O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlarni tayyorlash hamda ilmiy tadqiqotlar tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Jismoniy tarbiya va sport sohasida malakali kadrlar tayyorlash, ta’lim jarayonini xalqaro standartlarga moslashtirish va boshqaruv tizimini raqamlashtirish, pedagogik va ilmiy salohiyatni yanada oshirish hamda ilmiy-tadqiqot ishlari sifatini tubdan yaxshilash, ilg‘or xorijiy sport-ta’lim texnologiyalarining transferini amalga oshirish orqali yuqori natijalarga erishish maqsadida:
1. O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti (keyingi o‘rinlarda — Universitet) hamda uning filiallarida:
ta’lim dasturlari xalqaro reytingda yuqori bo‘lgan xorijiy oliy ta’lim muassasasining dasturiga ko‘ra shakllantirilsin, jahondagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda talabalarning akademik almashinuvini ta’minlash hamda ta’lim olishiga keng sharoit yaratish uchun bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari akkreditatsiyadan o‘tkazilsin;
talabalarda sport mahoratini doimiy ravishda yuksaltirish hamda ularning personal trayektoriyalar bo‘yicha variativ (o‘zgaruvchan) o‘quv rejalari asosida ta’lim olishlari uchun o‘quv jarayoni kredit-modul tizimi asosida tashkil etilib, mazkur tizim 2024/2025 o‘quv yiliga qadar to‘liq joriy qilinsin;
2024/2025 o‘quv yiliga qadar barcha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga oid malaka talablari qayta ko‘rib chiqilsin, shu jumladan bitiruvchi bakalavr va magistrantlarning bilimi, mahorati va pedagogik ko‘nikmalarini baholovchi kompetensiyalarni sertifikatlash tizimi joriy qilinsin.
2. Belgilab qo‘yilsinki, 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab Universitet va uning filiallarida:
bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari xalqaro standartlardan kelib chiqib maqbullashtiriladi hamda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari 1-ilovaga muvofiq joriy qilinadi;
“Sport faoliyati (faoliyat turlari bo‘yicha)” bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga kamida ikkinchi sport razryadiga ega bo‘lgan, “Sport turining alohida yo‘nalishlari” magistratura mutaxassisligiga esa kamida O‘zbekiston sport ustaligiga yoki O‘zbekiston grossmeysterligiga nomzod sport razryadiga ega bo‘lgan abituriyentlar qabul qilinadi;
o‘quv mashg‘ulotlari va mahorat darslarini o‘tkazish hamda o‘quv jarayonida ishtirok etish uchun sport federatsiya (assotsiatsiya)larining yetuk malaka va tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislari jalb qilinadi;
“Menejment (jismoniy tarbiya va sport menejmenti)”, “Menejment (sport tadbirlarini tashkil etish va boshqarish)” va “Marketing (sport marketingi)” bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bitiruvchi talabalarining amaliyoti yashash hududidagi mahallalarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-apreldagi “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-201-son qarorida belgilangan tegishli sport turlari bo‘yicha ommaviy sport musobaqalarini tashkil qilish orqali amalga oshiriladi;
iqtidorli (qoida tariqasida, a’lo baholarga bitirgan) bitiruvchilarning bitiruv oldi amaliyoti ularni milliy terma jamoalarning xorijda o‘tkaziladigan o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari hamda xalqaro musobaqalar jarayoniga jalb etish orqali tashkil etiladi;
talabalarning o‘zlashtirgan bilimi, malaka va ko‘nikmalarini amaliyotda qo‘llash darajasidan kelib chiqib, iqtidorli bitiruvchilarga sport bo‘yicha hakam hamda ikkinchi toifali trener malaka toifasini belgilovchi guvohnoma beriladi.
3. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab Universitet va uning filiallarida hamda boshqa oliy ta’lim muassasalarining jismoniy tarbiya va sport sohasidagi ta’lim yo‘nalishlarida quyidagilar kasbiy (ijodiy) kirish imtihonlarini topshirishdan ozod qilinadi va ularga maksimal ball beriladi:
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi faxriy unvoniga ega bo‘lgan sportchilar;
Xalqaro toifadagi O‘zbekiston sport ustasi yoki xalqaro grossmeyster sport unvoniga ega bo‘lgan sportchilar;
O‘zbekiston sport ustasi yoki O‘zbekiston grossmeysteri sport unvoniga ega bo‘lgan sportchilar;
Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari dasturiga kiritilgan sport turlari bo‘yicha respublika chempionatlarida oxirgi bir yilda g‘olib (1-o‘rin) bo‘lgan sportchilar. Bunda, mazkur sportchilar variativ (o‘zgaruvchan) o‘quv rejalari asosida o‘qitiladi, shuningdek, ular mahallalarda sport to‘garaklarini ochish va boshqarish, sport tadbirlarini tashkil qilish, yoshlar o‘rtasida sportning afzalliklarini targ‘ib qilish ishlariga jalb qilinadi.
4. Jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishlarida 2023-yil 1-yanvardan boshlab Pahlavon Mahmud nomli davlat stipendiyasi joriy qilinsin.
