Parfenon San’atning hamma tur va janrlari rivojlanib, yuqori klassika davri kishilarining estetik ideal haqidagi tushunchalarini mukammal badiiy obrazlarda ko’rsatadi. Bu taraqqiyotda, so’zsiz, shu davrning yirik davlat arbobi Perikl muhim rol o’ynadi. Yuqori klassika davrida Afina akropoli o’zining tugal ko’rinishini egalladi. Perikl tashabbusi bilan Afinaning ichki qal’asi - Akropol qayta tiklandi. Bu qal’a Eron-Yunon urushida vayron bo’lgan edi. M.a. V asrning uchinchi choragida bu yerda Parfenon, katta darvozaxona - Propiley, qanotsiz g’alaba ma’budasi Nikaga atab qurilgan Nika Apteros qad ko’tardi. Bu binolar badiiy bezakka boy bo’lgan. Masalan, Propiley devorlari davlatning jangovor o’tmishini tasvirlovchi suratlar bilan bezatilgan. Akropolning ochiq maydonida Afina davlatining kuch-qudratini va ulug’ligini o’zida ifodalab, yunon tarixida birinchi bor umumellin birligini namoyish etuvchi me’morchilik ansambli edi. Yunon klassikasi me’morchiligining beqiyos namunasi, yuksak aql-zakovat mevasi va afinaliklar homiysi bo’lgan Afina ma’budasiga bag’ishlangan Porfenon ibodatxonasi hisoblanadi. U m.a. 447-438 yillarda me’morchilik Iktin va Kallikrat tomonidan qurilgan. Parfenon ibodatxonasining bezak va haykallari esa davrning buyuk haykaltaroshi, Periklning yaqin safdoshi Fidiy rahbarligida bajarilgan.
Bu davrga kelib, haykaltaroshlik yuksak kamolot davriga qadam qo’ydi. Haykaltaroshlar endilikda odam qomati va yuz tuzilishini to’g’ri tasvirlabgina qolmasdan, o’z asarlarida murakkab harakatlarni ham ifodashga, kompozitsiya echimining hayotiy bo’lishiga, inson ma’naviy olamining turli qirralarini yoritishga alohida e’tibor bera boshladilar. Bu xususiyat klassika davrining buyuk haykaltaroshlari Miron (“Diskobol”, “Afina va Marsiy”), Poliklet (“Dorifor”, “Diadumen”), Skopos (“Menada”) ijodida sezilarli edi. Klassika davri tasviriy san’atida ham oealistik an’analarga intilish kuzatiladi. Bu davrdagi rangtasvir rivoji Polignot va Appolodorlar nomi bilan bog’liq.
M.a. V asr dramatik san’atning gullab-yashnash davridir. Esxil, Safokl, Evripdlar yaratgan tragediyalar, Aristofan yaratgan komediyalar o’z davrining muhim muammolarini ochib berishga xizmat qilgan.
M.a. V asrda eng yirik yunon tarixchilari Gerodot va Fukidid o’z asarlarini yaratdilar va tarix ilmi rivojiga ulkan hissa qo’shdilar.
Klassika davrida yunon falsafasi ham o’ziga xos tarzda rivoj topdi. Geraklit, Empedokl, Anaksagor, Levkipp, Demokrit, Protagor, Sokrat kabi faylasuflar bu davrda turli falsafa maktablariga asos soldilar.
Ellinizm davri me’morchiligi o’zining hashamatliligi, dabdabadorligi va katta hajmga intilishi bilan xarakterlanadi. Me’morchilik nazariyasi rivojlanadi Uning bosh maydoni atrofi esa turli ijtimoiy binolar bilan o’ralgan.
Ellinizm davri madaniyati yaxlit tusga ega emas edi, u har bir hududda mahalliy an’anaviy va yunon madaniyatining o’zaro ta’siri natijasida shakllangan edi. Shu bilan birga ellinistik madaniyatni umumiy xususiyatlarga ega bo’lgan yaxlit hodisa sifatida baholash mumkin. Ellinistik madaniyatning vujudga kelishida ellin turmush tarzi va ellin ta’limotining tarqalishi muhim omil bo’ldi.
