mavzu: O’zbekiston Respublikasining maktabgacha ta’lim sohasiga oid me’yoriy-huquqiy hujjatlari. (2 soat ma’ruza+2soat amal.)
Reja:
O’zbekiston Respublikasida maktabgacha ta’limga oid qonun xujjatlari.
Maktabgacha ta’limga oid qonunosti hujjatlari.
Tayanch iboralar: Qonun, qonunosti hujjati, farmon, farmoyish, qaror, buyruq, nizom, ta’lim muassasalari, Vazirlar Mahkamasi, ta’lim bosqichlari.
2.1. O’zbekiston Respublikasida maktabgacha ta’limga oid qonun xujjatlari.
1.1. O’zbekiston Respublikasining “Ta’lim to’g`risida”gi Qonuni.
Mamlakatimizda mustaqillikning birinchi yillaridan boshlab ta’lim sohasida eski yondashuvlardan butunlay voz kechilib, yangicha tamoyillarga, milliy qadriyat va an’analarimizga, jahon mamlakatlarining ilg`or tajribasiga asoslanib, hayotimizni tubdan yangilash, uzoq va davomli maqsadlarni amalga oshirish uchun ta’lim va tarbiya sohasiga ustuvor ahamiyat qaratilib kelinmoqda.
O’zbekiston Respublikasining “Ta’lim to’g`risida”gi Qonuni 1997 yil 29 avgustda qabul qilingan bo’lib ushbu qonun 5 bo’lim va 34 moddadan iborat. Ushbu Qonun fuqarolarga ta’lim, tarbiya berish, kasb-hunar o’rgatishning huquqiy asoslarini belgilaydi hamda har kimning bilim olishdan iborat konstitustiyaviy huquqini ta’minlashga qaratilgan.
Jumladan ushbu qonunda bilim olish huquqi:
Davlat va nodavlat ta’lim muassasalarini rivojlantirish;
Ishlab chiqarishdan ajralgan va ajralmagan holda ta’lim olishni tashkil etish;
Ta’lim va kadrlar tayyorlash davlat dasturlari asosida bepul o’qitish, shuningdek ta’lim muassasalarida shartnoma asosida to’lov evaziga kasb-hunar o’rgatish;
Barcha turdagi ta’lim muassasalarining bitiruvchilari keyingi bosqichdagi o’quv yurtlariga kirishda teng huquqlarga ega bo’lishi;
Oilada yoki o’zi mustaqil ravishda bilim olgan fuqarolarga akkreditastiyadan o’tgan ta’lim muassasalarida eksternat tartibida attestastiyadan o’tish huquqini berish orqali ta’minlanishi belgilab qo’yilgan. “Ta’lim to’g`risida”gi Qonunga asosan ta’lim sohasidagi davlat
siyosatining asosiy prinstiplari sifatida quyidagilar belgilab qo’yilgan:
Ta’lim va tarbiyaning insonparvar, demokratik xarakterda ekanligi;
Ta’limning uzluksizligi va izchilligi;
Umumiy o’rta, o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limining majburiyligi;
O’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi yo’nalishini: akademik listeyda yoki kasb-hunar kollejida o’qishni tanlashning ixtiyoriyligi;
Ta’lim tizimining dunyoviy xarakterda ekanligi;
Davlat ta’lim standartlari doirasida ta’lim olishning hamma uchun ochiqligi;
Ta’lim dasturlarini tanlashga yagona va tabaqalashtirilgan yondashuv;
Bilimli bo’lishni va iste’dodni rag`batlantirish;
Ta’lim tizimida davlat va jamoat boshqaruvini uyg`unlashtirish.
Ushbu qonunda tegishli ma’lumoti, kasb tayyorgarligi bor va yuksak axloqiy fazilatlarga ega bo’lgan shaxslar pedagogik faoliyat bilan shug`ullanish huquqiga ega ekanligi xamda pedagogik faoliyat bilan shug`ullanish sud hukmiga asosan man etilgan shaxslarning ta’lim muassasalarida bu faoliyat bilan shug`ullanishiga yo’l qo’yilmasligi aloxida ta’kidlab o’tilgan.
“Ta’lim to’g`risida”gi qonunning 6-moddasida ta’lim muassasasining huquqiy maqomi nazarda tutilgan. Unga asosan, ta’lim muassasasi yuridik shaxs bo’lib, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tashkil etiladi. Nodavlat ta’lim muassasasi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda davlat akkreditastiyasidan o’tgan paytdan boshlab yuridik shaxs huquqlari va ta’lim faoliyati bilan shug`ullanish huquqiga ega bo’ladi. Ta’lim muassasasini akkreditastiyalash vakolatli davlat organi tomonidan attestastiyaga asosan amalga oshirilishi belgilab qo’yilgan.
