Rus sivilizatsiyasi va uning o’ziga xos xususiyatlari A.Toynbi, K.Yaspers va boshqalarning fikricha, Rossiya sivilizatsiyasi G’arbiy Yevropa sivilizatsiyasi qatorida turadi. Ilk bor Rus sivilizatsiyasi xususida so’z yuritgan rus olimi N.Ya.Danilevskiy o’zining “Rossiya va Yevropa” (1869) asarida chirib borayotgan G’arb sivilizatsiyasidan farqli ravishda kelajakka ega bo’lgan “slavyan madaniy tipi” ga ta’rif bergan.
Ko’pchilik olimlarning fikricha, Rossiya sivilizatsiyasi yunon-rim divilizatsiyasining bir tarmog’i hisoblanadi. Shuningdek, Rossiya sivilizatsiyasi uchun vizantiyaliklarning roli salmoqlidir.
Qadimgi Rus sivilizatsiyasi VII-IX asrlarda shakllandi. Osiyo va Yevropa chegaralarida vujudga kelgan Rus sivilizatsiyasi G’arb va Sharq qirralarini o’zida mujassamlab, o’ziga xos Yevroosiyo sivilizatsiyasiga aylandi.
Ba’zi olimlar qadimgi Rus sivilizatsiyasining vujudga kelishini VI asrda sharqiy slavyanlarda ilk davlat birlashmalarining vujudga kelishidan, boshqa bir guruh olimlar IX asrda davlatning vujudga kelishidan, ayrimlar 988 yilda Rusning cho’qintirilishidan boshlashadi.
O’troq rus qabilalari asosida shakllangan va turli davrlarda turlicha nomlangan davlatda rivojlangan Rus sivilizatsiyasi quyidagi bosqichlarni bosib o’tgan: ibtidoiy urug’chilik tuzumi (Kichik Rus, Rus yerlari, IX asrga qadar), feodalizm (Rus yerlari, Buyuk Rus, Russiya, Rossiya imperiyasi, IX asr o’rtalaridan – XIX asr boshigacha), kapitalizm (Rossiya, Rossiya imperiyasi, XIX – XX asr boshlari), sotsializm (Sovet Ittifoqi, XX asr boshlari – XX asr oxirlari) va nihoyat XX asr oxiridan Rossiya Federatsiyasi.
Rus sivilizaiyasi o’ziga xos tabiiy-geografik omil asosida tarkib topgan. To’rtta dengiz (Oq, Boltiq, Qora, Kaspiy), uchta tog’ (Karpat, Kavkaz, Ural) bilan o’ralgan Sharqiy Yevropa tekisligi ming yillar avval sovuq iqlimga ega bo’lib, o’rmonlar bilan qoplangan bo’lgan. Undan janubda boshlanadigan o’rmon-dasht zonasi dehqonchilik qilish uchun qulay.
Sharqiy Yevropa daryolari savdo yo’li sifatida ham ahamiyatga ega bo’lgan. 6 asrdan tarixshunoslikda “Varyaglardan yunonlarga boruvchi yo’l” nomi bilan mashhur bo’lgan suv yo’li ma’lum. Boltiq dengizidan boshlanib, daryo va ko’llar orqali Qora dengizga boruvchi bu yo’l sharqiy slavyanlarga yunon koloniyalari va ular orqali Vizantiya sivilizatsiyasi bilan aloqada bo’lish bilan imkoniyatini bergan. “Varyaglardan forslarga” olib boruvchi yana bir yo’l tufayli esa Volga bo’ylab Kaspiy dengiziga chiqish, volga bulg’orlari va Xazar hoqonligi orqali Eron bilan aloqa bog’lash mumkin bo’lgan.
Rus sivilizatsiyasi taraqqiyotida diniy omil ham muhim rol o’ynagan. Xristianlikning qabul qilinishi Svyatoslavichlar knyazlar sulolasi hukmronligining mustahkamlanishiga, Kiev Rusi davlatining Yevropa davlatlari qatoriga qo’shilishiga, uning xalqaro mavqeining mustahkamlanishiga olib keldi.
Novgorodliklar tomonidan knyazlik taxtiga afsonaviy Ryurikning taklif etilishi Rus sivilizatsiyasi taraqqiyotida muhim siyosiy omil bo’ldi (“normann nazariyasi”). Ammo ayrim olimlarningfikricha, varyaglar Rusga kelgunga qadar bu yerda davlatning yuzaga kelishiga asos bo’lgan siyosiy-huquqiy va ijtimoiy munosabatlar mavjud bo’lgan. Rus tarixchisi V.O.Klyuchevskiy (1841-1911 yy) arab va Vizantiya manbalariga tayangan holda VI asrdayoq sharqiy slavyanlarda knyaz Dulebov yetakchiligigidagi katta harbiy ittifoq bo’lganligini ta’kidlaydi. Uning fikriga ko’ra Vizantiya bilan doimiy kurash bu ittifoqning shakllanishiga sabab bo’lgan va sharqiy slavyan qabilalarini birlashtirgan.
Rusning Vizantiya bilan, u orqali yunon-rim madaniyati bilan shuningdek varyaglar bilan o’zaro aloqalar ushbu sivilizatsiyaning shakllanishida tashqi omil vazifasini bajargan. Xalqlarning buyuk ko’chishi natijasida V-VI asrlarda slavyanlarda urug’chilikka emas, hududiy-siyosiy xarakterga ega jamoa shakllangan. VIII-IX asrlarda 12 ta qabila-knyazliklar ittifoqi vujudga kelgan.
Uzoq vaqtgacha Rusda yerga xususiy mulkchilikning bo’lmaganligi ushbu sivilizatsiyaning yana bir o’ziga xos xussiyatini shakllantirgan. Yana bir o’ziga xoslik sifatida Kiev Rusining yaxlit markazlashgan davlat bo’lmaganligini ko’rsatib o’tish mumkin. Mo’g’ul-tatar bosqini ham Rus sivilizatsiyasiga katta ta’sir ko’rsatdi.
Rus sivilizatsiyasining o’ziga xos qirralarining shakllanishida bir tomondan, Vizantiya xristian ma’naviy va moddiy madaniyati, ikkinchi tomondan Rusda uzoq vaqt hukm surgan ma’jusiylik dinlari o’z ta’sirini ko’rsatgan. Xristianlik qabul qilingandan so’ng ham ma’jusiylik an’analari saqlanib qolgan.
Rus xalqi uch subetnik komponentlar aralashmasidan shakllangan: dehqon-slavyanlar va baltlar, ovchi fin-ugor, shuningdek germanlar, ko’chmanchi turk va qisman shimoliy Kavkaz xalqlari. Bu turli etnoslar diniy jihatdan ham rang-barang bo’lgan. Kiev knyazlari ijtimoiy tuzilmalarning xilma-xilligi sharoitida son va madaniy jihatdan ustun bo’lgan birorbir etnosga tayana olmagan. Ryurikovlarda kuchli harbiy-brokratik tizimga ham ega bo’lmagan. Shu sababli birlashtiruvchi vosita rolini xristianlik o’ynagan.