Kafillik turlari:
1. Shaxsga kafil bo‘lishning hukmi – makful bihni (topib)
keltirmoqdan iboratdir. Ya’ni qaysi vaqtda makful bihni topshirish va’da
qilingan bo‘lsa, o‘sha vaqtda makful lah undan talab qiladi. Shunda kafil
uni topib kelishi lozim bo‘ladi, topsa topdi, topolmasa, shunga majbur
etiladi.
2. Zar kafillik hukmlari. Da’vogar da’voda tanlash huquqiga ega:
qarzini istasa, kafildan yoki asldan talab etadi. Biridan talab qilish
ikkinchisidan talab qilishni soqit etmaydi. Biridan talab etib, so‘ngra
ikkinchisidan yoki birdaniga har ikkalasidan ham talab eta olish mumkin.
Zar kafil bo‘lgan odamning zimmasiga tushadigan mablag‘ga boshqa
birov kafil bo‘lsa, qarz egasi qarzini kafillarning qaysisidan istasa, talab
qila oladi.
Hammalari mushtarak qarzdor bo‘lgan shaxslar bir-birlariga kafil
bo‘lsalar, ularning har biri umumiy qarzga javob beradilar. Bir qarzning
bir necha kafillari bo‘lgan holatda, agar boshqa-boshqa kafil bo‘lgan
bo‘lsalar, har birlari umumiy qarz uchun javob beradilar.
Agar birgalikda kafil bo‘lgan bo‘lsalar, har qaysilari qarzdagi hissasi
miqdoricha javob beradilar. Lekin ular biri-birining zimmasiga
tushadigan mablag‘ga ham kafil bo‘lgan bo‘lsalar, u holda har birlari
umumiy qarzga javob beradilar. Havola qiluvchi (qarzini o‘zgaga
o‘tkazuvchi)ning qarzdan ozod bo‘lmaslik sharti bo‘lsa, ushbu havola
kafillikdir. Unga binoan bir odam qarzdorga: «Sendagi qarzimni sen
(o‘zing) ham zomin bo‘lib qolishing sharti bilan falonchining ustiga
(zimmasiga) o‘tkaz», – deb aytsa, u ham xuddi shunday tarzda havola
etsa, da’vogar (qarz egasi) o‘z qarzini qaysi biridan istasa oladi. Bir
odamda boshqa birovning omonatga qo‘ygan moli bo‘lsa, o‘sha molidan
118
to‘lash sharti bilan uning qarziga kafil bo‘lsa, bo‘ladi va o‘sha moldan
(qarzni) to‘lashga kafil majbur qilinadi. Agar u mol yo‘qolsa, kafilga hech
narsa yuklanmaydi. Faqat kafil bo‘lgandan so‘ng, u molni o‘z egasiga
qaytarib bersa, u holda o‘zi (ularning qarziga) zomin bo‘ladi.
Kafil tayinlangan vaqtda qarzni tayyorlab qo‘ysa-yu, makful lah bu
vaqtda ushbu shaharda bo‘lmasa, o‘rniga vakil belgilab, unga makful
bihni topshirishni so‘rab hokimga murojaat qila oladi. Erkin (mutlaq)
kafolatda aslning qarzi muhlatsiz bo‘lsa, kafilga nisbatan ham muhlatsiz
holda o‘tadi. Muhlatli bo‘lsa (ya’ni falon vaqtda uzish sharti bo‘lsa),
kafilga nisbatan ham muhlatli tarzda o‘tadi.
Shartli kafolatda (kafillik va kafolat bir ma’noli so‘zlar) muhlatsiz
va muhlatlidan qaysi biri ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lsa, o‘shanga ko‘ra talab
qilinadi. Ma’lum muddatli qarzga o‘sha muddat bo‘yicha kafillik berish
mumkin bo‘lgani kabi undan uzoqroq muddat bo‘yicha kafil bo‘lishlik
ham mumkin. Qarz egasi o‘z qarzini qaytarish uchun aslga muhlat bersa,
kafil yoki kafilning kafiliga ham muhlat bergan bo‘ladi. Birinchi kafilga
muhlat bersa, ikkinchi kafilga ham muhlat bergan bo‘ladi. Ammo kafilga
nisbatan muhlat bergani aslga ham muhlat berdi, degani emas. Muhlatli
qarzi bo‘lgan kimsa qarz muhlati kelmasdan burun o‘zga yurtga ketadigan
bo‘lib qolganda, qarz egasi hokimga murojaat qilib, undan kafil talab
qilsa, kafil topib berishga majbur bo‘ladi.
Kafillikning huquqiy oqibatlari.
Erkin, shartli va muddatli
kafillikning hukmlari. Kafillikning hukmi talab etilishidir. Qarz beruvchi
yoki da’vogarning kafildan berilgan pul, qarzni talab etishga haqi
borligidir. Erkin kafolatda aslning qarzi muddatsiz bo‘lsa, darhol,
muddatli bo‘lsa, muddati bitganidan so‘ng qarz egasi kafildan qarzini
talab etishga haqlidir. Ammo biror shartga bog‘liq va kelajakda
to‘lanadigan tarzda tuzilgan kafilliklarda (qo‘yilgan) shart amalga
oshmaguncha va belgilangan vaqt kelmaguncha kafildan (biror narsa)
talab etilmaydi (kafillik kuchga kirmaydi). Masalan, «falon odam sening
qarzingni bermasa, to‘lashga men kafilman» deyilganda, shartli kafillik
tuzilgan bo‘ladi. Demak, qarz qaytarilishi so‘ralganda, u odam bermasa,
kafildan talab etiladi. Lekin asldan talab qilinmay turib, kafildan talab
etilmaydi. Shuningdek, «falon odam sening molingni o‘g‘irlasa, men
to‘layman» deyilsa, bunday kafillikni berish mumkin va o‘sha odam
o‘g‘irlikni sodir etsagina, kafilga da’vo qilinadi. Makful lah (qarzini)
qachon talab qilsa, o‘sha kungacha muhlati bo‘lgan kafillik berilsa,
aytilgan muhlat o‘tganidan so‘ng, makful lah qachon istasa, o‘shanda
qarzni talab eta oladi.
|