Ushbu qonunga ko’ra, ta’lim muassasasi qonun hujjatlariga muvofiq ishlab chiqilgan ustav asosida faoliyat ko’rsatadi. Ta’lim muassasasi attestastiya natijalariga binoan davlat akkreditastiyasidan mahrum etilishi mumkin. Ta’lim muassasalari o’quv-tarbiya majmualariga hamda o’quv-ilmiy- ishlab chiqarish birlashmalari va uyushmalariga birlashishga haqli.
“Ta’lim to’g`risida”gi qonunning 7-moddasida Davlat ta’lim standartlari umumiy o’rta, o’rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim mazmuniga hamda sifatiga qo’yiladigan talablarni belgilaydi, deb ko’rsatilgan.
Davlat ta’lim standartlarini bajarish O’zbekiston Respublikasining barcha ta’lim muassasalari uchun majburiy xisoblanadi.
Ta’lim muassasalarida ta’lim berish tilidan foydalanish tartibi Davlat tili to’g`risidagi O’zbekiston Respublikasi Qonuni bilan tartibga solinishi aloxida qayd etilgan.
O’zbekiston Respublikasining ta’lim tizimi o’z ichiga quyidagilarni oladi:
-davlat standartlariga muvofiq ta’lim dasturlarini amalga oshiruvchi davlat va nodavlat ta’lim muassasalari;
-ta’lim tizimining faoliyat ko’rsatishi va rivojlanishini ta’minlash uchun zarur bo’lgan tadqiqot ishlarini bajaruvchi ilmiy-pedagogik muassasalar;
-ta’lim sohasidagi davlat boshqaruv organlari, shuningdek ularga qarashli korxonalar, muassasalar va tashkilotlar.
O’zbekiston Respublikasida ta’lim maktabgacha ta’lim, umumiy o’rta ta’lim, o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, oliy ta’lim, oliy o’quv yurtidan keyingi ta’lim, kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash, maktabdan tashqari ta’lim turlarida amalga oshiriladi. Qonunda ta’lim turlariga quyidagicha ta’rif berilgan:
Maktabgacha ta’lim odatda davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi, qisqa muddatli guruxlar tuzish orqali amalga oshiriladi. Bu ta’lim olti-etti yoshgacha oilada, bolalar bog`chasida va mulk shaklidan qat’iy nazar boshqa ta’lim muassasalarida olib boriladi, xamda u bola shaxsini sog`lom va etuk, maktabda o’qishga tayyorlangan tarzda shakllantirish maqsadini ko’zlaydi.
Umumiy o’rta ta’lim odatda umumiy o’rta ta’lim olish uchun zarur bo’lgan savodxonlik, bilim va ko’nikma asoslarini shakllantirish, bilimlarning zarur hajmini berish, mustaqil fikrlash, tashkilotchilik qobiliyati va amaliy tajriba ko’nikmalarini rivojlantirish, dastlabki tarzda kasbga yo’naltirish va ta’limning navbatdagi bosqichini tanlash maqsadini ko’zlaydi.
O’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi akademik listey yoki kasb-hunar kollejida amalga oshiriladi. Uning asosiy maqsadi o’quvchilarning intellektual qobiliyatlarini jadal o’stirishni, ularning chuqur, tabaqalashtirilgan va kasb-hunarga yo’naltirilgan bilim olishlarini ta’minlash, o’quvchining kasb-hunarga moyilligi, mahorat va malakasini chuqur rivojlantirish, tanlangan kasblar bo’yicha bir yoki bir necha ixtisos olishni ta’minlash hisoblanadi.
Oliy ta’lim oliy o’quv yurtlarida (universitetlar, akademiyalar, institutlar va oliy maktabning boshqa ta’lim muassasalarida) amalga oshiriladi. Oliy ta’limning asosiy maqsadi oliy ta’lim yo’nalishlaridan biri (bakalavriat) yoki aniq mutaxassislik (magistratura) bo’yicha puxta bilim berish hisoblanadi.
Oliy o’quv yurtidan keyingi ta’lim jamiyatning ilmiy va ilmiy- pedagogik kadrlarga bo’lgan ehtiyojlarini ta’minlashga qaratilib, u oliy o’quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot muassasalarida (doktorantura, mustaqil tadqiqotchilik) amalga oshiriladi.
Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash OTMlarda, maxsus ta’lim muassasalarida, Oliy maktablarda, qisqa muddatli o’quv kurslarida yoki boshqa tashkilotlarda amalga oshirilishi mumkin bo’lib, uning asosiy maqsadi kasb bilim va ko’nikmalarni chuqurlashtirish hamda yangilashni ta’minlashga qaratiladi.
Maktabdan tashqari ta’lim bolalar va o’smirlarning yakka tartibdagi ehtiyojlarini qondirish, ularning bo’sh vaqti va dam olishini tashkil etish, madaniy-estetik, ilmiy, texnikaviy, sport va boshqa yo’nalishlarda ko’rsatiladi. Bu ta’lim bolalar, o’smirlar ijodiyoti saroylari, uylari, klublari va markazlari, bolalar va o’smirlar sport maktablari, san’at maktablari, musiqa maktablari, studiyalar, kutubxonalar, sog`lomlashtirish muassasalari va boshqa muassasalar tomonidan amalga oshiriladi.
O’zbekiston Respublikasi “Ta’lim to’g`risida”gi qonunining 19- moddasida Akkreditastiya qilingan ta’lim muassasalarining bitiruvchilariga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi ma’lumot to’g`risidagi hujjat (shahodatnoma, diplom, sertifikat, guvohnoma) beriladi deb ko’rsatilgan. Davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi ma’lumot to’g`risidagi hujjat oilada ta’lim olgan yoki mustaqil ravishda bilim olgan va akkreditastiya qilingan ta’lim muassasalarining tegishli ta’lim dasturlari bo’yicha ekstern tartibida imtihonlar topshirgan shaxslarga ham berilishi qonunda belgilangan.
Tegishli bosqichdagi ta’limni tugallamagan shaxslarga belgilangan namunadagi ma’lumotnoma beriladi deyilgan ushbu qonunda.
Davlat tasdiqlagan namunadagi ma’lumot to’g`risidagi hujjat navbatdagi bosqich ta’lim muassasalarida ta’lim olishni davom ettirish yoki tegishli ixtisoslik bo’yicha ishlash huquqini beradi.
O’zbekiston Respublikasi “Ta’lim to’g`risida”gi qonunining 20- moddasida ta’lim oluvchilarni ijtimoiy himoya qilish, ya’ni me’yoriy hujjatlarga muvofiq imtiyozlar, stipendiya va yotoqxonada joy bilan ta’minlash, 21-moddasida ta’lim muassasalari xodimlariga ish vaqtining qisqartirilgan muddati belgilanishi, haq to’lanadigan yillik uzaytirilgan ta’tillar, hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar, ta’lim muassasalari ish haqiga mo’ljallangan mavjud mablag`lar doirasida mustaqil ravishda stavkalar, mansab okladlariga tabaqalashtirilgan ustama belgilashga hamda mehnatga haq to’lash va uni rag`batlantirishning turli shakllarini
qo’llashga haqliligi, 22-moddasida etim bolalarni va ota-onalarining yoki boshqa qonuniy vakillarining vasiyligisiz qolgan bolalarni o’qitish va ularni boqish davlatning to’la ta’minoti asosida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirilishi, 23-moddasida esa jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni bo’lgan, shuningdek, uzoq vaqt davolanishga muhtoj bo’lgan bolalar va o’smirlarni o’qitish, qisman yoki to’la davlat ta’minotida bo’lishi belgilab qo’yilgan.
Ushbu qonunga muvofiq, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ta’lim sohasidagi vakolatlariga quyidagilar:
ta’lim sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
ta’lim sohasidagi davlat boshqaruvi organlariga rahbarlik qilish;
ta’limni rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
ta’lim muassasalarini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish tartibini belgilash;
ta’lim muassasalarini akkreditastiyadan, pedagog, ilmiy kadrlarni attestastiyadan o’tkazish tartibini belgilash;
O’zbekiston Respublikasining hududida boshqa davlatlarning ta’lim muassasalariga ta’lim faoliyati bilan shug`ullanish huquqini beruvchi ruxsatnomalar berish;
qonun hujjatlariga muvofiq xorijiy davlatlarning ta’lim to’g`risidagi hujjatlarini tan olish va hujjatlarning ekvivalent ekanligini qayd etish tartibini belgilash;
davlat ta’lim standartlarini tasdiqlash;
davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi ma’lumot to’g`risidagi hujjatlarni tasdiqlash va ularni berish tartibini belgilash;
davlat grantlari miqdori va ta’lim muassasalariga qabul qilish tartibini belgilash;
davlat oliy ta’lim muassasasining rektorlarini tayinlash;
ta’lim oluvchilarni akkreditastiya qilingan bir ta’lim muassasasidan boshqasiga o’tkazish tartibini belgilash va qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlar kiradi.