Belgilansinki, Pahlavon Mahmud nomli davlat stipendiyasi jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishlari uchun kadrlar tayyorlovchi har bir oliy ta’lim muassasasining bir nafar yuqori kurs talabasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1993-yil 5-fevraldagi “O‘zbekistonning o‘quvchi yoshlarini rag‘batlantirish choralari to‘g‘risida”gi PF-555-son Farmonida belgilangan talablar asosida tayinlanadi.
Sportni rivojlantirish vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Moliya vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda uch oy muddatda Bakalavriat bosqichi talabalari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalari hamda ularni tayinlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
5. Universitet Kuzatuv kengashi Jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlar salohiyatini oshirish hamda ilmiy faoliyatni rivojlantirish bo‘yicha kuzatuv kengashi (keyingi o‘rinlarda — Kuzatuv kengashi) etib qayta nomlansin, shuningdek, uning yangilangan tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki, Universitet filiallari, Oliy sport mahorati instituti hamda Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar institutining (keyingi o‘rinlarda — Institut) faoliyati Kuzatuv kengashi tomonidan muvofiqlashtiriladi.
Kuzatuv kengashi zimmasiga Universitet va uning filiallari, Oliy sport mahorati instituti va Institutning boshqaruv, o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot va ma’naviy-ma’rifiy faoliyatini samarali tashkil qilish, ta’lim sifatini yaxshilash, ta’lim jarayonini takomillashtirish hamda moddiy-texnika bazasini mustahkamlash vazifalari yuklatilsin.
6. Kuzatuv kengashi (A. Ikramov) yuklatilgan vazifalar bilan bir qatorda quyidagi manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirsin:
Universitetning jozibadorligini oshirish uchun jahondagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda kadrlar tayyorlash, shaffof qabul jarayonini tashkillashtirish, tahsil olayotgan xorijiy talabalar sonini 2 baravarga ko‘paytirish;
Universitetda olimpiya sport faoliyati bo‘yicha yo‘nalishlar sonini 20 foizga, noolimpiya sport faoliyati bo‘yicha yo‘nalishlar sonini 60 foizga oshirish;
Universitet professor-o‘qituvchilarining kasbiy kompetensiyalarini doimiy rivojlantirib borish maqsadida har yili kamida 10 nafar professor-o‘qituvchilarning xorijiy davlatlarda malaka oshirishi va stajirovka o‘tashi tizimini yo‘lga qo‘yish va ta’lim jarayoniga xorijiy davlatlarning yetakchi professor-o‘qituvchilarini jalb qilish;
2025-yilga qadar Universitetning xalqaro tan olingan tashkilotlarning (QS yoki TNE) sohaviy, mintaqaviy yoxud tematik reytinglariga kiritilishiga erishish hamda 2030-yilga qadar Universitetni xalqaro tan olingan tashkilotlarning (QS yoki TNE) oliy ta’lim muassasalari reytingida birinchi 1 000 talik ro‘yxatiga kiritish;
Universitetda fundamental hamda amaliy tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish, ularning samaradorligini oshirish, ilm-fanning ishlab chiqarish bilan integratsiyasini kuchaytirish orqali ilmiy salohiyatni 1,7 baravarga ko‘paytirib, 45 foizgacha yetkazish;
Universitet professor-o‘qituvchilarining ilmiy-uslubiy faoliyati natijadorligini darsliklar soni bo‘yicha 1,8 baravarga, o‘quv qo‘llanmalar soni bo‘yicha 1,8 baravarga, Scopus va Web of Science ma’lumotlar bazasiga kiritilgan maqolalar soni bo‘yicha 4,4 baravarga oshirish;
Universitet va Institutda zamonaviy o‘quv va ilmiy-laboratoriya bazasini yaxshilash (funksional, biokimyoviy, psixodiagnostik, biomexanik, genetik va boshqa laboratoriyalar), ularni ilg‘or texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlash, shuningdek, yagona kutubxona fondini shakllantirish orqali fondni 60 foizga yangilash;
Universitet sport obyektlarida terma jamoalarning o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari va sport musobaqalarini ijara shartlari va pullik asosda o‘tkazish orqali pullik xizmatlarni rivojlantirish, budjetdan tashqari mablag‘lar miqdorini ko‘paytirib borish.
7. Quyidagilar:
2022 — 2025-yillarda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti faoliyatini rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari (indikatorlari) 3-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti faoliyatini kompleks rivojlantirish dasturi 4-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti tomonidan yangi ishlanma va texnologiyalarni yaratish hamda joriy etish loyihalarini amalga oshirish dasturi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Kuzatuv kengashi (A. Ikramov) har bir maqsadli ko‘rsatkichga (indikatorga) erishish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirsin, o‘z yig‘ilishlarida mazkur masalani muhokama qilib borsin.
8. Universitet tuzilmasida 2023-yil 1-yanvardan boshlab Kompetensiyalarni baholash markazi tashkil qilinsin.
Belgilansinki:
Oldingi tahrirga qarang.
Yoshlar siyosati va sport vazirligi tizimidagi sport-ta’lim va oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, ilmiy xodimlari, trenerlari, metodistlari, boshqa xodimlari hamda bitiruvchilarining bilim va amaliy ko‘nikmalari darajasini baholash, ularning pedagogik va ilmiy salohiyatini yanada oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish Kompetensiyalarni baholash markazining asosiy vazifalari etib belgilanadi;
Dostları ilə paylaş: |