So‘rov metodi ham psixologiyaning barcha tarmoqlarida birlamchi ma’lumotlar to‘plashning an’anaviy usullaridan biri bo‘lib, unda tekshiriluvchi tekshiruvchi tomonidan qo‘yilgan qator savollarga muxtasar javob qaytarishi kerak bo‘ladi.
Og‘zaki so‘rov oddiygina qilib, suhbat metodi deb ham ataladi. Suhbat o‘tkazadigan shaxs unga ma’lum darajada tayyorgarlik ko‘rgach so‘roq o‘tkazadi. Agar so‘rovchining professional mahorati yoki tajribasi bunga yetarli bo‘lmasa, so‘rov o‘z natijalarini bermasligi, aksincha bo‘lsa esa ushbu metod yordamida inson ruhiy kechinmalariga aloqador bo‘lgan noyob ma’lumotlarni to‘plash imkoniga ega bo‘ladi.
Yozma so‘rov yoki anketaning afzalligi shundaki, uning yordamida bir vaqtning o‘zida ko‘pgina odamlar fikrini o‘rganish mumkin bo‘ladi. Unga kiritilgan savollar, ulardan kutiladigan javoblar (yopiq anketa), yoki erkin o‘z fikrini bayon etish imkoniyatini beruvchi (ochiq anketa) so‘rovnomalar aniq va ravon tilda, javob beruvchilar tushunish darajasiga monand tuzilgan bo‘lsa, qimmatli birlamchi materiallar to‘planadi.
So‘rovning ham erkin va standartlashtirilgan shakllari mavjud bo‘lib, birinchisida oldindan nimalar so‘ralishi qat’iy belgilab olinmaydi, ikkinchi shaklida esa, hattoki, dastur ishlab chiqilib, minglab odamlarda bir xil talablar doirasida so‘roq o‘tkazilishi nazarda tutiladi.
Psixometrik usullar guruhiga barcha standartlashgan so‘rovlar kiradi. Kasbiy psixologiyada anketa-so‘rovnomalari keng ko‘lamda qo‘llanilib, ular orasida biografik anketalar, qiziqish savolnomalari ham mavjud. Biografik anketalar kasbiy faoliyat turlari, ish va ish joyining o‘zgarishi, ta’lim xarakteri darajalarini aniqlaydi.
Qiziqishlar so‘rovnomalari ta’limiy va kasbiy manfaatlarni o‘lchash uchun mo‘ljallangan. Ular professional tanlash masalalarini hal qilish uchun foydalaniladi. Birinchi bunday so‘rovnomalardan biri 1920 yilda E.Strong tomonidan yaratilgan "Kasblar qiziqish blaki" bo‘lib, u to‘rtta qiziqish ko‘rsatkichini aniqlaydi:
1) muayyan kasbda muvaffaqiyat qozongan shaxslarning manfaatlari bilan sub’ektning manfaatlariga o‘xshashligi;
2) erkaklar va ayollar qiziqishlari tuzilmasi;
3) qiziqishlar yetuklik darajasi;
4) kasbiy tayyorgarlik darajasi.