O’simlikchilik tarmoqlarining mamlakatimiz iqtisodiyotidagi ahamiyatini inobatga olgan holda uni rivojlantirib borish lozim. O’simlikchilik mahsulotlari yetishtirishni rivojlantirish va ularning samaradorligini yuksaltirish yo’llari quyidagilar:
a) o’simlikchilik mahsulotlari yalpi hosilini ko’paytirish uchun:
ekin maydonlarini kengaytirish; - ekinlarning hosildorligini oshirish zarur; b) hosildorlikni oshirish uchun:
mahsulot yetishtirish jarayonlarini mexanizatsiyalashtirishga e’tibor berish.
ishlab chiqarishni ixtisoslashtirish va ekinlarni maqsadga muvofiq joylashtirish zarur;
yetishtirilgan hosilni tashish va saqlash jarayonlarini samarali tashkil etish lozim;
mahsulotlarni bozor talablari asosida sotishni amalga oshirish kerak.
O’simlikchilik mahsulotlari yetishtirishni ko’paytirishning ikkita – ekstensiv va intensiv usullari mavjud. Ekstensiv usulda mahsulot miqdori asosan ekinlar maydonini ko’paytirish hisobiga, intensiv usulda esa ekinlarning hosildorligini oshirish hisobiga ta’minlanadi. O’simlikchilik mahsulotlari miqdorini intensiv usul orqali ko’paytirish uchun tuproq unumdorligi oshishini ta’minlashga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish, masalan, irrigatsiya-melioratsiya tizimini qurish, ta’mirlash, yerlarni tekislash, o’g’itlardan samarali foydalanish, almashlab ekishni joriy etish kerak.
Yetishtirilayotgan mahsulotlar samaradorligini yuksaltirish uchun esa ishlab chiqarish va boshqarish xarajatlari tejalishini ta’minlaydigan tadbirlarni oqilona amalga oshirish zarur. Buning uchun mehnatni tashkil etishning bozor iqtisodiyoti talablariga mos shakllarini tatbiq qilish, ishlab chiqarish, hosilni yig’ishtirib olish, saqlash jarayonlarini mexanizatsiyalashtirish, ishlab chiqarish vositalaridan to’liq va samarali foydalanish, zamonaviy texnika, ilg’or texnologiyalarni joriy etish, ishchi-xizmatchilarning moddiy va ma’naviy rag’batlantirilishini izchillik bilan amalga oshirish kerak.