Manba: O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasi ma’lumotlari
Chorvachilik tarmog’ini rivojlanirish uchun hududlarda chorva mollari sonidan kelib chiqqan holda ilmiy asoslangan me’yorlar darajasida ozuqa ekinlari uchun yer maydonlarini ajratish lozim. Chorva mollarini ilmiy asoslangan ratsion asosida ozuqa bilan ta’minlash uchun ozuqa ekinlari ekiladigan maydonlarni chorva mollari bosh soni va ularning kelgusida o’sish prognozlariga mutanosib holda ko’paytirib borish talab etiladi. Aks holda chorvachilik tarmog’ining rivojlanishiga erishib bo’lmaydi.
Mamlakatimiz hukumati tomonidan ozuqa ekinlari maydonini oshirish bo’yicha ham islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan,
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-yanvardagi
“Chorvachilik tarmog’ini davlat tomonidan qo’llab-quvvatlashning qo’shimcha chora-tadbirlari to’g’risida”gi PQ-4576-sonli qaroriga muvofiq Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va barcha viloyatlar hokimliklariga:
2020-yilda yaylovlar hamda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-iyundagi “Qishloq xo’jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to’g’risida”gi PF5742-sonli farmonida nazarda tutilgan qishloq xo’jaligida foydalanilmayotgan sug’oriladigan yerlarni foydalanishga kiritish hisobidan ozuqabop ekinlarni yetishtirishni yo’lga qo’yish uchun chorvachilik xo’jaliklariga ajratib berilishini ta’minlash;
O’zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo’mitasi hamda davlat soliq qo’mitasi huzuridagi Kadastr agentligi bilan birgalikda paxta-to’qimachilik klasterlari va paxtachilik-g’allachilik yo’nalishidagi fermer xo’jaliklari ekin maydonining 10 foiziga beda ekilishini ta’minlash kabi vazifalar yuklatilgan.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-oktabrdagi
PF-5853-sonli farmoni bilan tasdiqlangan “O’zbekiston Respublikasi qishloq xo’jaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga mo’ljallangan strategiyasi”dagi aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo’nalishidagi chora-tadbirlarda umumiy ekin maydonlari tarkibida ozuqa ekinlari maydonlari ulushini 2021-yilda 10 foiz, 2025-yilda 12 foiz va 2030-yilga borib 15 foizga yetkazish nazarda tutilgan. Ushbu ko’rsatkich 2018-yilda 7 foizni tashkil etgan edi.
O’zbekiston Respublikasi florasida tabiiy holda o’suvchi dorivor o’simliklarning katta zaxiralari mavjud. Shu bilan birga mamlakatimizning tabiiy-iqlim sharoitlari ko’plab dorivor o’simliklarni yetishtirish imkonini beradi. Ushbu imkoniyatlardan unumli foydalanish maqsadida mamlakatimiz hukumati tomonidan dorivor o’simliklarni yetishtirishga ham alohida e’tibor berilmoqda. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 7-dekabrda shirinmiya o’simligi xomashyosiga bo’lgan ichki va tashqi bozor talablarini qondirish maqsadida “O’zbekiston Respublikasida shirinmiya xomashyosini yetishtirishni ko’paytirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi 453-sonli qarori qabul qilingan. Ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida “Shifobaxsh” IIChM qoshida tashkil etilgan dorivor o’simliklarga ixtisoslashgan o’rmon xo’jaligida shirinmiya o’simligi yetishtirish yo’lga qo’yildi.
2018-yil 20-martda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada kavrak plantatsiyalarini tashkil etish va ularning xomashyosini qayta ishlash hajmlarini ko’paytirish hamda eksport qilish chora-tadbirlari to’g’risida”gi PQ-3617-sonli qarori qabul qilindi. Ushbu qarorga ko’ra Kavrak yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasi tashkil etildi. Uyushmaning asosiy vazifalari belgilab berilgan bo’lib, respublika hududlarining tabiiy-iqlim sharoitlariga mos kelishini inobatga olgan holda, kavrakni plantatsiyalarda yetishtirishni tashkil etish, respublika hududlarida kavrakni sanoat usulida yetishtirish hajmini ko’paytirish choralarini ko’rish, mahsulot sotish bozorlarini kengaytirish maqsadida marketing tadqiqotlarini olib borish, eksport hajmini oshirish, kavrak urug’ini tayyorlash va plantatsiya tashkil etuvchi tashkilotlarga yetkazib berish kabilar shular jumlasidandir.