Ta’limni boshqarish bo’yicha maxsus vakolat berilgan davlat organlarining vakolatlari sifatida quyidagilar belgilab berilgan:
ta’lim sohasida yagona davlat siyosatini ro’yobga chiqarish;
ta’lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish va uslub masalalarida ularga rahbarlik qilish;
davlat ta’lim standartlari, mutaxassislarning bilim saviyasi va kasb tayyorgarligiga bo’lgan talablar bajarilishini ta’minlash;
o’qitishning ilg`or shakllari va yangi pedagogik texnologiyalarni, ta’limning texnik va axborot vositalarini o’quv jarayoniga joriy etish;
o’quv va o’quv-uslubiy adabiyotlarni nashr etishni tashkil qilish;
ta’lim oluvchilarning yakuniy davlat attestastiyasi va davlat ta’lim muassasalarida eksternat to’g`risidagi nizomlarni tasdiqlash;
davlat oliy ta’lim muassasasining rektorini tayinlash to’g`risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish;
pedagog xodimlarni tayyorlashni, ularning malakasini oshirishni va qayta tayyorlashni tashkil etish va shu bilan birga qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlar kiradi.
“Ta’lim to’g`risida”gi qonunga muvofiq Mahalliy davlat hokimiyati
organlarining ta’lim sohasidagi vakolatlari quyidagilar:
ta’lim muassasalari faoliyatining mintaqalarni ijtimoiy- iqtisodiy rivojlantirish ehtiyojlariga muvofiqligini ta’minlash;
ta’lim muassasalarini tashkil etadish, qayta tashkil etadish va tugatish, ularning ustavlarini ro’yxatga oladish;
o’z hududlaridagi ta’lim muassasalarini vakolat doirasida moliyalash miqdorlarini va imtiyozlarni belgilash;
ta’lim sifati va darajasiga, shuningdek, pedagog xodimlarning kasb faoliyatiga bo’lgan davlat talablariga rioya etilishini ta’minlash hamda qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradilar.
“Ta’lim to’g`risida”gi qonunning 28-moddasida ta’lim muassasasini boshqarish masalasi yoritib berilgan bo’lib unda ta’lim muassasasini uning rahbari boshqarishi, ta’lim muassasalarida qonun hujjatlariga muvofiq faoliyat ko’rsatadigan jamoat boshqaruvi organlari tashkil etilishi mumkinligi ko’rsatilgan.
Qonunning 29-moddasida ta’lim sohasidagi davlat boshqaruvi organlari bilan nodavlat ta’lim muassasalari o’rtasidagi o’zaro munosabatlari ko’rsatib o’tilgan bo’lib unda:
ta’lim sohasidagi davlat boshqaruvi organlari nodavlat ta’lim muassasalarida ta’lim to’g`risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini nazorat qilishi;
nodavlat ta’lim muassasalari “Ta’lim to’g`risida”gi qonun hujjatlarini buzgan taqdirda, akkreditastiya qilgan organlar ularning faoliyatini qonun hujjatlariga muvofiq to’xtatib qo’yishga haqli ekanligi;
nodavlat ta’lim muassasalariga qabul davlat o’quv yurtlari uchun belgilangan tartibda va muddatlarda amalga oshirilishi qayd etilgan.
Shuningdek, qonunda:
Voyaga etmagan bolalarning ota-onalari yoki qonuniy vakillari bolaning qonuniy huquqlari va manfaatlarini himoya qilishlari shart ekanligi hamda ularning tarbiyasi, maktabgacha, umumiy o’rta, o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi olishlari uchun javobgarligi;
Davlat ta’lim muassasalarini moliyalash respublika va mahalliy byudjetlar mablag`lari, byudjetdan tashqari mablag`lar hisobidan amalga oshirilishi;
Ta’limni rivojlantirish fondlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yuridik va jismoniy shaxslarning shu jumladan chet ellik yuridik va jismoniy shaxslarning ixtiyoriy badallari hisobidan tashkil etilishi mumkinligi;
Ta’lim muassasalari ta’lim muammolari yuzasidan xalqaro hamkorlikda ishtirok etishlari, xorijiy mamlakatlarning tegishli o’quv yurtlari bilan bevosita aloqalar o’rnatishi, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ular bilan qo’shma o’quv yurtlari tashkil etish huquqiga ega ekanligi;
Ta’lim to’g`risidagi qonun hujjatlarini buzishda aybdor bo’lgan shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo’lishi yoritib berilgan.
Dostları ilə paylaş: |