Jahon adabiyoti tarixi



Yüklə 2,24 Mb.
səhifə112/183
tarix26.10.2023
ölçüsü2,24 Mb.
#161590
1   ...   108   109   110   111   112   113   114   115   ...   183
Onore de Balzak ijodi (1799- 1850) XIX asr yevropa realizm adabiyoti rivojlanishining cho‘qqisi hisoblanadi. Buyuk adib 1820-1840-yillar Fransiyasining adabiy tarixini yaratib, uni “Insoniyat komediyasi” deb nomladi. Roman-epopeyaning muallifi yevropalik deyarli barcha buyuk ijodkorlar – Rable va Shekspirdan tortib V.Skottgacha, fransuz romantiklaridan Stendalgacha o‘rgandi. Faqat badiiy va ilmiy tafakkurning turli-tuman tajribasini chuqur va uzviy bog‘lab o‘zlashtirish natijasida Balzakning betakror dahosi shakllandi.
Onore de Balzak 1799-yilning 20-may kuni Tur shahrida tug‘ilgan. Ota – onasi hohishiga ko‘ra huquq fakultetini tugatadi. U o‘z otasidan yozuvchi bo‘lishga qiziqishi orzu emasligini isbotlash uchun 2 yillik muhlat so‘raydi. Birinchi she'riy tragediyasi “Kromvel” muvaffaqiyatsiz chiqadi.
Balzak nomini yozuvchi sifatida tanitgan asar – “Shuanlar” romani (1829) hisoblanadi. Shundan so‘ng “Gobsek”, “Sag‘ri teri tilsimi”, “Polkovnik Shaber”, “yevgeniya Grande”, “Gorio ota” va boshqa asarlari bosilib chiqdi. Dantening “Ilohiy komediya”sidan ruhlanib, o‘z asarlarini “Insoniyat komediyasi” degan umumiy nomi ostiga birlashtirib, 3 qismga bo‘ladi.

  1. “Xulqlar haqida etyudlar”.

  2. “Falsafiy etyudlar”.

  3. “Tahliliy etyudlar”.