Mamlakatimizdagi dorivor o’simliklarni yetishtirish bo’yicha mavjud inkoniyatlardan unumli foydalanish o’simlikchilik tarmog’ining yanada rivojlanishi, yangi ish o’rinlari tashkil etish, mamlakatimizning eksport salohiyatini oshirish imkonini beradi. Shu bilan birga farmatsevtika sanoatining rivojlanishiga, xalq tabobati an’analaridan unumli foydalanishga ham zamin yaratiladi va aholi salomatligining yaxshilanishiga hissa qo’shadi.
2021-yilda dunyo bo’yicha o’simlik yog’i narxi o’rtacha 20-25 foizga oshishi kuzatildi. Ushbu jarayon O’zbekistonni ham chetlab o’tmadi. Narx oshishi kungaboqar yog’i narxi ko’tarilishi fonida sezilgani ta’kidlandi. Yog’-moy korxonalari uyushmasining ma’lum qilishicha, hozirda O’zbekiston aholisining o’simlik moyiga bo’lgan yillik talabi 475 ming tonnani tashkil etadi. Yog’-moy korxonalari yiliga 259 ming tonna o’simlik moyi ishlab chiqaradi. Respublika aholisining o’simlik moyiga bo’lgan talabi mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan 55 foizga, 45 foizi esa import hisobiga qoplanmoqda. Ushbu muammoning yechismi – mamlakatimizda moyli ekinlar maydonlarini ko’paytirish hisobiga ichki ehtiyojni imkon qadar o’zimizda yetishtirilgan mahsulot bilan qondirishdir. Ushbu mahsulot bo’yicha importga qaramlik jahon bozoridagi konyunktura o’zgarishi o’simlik yog’i narxiga o’z ta’sirini ko’rsatadi. O’simlik yog’i olinadigan ekin turlarini ham diversifikatsiya qilish lozim. Mamlakatimizda hozirgi vaqtda o’simlik yog’i asosan chigitdan olinadi. Dunyo mamlakatlari tajribasini ko’radigan bo’lsak, o’simlik yog’i kungaboqar, yeryong’oq, raps, soya, zaytun, masxar, kunjut, zig’ir kabi ko’pgina ekinlardan olinadi. Mamlakatimizda ham o’simlik yog’i olinadigan ekin turlarini ko’paytirish lozim.
Mamlakatimiz hukumati tomonidan ham ushbu sohada choratadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2021-yilda aholini mahalliy sharoitda ishlab chiqarilgan o’simlik moyi bilan ta’minlash, import hajmini keskin qisqartirish maqsadida kungaboqar, soya, masxar, raps, kunjut va zig’ir ekinlari hajmi oshirilishi nazarda tutilmoqda. Bir gektar yerda zig’ir yetishtirilganda, o’rtacha 10-12 sentner hosil olinadi va undan 300-360 litr moy olinadi. Bir gektar maydonga kunjut ekilganda 1,2-1,5 tonna xomashyo yetishtirilib, 500-600 litr moy olinadi. Zaytun ekilgan bir gektar maydonda esa 350-400 tup daraxt bo’lib, har bir daraxtdan 50-70 kilogramm, jami 2,4-2,8 tonna meva yig’ib olinadi, undan 1,5-1,7 tonna zaytun moyi olinadi. Zaytun uzoq (500 yildan 4000 yilgacha) yashaydigan va sekin o’suvchi subtropik daraxt hisoblanadi. Shu bilan birga, zaytun moyi shifobaxsh xususiyatlarga ham ega.
Shularni inobatga olgan holda, hudularning tuproq-iqlim sharoitlaridan kelib chiqqan holda zaytun o’simligini plantatsiya usulida yetishtirish yo’lga qo’yilmoqda. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev 2021-yilning 1-2-iyun kunlari Surxondaryo viloyatiga amalga oshirgan tashrifi doirasida Surxondaryo viloyatining Oltinsoy, Muzrabot, Uzun, Termiz, Jarqo’rg’on, Sariosiyo va Bandixon tumanlarida zaytun plantatsiyalari barpo etilishi ma’lum qilingan. Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida 530 gektar, shu jumladan Surxondaryo viloyatining Oltinsoy, Muzrabot va Uzun tumanlarining har birida 100 gektardan, Termiz, Jarqo’rg’on, Sariosiyo, Bandixon tumanlarining har birida 50 gektardan, Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida 30 gektar moydonda zaytun plantatsiyasi barpo etilishi nazarda tutilmoqda. Zaytunzorlar barpo etuvchi tashabbuskorlarga tijorat banklari tomonidan 7 yil muddatga imtiyozli kreditlar ajratiladi, tomchilatib sug’orish texnologiyalarini joriy etish uchun 3,2 mlrd. so’m miqdorida subsidiyalar beriladi.