Yirik shaharlari va turarjoylari. Garchi Janubi-Sharqiy Osiyo aholisining asosiy qismi qishloqlarda yashasa-da, mintaqada aholisi soni 1 mln. dan oshiq bo‘lgan ko‘plab shaharlar bor. Avvalo bu qator poytaxt shaharlar: Bangkok, Xanoy, Kuala-Lumpur, Jakarta,Manila shaharlaridir. Rangun, Pnompen, Vyentyan shaharlari kattaligi va shahar aholisi nufuziga ko‘ra birmuncha kichikroq hisoblanadi. Shuningdek, mintaqada Xoshimin, Danang, Bandung, Surabayu va boshqa shaharlar ham mashhur hisoblanadi.
Tailand poytaxti Bangkok ko‘pmillatli shahar tarzda nom qozongan. Mazkur shaharning doimiy aholisi 5 mln. ga yaqin. Siamlar bilan birga shaharda kelib chiqishi hindistonlik bo‘lgan kiashlar alohida katta-katta mavzelarda istiqomat qilishadi. Shuningdek, bu yerda ko‘plab yaponlar, xitoylar, yevropaliklar, amerikaliklar ham yashaydi. Bangkok – yirik dengiz porti hamdir. U yirik industirial shahar bo‘lib, metallni qayta ishlovchi, yengil sanoat, oziq-ovqat va neftni qayta ishlovchi zavod va fabrikalar joylashgan. Bangkok o‘zining hunarmandchilik mahsulotlariga ixtisoslashgan bozorlari bilan ham ma’lum va mashhurdir.
Bu shaharda Chakri qirolligining saroyi, Po (Chetun), Radjabopit, Benchamabopit kabi buddaviylik ibodatxonalari o‘ziga xos diqqatga sazavor joylar bo‘lib, aynan mazkur inshoatlar tufayli minglab sayyohlar Tailand poytaxtiga tashrif buyuradilar. Shahar atrofidagi ko‘plab tabiiy qo‘riqxonalarda ko‘plab kamyob hayvonlar va egzotik o‘simliklar saqlanib qolgan.
Vetnam poytaxti – Xanoy shahri ham yirik megapolis bo‘lib, ayrim manbalarga ko‘ra V yoki VIII asrda bunyod etilgan (XI asrdan Vetnam davlati poytaxti bo‘lgan). Bu shaharda 3 mln. ga yaqin aholi yashaydi. Xanoy – Xongxa daryosi bo‘yidagi yirik port shahar bo‘lishi bilan birga mamlakatning eng yirik iqtisodiy va madaniy markazlardan biridir. Bu shaharda mashinasozlik, metallni va yog‘ochni qayta ishlash, kimyo sanoati bilan birga mahalliy hunarmandchilik ham taraqqiy qilgan. Xanoylik hunarmandlar kumushdan turli-tuman taqinchoqlar yasash bilan nom qozongan. 1918-yilda Xanoy universitetiga asos solingan. Shaharning diqqatga sazavor yodgorliklari qatoriga Dyen-Bo va Adabiyot ibodatxonasi kiradi.
Jakarta shahri Indoneziya poytaxti bo‘lib, 350 yil davomida Niderlandiyaning Ost-Indiya kompaniyasiga qarashli shahar bo‘lgan va Bataviye deb nomlangan. Bu shahar markazida banklar, boy do‘konlar, muzey va maktablar joylashgan yirik ko‘p qavatli binolar bilan birga XVII – XVIII asrlarda qurilgan ko‘plab zich uylar ham saqlanib qolgan. Shaharda «malay» stilida qurilgan ko‘plab masjidlar ham bor.
Janubi-Sharqiy Оsiyo xalqlarining uy-joylari, qishloq va qarorgohlari har xil. Ko‘l, dеngiz, daryo sohillarida joylashgan, dеhqonchilik bilan shug‘ullanuvchi aholi rеjali qurilgan qishloqlarda yashaydilar. Hozirgacha aholining bir qismi suvdagi kеmalarda istiqomat qiladilar. Tog‘li joylarda yashovchi aholi atrofi bambuk yoki tikanli dеvor bilan o‘ralgan kichkina qishloqlarda joylashgan. Ko‘p xalqlarning uylari umumiy xaraktеrda bo‘lib, bambuk va xurmo yog‘ochlaridan tiklangan, turli yaproqlar bilan yopilgan va yеrdan birmuncha ko‘tarilgan poldan iborat. Bеtak, dayak kabi qabilalarda katta oila, ba’zan jamoa joylashadigan hashamatli uylar bo‘lgan. Filippinda ilgari maxsus jamoaning kеngash uylari qurilgan. Uylar, asosan, polga to‘shalgan chipta, dеvorlarga osilgan ro‘zg‘or buyumlari bilan jihozlangan. Shaharda yashovchi boy oilalarning uylarida zamonaviy mеbеllar bor. Tog‘ va botqoqlik o‘rmonlarda daydi ovchi va tеrimchi qabilalar bambuk va xashaklardan tiklangan yеngil uylarda yoki pono qo‘yib istiqomat qiladilar.