IX-XII asrlar davri nafaqat dunyoviy fanlarning yuksaklab borishi bilan, shu
bilan birga islomiy madaniyat va ma’naviyatning shakllanib, chuqur ildiz otib
borishi, bu sohada talay etuk olimu
ulamolarning etishib chiqib, Vatanimiz sha’nini
olamaro, ulug’laganligi bilan ham tavsiflanadi.
Garchand islom dini Arabistonda vujudga kelgan bo’lsa-da, biroq yangi ilohiy
ta’limot Turkiston zaminida ravnaq topdi, takomiliga erishdi. Turkiston musulmon
dunyosiga Xorazmiylar, Buxoriylar, Termiziylar, Nasafiylar, Samarqandiylar
taxalluslari bilan ijod qilgan ko’plab noyob iste’dod sohiblarini etishtirib berdi.
Islom va uning asosiy ta’limoti aks etgan «Qur’oni Karim» g’oyalarining o’lka
hayotiga kirib kelishi va keng yoyilishi, shuningdek, mahalliy xalqlarning
musulmonchilik tamoyillari va udumlarini qabul qilishi hamda ularga e’tiqod
bog’lashi davomida asta-sekin islom madaniyati shakllanib, chuqur ildiz otib bordi.
Bunda shu yurt zaminidan etishib chiqqan buyuk islomshunos allomalarning xizmati
benazirdir.
Biz tilga olayotgan tarixiy davrning yana
bir muhim jihati shundaki, bunda islom
dini va uning asosiy tamoyillarini har tomonlama
chuqur tadqiq etish hamda
rivojlantirishga o’z hissasini qo’shgan, tasavvuf va tariqat ilmida benazir bo’lgan
vatandosh allomalarimiz faoliyatiga ham bir nazar tashlab o’tmog’imiz joiz bo’ladi.
Avvalo, tasavvuf – bu odamlarni halollikka, poklikka undovchi barcha
musulmonlarning o’z halol mehnati bilan kun ko’rishini, boshqalar kuchidan
foydalanmaslikni, ijtimoiy adolat qoidalariga rioya etishni targ’ib etuvchi
ta’limotdir.