Ellinistik shaharlar o’ziga xos qiyofaga ega edi. Masalan, Misr Ptolemeylar podsholigining poytaxti Aleksandriya ellinistik dunyoning yirik madaniy-siyosiy markazi, yirik port shahri edi. Bu davrda jamoat binolarining yangi tiplari paydo bo’ldi: kutubxonalar (Aleksandriya, Pergam va b.), Museyon (Aleksandriya, Antioxiya), spetsifik binolar- 120 metrlik Faross mayog’i va Afinadagi Shamollar minorasi.
Ellinizm davrida sharq va yunon dunyosida to’plangan bilimlarning solishtirilishi uning klassifikatsiyasi va yanada taraqqiy etishiga asos bo’ldi. Matematika (Evklid, Appoloniy, Arxime), astronomiya (Kiden, Naburian, Aristarx, Gipparx), geografiya (Erastofen, Posidoniy, Gippal, Strabon), botanika (Feofrast), meditsina (Gerofil xalkedonskiy, Erasistrat) kabi fanlarda ulkan yutuqlar qo’lga kiritildi.
Adabiyotda eski janrlar-epos, tragediya, lirika, ritorika va tarixiy proza yanada rivojlandi va yangi janrlar-filologik tadqiqotlar, lug’atlar, biografiyalar va h.k. yuzaga keldi.
Monumental haykaltaroshlik bu davrda yanada rivoj topdi. Ellinistik haykaltaroshlikka mifologik mavzular, mahobat, murakkab kompozitsiyalar xos. Masalan, Rodos kolossi-Xeres tomonidan yaratilgan Geliosning 35 metrlik bronza haykali san’at va texnika mo’’jizasi edi. Pergamdagi Zevs mehrobida aks ettirilgan xudolar va gigantlar kurashi sahnalari ( uzunligi 120 m.) dinamikasi, ifodaliligi va dramatizmi bilan ajralib turadi. Bu davrda Lisipp, Skopas va Praksitel an’analarini davom ettirgan rodoss, pergam va aleksandriya haykaltaroshlik maktablari shakllandi. Aleksandrning “Melos orolidagi Afrodita” (“Venera Miolsskaya”), noma’lum haykaltaroshlarning “Samofrakiya orolidagi Nika”, “Anadiomen Afroditasi”, Agesandr, Polidor va Afinodorlar tomonidan yaratilgan “Laokoon”, “Farnez buqasi”, “O’layotgan gall”, “O’zi va xotinini o’ldirayotgan gall” kabi asarlar ellinistik haykaltaroshlikning durdonalaridir.
Portret haykaltaroshligi va rangtasviri ham yuksak darajada taraqqiy etdi. Bu haqida Fayum vohasi portretlari orqali xulosa chiqarish mumkin.
Ellinistik davrdagim tarixiy va falsafiy asarlarda insonning jamiyatga, o’z davrining siyosiy va ijtimoiy muammolariga munosabati aks etgan. Bu davr falsafasida kiniklar va skeptiklar maktabining roli o’sdi. Stoiklar va Epikur falsafasi yangi davrning dunyoqarashining asosiy xususiyatlarini o’zida aks ettirdi.
Ellinistik davr diniy e’tiqodlarida ham yunon va sharq diniy tasavvurlarining o’zaro ta’sirini ko’rish mumkin. Bu davrda an’anaviy yunon xudolari bilan bir qatorda sharq xudolariga (Aarapis, Isida, Kibela) topinish ham keng tarqaldi. Ellinistsik podsholar, qadimgi Sharq an’analaridan foydalangan holda podsholarga topinishni keng yoyishga harakat qilardilar.
Rim tomonidan ellinistik davlatlarning zabt etilishi, Sharqiy O’rtayer dengizi mamlakatlariga siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarning rimcha shaklining yoyilishi o’z navbatida aks ta’sirga ega edi-Rimga ellinistik madaniyat, mafkura va ijtimoiy-siyosiy tuzilmalar kirib kela boshladi. Ellinistik dunyoning ko’plab xususiyatlari Rim imperiyasi tomonidan meros qilib olindi.