1.3. Monopoliyalarning ijobiy va salbiy tomonlari Monopoliyaning iqtisodiy taraqqiyotga ta`sir qiluvchi ijobiy va salbiy tomoni mavjud.
Uning
ijobiy tomoni asosan quyidagi ikkita jihat orqali namoyon bo`ladi.
Birinchidan, yuqorida ta`kidlab o`tilganidek, u ma`lum tarmoqlarda nisbatan samarali amal
qiladi va xarajatlarning tejalishiga olib keladi.
Ikkinchidan, monopolist bo`lmagan, mayda, raqobatlashuvchi soha korxonalariga nisbatan
monopolistik korxonalarda ishlab chiqarishga ilmiy-texnika taraqqiyoti yutuqlarini joriy etish
uchun ko`proq rag`bat va imkoniyat mavjud bo`ladi. Chunki, uncha yirik bo`lmagan
raqobatlashuvchi korxonalarning odatda moliyaviy jihatdan imkoniyatlari cheklangan bo`lib, ular
ishlab chiqarishga yangiliklarni tatbiq etish orqali kelgusidagi daromadlarni oshirishdan ko`ra,
ko`proq joriy daromadga e`tibor qaratadilar. Bundan tashqari, yangi g`oyalar raqiblar tomonidan
juda tez o`zlashtirib olinadi va, buning oqibatida, bu g`oyalarni amalga oshirish xarajatlarini bir
tomon qilgani holda, uning samarasidan barcha foydalanadi. Yirik monopolistik firmalarda
moliyaviy imkoniyatlar keng bo`lib, innovatsiyadan olingan foyda ularning mualliflariga tegishi
aniq kafolatlanadi.
Monopoliyaning
salbiy tomoni sifatida quyidagi jixatlarni ko`rsatish mumkin:
1) resurslarning oqilona taqsimlanmasligi. Bu holat monopoliyalarning yuqori foyda
ketidan quvib, sun`iy ravishda ishlab chiqarishni cheklash vositasida narxlarni ko`tarishi,
mahsulotlarning u qadar yaxshi bo`lmagan turlarini, past texnikaviy darajasini, past sifati hamda
sotishning yomon sharoitlarini vujudga keltirishi orqali namoyon bo`ladi. Natijada, raqobat
sharoitida amal qiluvchi iqtisodiyot samaradorligini bozor vositasida tartibga solish mexanizmi
ishdan chiqadi.
Monopoliyalar bilan bog`liq bo`lgan iqtisodiy faoliyatlar erkin hamda oqilona tanlov
imkoniyatidan mahrum bo`ladi, monopoliyalarning iqtisodiy jihatdan asoslanmagan shart-sharoit
va narxlari tazyiqiga chiday olmaydi, ish faolligini pasaytirib, ba`zi hollarda xonavayron
bo`ladilar. Oqibatda ishlab chiqarish qisqarib, ishsizlik va inflyatsiya o`sadi, xo`jalikning izdan
chiqishi kuchayadi. Jamiyat boyligi resurslarning oqilona raqobatli-bozor taqsimoti sharoitida
qo`lga kiritilishi mumkin bo`lgan miqdoriga qaraganda kamayib ketadi;