`lqop bo`lishi kerak.
Laborant doimo ozoda kiyingan bo`lishi, saranjom-sarishta ishlashi, moddalar bilan
ishlagandan so`ng qo`lini albatta sovunlab yuvishi lozim. Laboratoriyada sintetik
kiyimlar kiyish tavsiya etilmaydi.
Laborant va o`qituvchi o`zaro birgalikda o`quv laboratoriya tajribasini
mashg’ulotdan avval birinchidan yaxshilab tayyorgarlik ko`rishlari kerak, ikkinchidan,
o`quvchi ishtirokisiz ya`ni o`zlari muayyan tajribani sinov tarzida bajarib ko`rishlari
kerak. Aks holda mabodo o`quvchilarga tajribalarni ko`rsatayotganda biror muhim
qismi ko`ngildagidek chiqmasa (masalan gaz chiqmay qolsa yoki cho`kma tushmay
qolsa yoki rang o`zgarmay qolsa) tajribani ishonchliligiga putur yetishi mumkin.
Laborant ko`rsatadigan tajriba yoki laboratoriya mashg’ulotiga zaruriy asbob va
reaktivlarni o`qituvchi tomonidan tuzilgan kartochka asosida tayyorlaydi. Ayrim
hollarda ba`zi zarur narsalar laborantning esidan chiqib qolishi mumkin. Shu sababli
tayyorlangan o`quv asbob-reaktivlarini o`qituvchi albatta ko`zdan kechirishi va
yetishmagan narsalarni laborantga aytishi lozim.
Kimyo darslarida o`qitishning faol usullaridan foydalanish, darslarning asosi
qilib ko`rsatiladigan tajribalarga va laboratoriya mashg’ulotlariga katta e`tibor
berib, ularni to`g’ri uyushtirish, qilib ko`rsatiladigan tajribalarga o`quvchilarning butun
diqqat e`tiborini jalb qilish, har bir hodisaga o`quvchilarning tadqiqototchi sifatida
yondashishlariga erishish kerak.
Amaliy mashg’ulotdan ko`zda tutilgan asosiy maqsa butun o`tilgan mavzularga
oid nazariy bilimlar naqadar puxta o`zlashtirilganligini bilib olishdan iborat. Bunday
mashg’ulotni o`tkazishda barcha zaruriy asbob-jihozlar va reaktivlar oldindan taxt qilib
qo`yilgan bo`lishi lozim. Shu sababli mashg’ulot o`tkazilishidan bir necha kun oldin
o`qituvchi laborantga qanday tayyorgarlik ishlari ko`rish lozimligini aytib, laborantning
ish jurnaliga yozib qo`yadi.
Tajribani bajarish paytida o`quvchilarning faoliyati boshqarilishi, kim yaxshi
ishlayotganligini ta`kidlash, xavfsizlik texnikasi va natijalarini kuzatib borish kerak.
Ish yakunida avvaldan yig’ishtirish uchun bir necha daqiqa qoldirish kerak. Ish
tamom bo`lgandan so`ng, uning natijalari muhokama qilinadi va daftarga yoziladi.
Har bir laboratoriya ishi bajarilgandan keyin o`qituvchi o`quvchilarning
laboratoriya mashg’ulotiga oid hisobotlari va tajribani qanday o`tkazganliklarini
e`tiborga olib, har qaysi o`quvchiga ball (baho) qo`yib chiqadi.