Balzakning rejasiga ko‘ra birinchi qism 6 ta bo‘limga (“Pravinsiya hayoti sahnalari”, “Siyosiy hayot sahnalari”, “Parij hayoti sahnalari”, “Qishloq hayoti sahnalari”, “Shaxsiy hayot sahnalari”, “Gorio ota”, “Gobsek”, “Polkovnik Shaber” va b.) birlashtirilib, 111 asardan iborat bo‘lishi kerak edi – aslida 72 tasi yozilgan.
Ikkinchi qism (bo‘limlarga bo‘linmaydi) tarkibiga 27 ta roman kiritilishi kerak bo‘lgan bo‘lsa, shulardan 22 tasi yozilgan.
Uchinchi qismga 5ta asar kiritilishi kerak edi, shulardan 2 tasi («Nikoh fiziologiyasi», «Oilaviy hayot noxushliklari») yozilgan. Jami rejadagi 143 ta asardan 96 tasi yozilgan bo‘lib, ularda 2 mingdan ortiq personaj qatnashadi.
Birinchi qism barcha tabaqalarlarning hayoti va axloqi haqida tasavvurni gavdalantirishi, ikkinchi qismga muallif dunyoqarashi va estetik qarashlarini ochib bergan asarlar kiritilishi kerak edi. Ular orasida “Sag‘ri teri tilsimi”(1831) romani alohida e'tiborga loyiq. Mullif insonning hayotiy nuqtai nazarini belgilovchi uchta asosiy sabablarni ko‘rsatib o‘tadi - istamoq, bajara olmoq va bilmoq. Yozuvchining ta'kidlashicha, “istamoq” va “ bajara olmoq” odamni yondiradi va yemiradi, faqat “bilmoq” behuda vaqt sarflashning oldini oladi.
“Gobsek” (1830) qissasining bosh qahramoni millioner-sudxo‘r, yangi Fransiyaning hukmdorlaridan biri Gobsek “puling qancha ko‘p bo‘lsa, sen shuncha qudratli bo‘lasan”, degan falsafani o‘zlashtirib olib, yoshligidan oltin, pul to‘playdi. Pul jamiyat hayotining asosiy kuchi bo‘lgan davrda u ishbilarmonlar, ministrlar, yozuvchi-yu, san'atkorlarni o‘z qo‘liga qaram qilib olgan. Ana shu odamlar hayoti, taqdiri uning qo‘lida, u o‘z shartlarini qo‘yadi. Uning na qarindosh-urug‘lari va na do‘stlari bor. Tilladan boshqa narsani tan olmaydigan bu chol: “Bordi-yu qirol mendan qarz bo‘lganda va qarzini muddatida to‘lolmaganda, men uni boshqa qarzdorlardan oldinroq sudga berardim”, - deydi. Realistik asosga romantik elementlarni qo‘shib yuborish yozuvchi uslubiga xos. Gobsek irodasi kuchli, favqulodda va shu bilan birga ziddiyatli shaxs “Unda ikkita mahluq yashaydi: o‘taketgan ziqna va faylasuf, qabih mahluq va olijanoblik”, - deydi u haqida advokat Dervil.
“Gorio ota” qissasi qahramoni haqida: “Gorio ota – ajoyib odam – oilaviy pansion – 600 frank renta – har biri 50 ming frank rentasi bo‘lgan qizlari uchun bor-budini sarflaydi – itday xor bo‘lib o‘ladi”, deb yozilgan edi yozuvchining kundaligida. Ko‘rib turganimizdek, asarning xomaki rejasida faqat bitta qahramonning taqdiri haqida hikoya qilinishi kerak edi. Biroq asar yozishga 1834 yilning oxirlarida kirishgan Balzak, Gorioning tarixini ko‘plab qo‘shimcha syujet chiziqlari bilan “o‘raydi”. Ular orasida birinchi bo‘lib Parijda o‘qiyotgan talaba Ejen Rastinyakning syujet chizig‘i paydo bo‘ladi. Aynan u Gorio otaning hayoti va so‘nggi kunlari haqida so‘zlab beradi.
1833-yili Balzak ijodida yangi bosqichni boshlab bergan “yevgeniya Grande” romani nashrdan chiqdi. Asar voqealari poytaxtdan olisda joylashgan Somyur shahrida bo‘lib o‘tadi. Roman personajlari o‘z kundalik tashvishlari, mayda-chuda mojarolar, g‘iybatlarga o‘ralashib qolgan, pul ketidan quvgan, o‘z huzur-halovatini o‘ylaydigan somyurlik kishilar. Nafs balosi ularning hayotiga sigib ketgan. Shahardagi ikki taniqli oila vakillari - Kryusho va Grassenlar, boy-badavlat Grandening qizi yevgeniyani o‘zlariga kelin qilib olish uchun raqobatlashadi. Asarning bosh qahramoni yevgeniyaning otasi Feliks Grande ko‘p jihatlari bilan Gobsekka yaqin turadi. U ham Gobsek kabi favqulodda, “nodir shaxs”. Lekin uning nodirligi Somyur aholisi doirasi bilan chegaralanadi, ya'ni Grande ulardan aqlliroq, ayyorroq, chaqqonroq, ustomonroq bo‘lgani uchun omad ham unga doimiy hamroh. Biroq uning aqli pragmatizmga asoslangan, amaliyotchilik bilan cheklangan, unga Gobsekning keng va chuqur falsafiy mushohadasi, olam, hayot va odam haqida fikr yuritganda zakovat yetishmaydi. Agar Gobsekda boylikka sajda qilish falsafiy konsepsiya darajasiga ko‘tarilgan bo‘lsa, Grande pulni pul bo‘lgani uchun yaxshi ko‘radi . Boylik orttirishga o‘chlik Feliks Grandeda mavjud bo‘lgan insoniy his tuyg‘ularni ham o‘ldiradi va aynitadi. U hatto akasining o‘limiga mutlaqo befarq qaraydi.
yetim qolgan jiyaninnig taqdiriga achinmaydi va ortiqcha sig‘indidan tezroq qutulish uchun Hindistonga jo‘natib yuboradi. Bu qurumsoq xotini va qizining shifokorga berishi kerak bo‘lgan pulni ham qizg‘anadi. U bemor, o‘lim to‘shagida yotgan xotiniga munosabatini faqat, qizi uning qonuniy merosxo‘ri bo‘lishini bilgandan keyingina o‘zgartiradi. Grande, kelajakda to‘plangan boyliklarining saqlovchisi bo‘lishi kerak bo‘lgan, qizigagina mehribonlik ko‘rsatadi. U o‘limidan oldin qiziga: “Oltinlarni ehtiyot qilib saqla, asra! Sen u dunyoda menga javob berasan”, – deydi. Feliks Grandening boylikka ruju qo‘yishining kasriga oila a'zolari qoladi: xotini bevaqt vafot etadi, qizi o‘zi sevgan yigitga turmushga chiqmay baxtsiz bo‘ladi, Hindistonga jo‘natib yuborilgan jiyani Sharl Grande katta boylik to‘plab, ochko‘z va shafqatsiz korchalonga aylanadi.
“Insoniyat komediyasi” ijodkorining kuchli organizmi nihoyatda zo‘r mehnatga dosh bera olmadi. Balzak tom ma'noda mehnatda yonib ketdi va ellik yoshida vafot etdi, biroq undan “Insoniyat komediyasi”dek buyuk asar meros bo‘lib qoldi.

Yüklə 2,24 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   108   109   110   111   112   113   114   115   ...   183




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin