texnologiyalar fani va shu kabi fanlarni.
Shu tariqa “Kasbiy pedagogika” fanining boshqa fanlar bilan o‘z aro aloqasi
ta’minlanadi.
O‘z- o‘zini tekshirish uchun savollar:
1. Kasbiy mahorat deganda nima tushuniladi?
2. Kasbiy pedagogika nimani o’rganadi?
3. Kasbiy pedagogikaning asosiy vazifalarini aytib bering.
4. “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi”ni amalga oshirishning asosiy maqsadi
nimalardan iborat?
5. Uzluksiz ta’lim tizimida o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi qanday talablar
asosida tashkil etiladi va rivojlantiriladi?
6. Kasbiy pedagogika qaysi fanlar bilan aloqador?
1.2. KASB TA’LIMINING SHAKLLANISH BOSQICHLARI
Reja:
1. Insoniyat rivojlanishi tarixining turli davrlarida kasbiy ta’lim.
2. Yevropa olimlarining asarlarida kasbiy ta’lim.
3. O‘rta Osiyo hududida kasbiy ta’lim tizimi, O‘rta Osiyo mutafakkir
olimlari kasbiy ta’lim haqida.
1. Insoniyat rivojlanishi tarixining turli davrlarida kasbiy ta’lim
Mamlakatimiz o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritganidan keyingi qisqa vaqt ichida
bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘li asrlarga tatigulik mazmun va samara kasb etmoqda. Shu
boisdan ham mamlakatimiz Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi davlat
mustaqilligining yigirma yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish
to‘g‘risida»gi Qarorida ta’kidlanganidek, yurtimizda «demokratik davlat, fuqarolik
jamiyatini barpo etish, iqtisodiyotimizni bozor munosabatlariga o‘tkazish va
rivojlangan davlatlar qatoridan munosib joy olish yo‘lida erishgan marralarimiz
jahon ahlini haqli ravishda hayratda qoldirmoqda».
?
12
Haqiqatan ham, bundan 25 yil oldin xalqimiz o‘zining mard va donishmand
rahbari boshchiligida mustaqillikka erishdi. Bu mustaqillik mamlakatimizda siyosiy,
iqtisodiy, ijtimoiy hayot va milliy ma’naviyat sohalarida yangi bir davrni boshlab
berdi. U ta’lim tizimini rivojlantirish sohasida ham tub buyuk islohotlarga yo‘l ochdi.
Mustaqillikkacha bo‘lgan davrda yagona mafkura hukmronligi ostidagi
pedagogik tizim sharoitida yashadik, faoliyatimizni sobiq markazdan yuborilgan
tavsiyalar asosida tashkil etdik. Natijada shaxs manfaatlari va ularning ma’naviy
ehtiyojlari maktab devorlari ortida qoldi. Amalda maktab bitta yo‘nalishga -
kommunistik mafkurani mustahkamlashga xizmat qildi. Pedagogik ijod, ona tili va
Vatan tarixi, geografiyasi, tabiati, milliy urf-odatlari, an’analar, ma’naviyat va
qadriyatlarni o‘z o‘quvchilariga o‘rgatishdan deyarli mahrum etilgan o‘qituvchi unga
buyurilganlarnigina o‘rgatuvchiga aylandi. Ta’lim-tarbiya ishlarining 70 yil davomida
shakllanib qolgan ana shu illatlardan xalos qilish ta’limdagi islohotlarning tub
mohiyatini tashkil qildi.
2. Yevropa olimlarining asarlarida kasbiy ta’lim
Buyuk chex pedagogi Y.A.Komenskiy «Kishilik jamiyati ishlarini yaxshilash
haqida hammaga talluqli maslahat» nomli 7 jildli katta asar yozdi (U hayot ekanligi
vaqtida hammasi bo‘lib 2 jildi bosilib chiqdi, qolgan jildlari esa faqat 1935 yilda
topildi va Chexoslovakiyada chop qilindi). Bu asarida «Hammani va hamma narsada
har tomonlama tuzatish»ning insonparvarlik va demokratik dasturini belgilab chiqdi
va kishilik jamiyatini isloh qilish rejasini ilgari surdi.
«Buyuk didaktika» asarida «pan sofiya g‘oyasini» (pan grekcha — butun,
hamma, sofiya — donolik, aqllilik) hamma narsani bilish, hamma uchun bilim
berish» demakdir. Pan sofiyada u tabiat va jamiyat bilimlarining yig‘indisini beradi.
Maktab — bu muassasa, u yerda «Hammani har narsaga o‘rgatmoq kerak» degan fikr
ko‘p marta takrorlanishini ko‘ramiz.
Komenskiy o‘z asarlarida tarbiyaning maqsadini ko‘rsatadi. Tarbiyaning
maqsadi kishini mangulik dunyosiga tayyorlashdan iboratdir. Buni uch xil tarbiya
orqali amalga oshirish mumkin:
1. Aqliy tarbiya.
2. Axloqiy tarbiya.
3. Diniy tarbiya.
Bu maqsad bolaning tug‘ilganidan to 24 yoshigacha amalga oshadi, bu davr
ichida bola to‘rt maktabni o‘qib tugatishi, har birida 6 yil o‘qishi kerak, deb
hisoblaydi.
K.D.Ushinskiyning pedagogika nazariyasi xalqchillik g‘oyasi asosida
qurilgandir. «Har bir mamlakatda bolalarni tarbiyalash tizimi,— deb aytgan edi u, —
xalqning rivojlanish sharoitlari, uning ehtiyoj va talablari bilan belgilangan».
«Hamma uchun umumiy bo‘lgan birgina tug‘ma moyillik borki, tarbiya hamisha
shunga tayanishi mumkin; bu biz xalqchilik deb atagan narsadir. Xalqning o‘zi
tomonidan yaratilgan va xalqchilik asosiga qurilgan tarbiya shunday tarbiyaviy
kuchga egaki, bunday kuch abstrakt g‘oyalarga asoslangan yoki boshqa xalqlardan
olingan eng yaxshi tizimlarda ham yo‘qdir».
13
Ushinskiy xalqchillik deb har bir xalqning o‘ziga xosligini tushunar ediki, bu
o‘ziga xoslik o‘sha xalq yashashi va mehnat qilishi lozim bo‘lgan tarixiy taraqqiyot,
geografik va tabiiy sharoitlar bilan ifodalanadi.
Uning fikricha, «agar tarbiya kishini baxtli qilmoqchi bo‘lsa, uni baxt uchun
tarbiyalamaslik kerak, balki hayotdagi mehnat uchun tayyorlashi lozim». Tarbiya
kishida mehnatga muhabbat va odatni o‘stirish kerak. Ushinskiy kishi o‘z faoliyatida
jismoniy mehnat bilan aqliy mehnatni birlashtirsa, juda foydali bo‘lur edi, deb
hisoblaydi. U o‘quvchilar mehnati haqida gapirib, «O‘qish mehnatdir va mehnat
bo‘lib qolishi, ammo to‘la ma’noli mehnat bo‘lishi lozim», — deydi.
3. O‘rta Osiyo hududida kasbiy ta’lim tizimi. O‘rta Osiyo mutafakkir olimlari
kasbiy ta’lim haqida
Zardushtiylarning muqaddas kitobi «Avesto»da ham kasb-hunar ta’lim-tarbiya
masalalariga katta ahamiyat berilgan. Unda: «tarbiya hayotining eng muhim tirgagi,
tayanchi bo‘lib hisoblanishi lozim. Har bir yoshni shunday tarbiyalash lozimki, u
avval yaxshi o‘qishni, keyin esa yozishni o‘rganish bilan eng yuksak pog‘onaga
ko‘tarilsin» deyilgan.
Imom al-Buxoriyning tarbiya haqidagi qarashlarida jaholat kishiga o‘lim
keltiruvchi fojea sifatida qoralanadi. U odamlarni to‘g‘ri so‘zli bo‘lishga, va’daga
vafo qilishga da’vat etib, munofiq kishining uchta belgisini ko‘rsatadi, ular yolg‘on
gapirish, va’daga vafo qilmaslik va omonatga xiyonat qilishdan iboratligini aytgan
Imom al-Buxoriyning ta’lim-tarbiya xususidagi ta’limotida axloqiy qarashlar muhim
o‘rin tutadi.
Yoshlarimizni tarbiyalash, ularga kasb-hunar o‘rgatish uchun birinchi galda
sharq mutafakkirlarining duru-javharga teng ma’naviy meroslari misol bo‘la oladi.
Abu Nasr Forobiy, Axmad Yassaviy, Baxouddin Naqshbandiy, Imom al-Buxoriy,
Abu Rayxon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Al-Xorazmiy, Al-Farg‘oniy, Firdavsiy, Amir
Temur, Navoiy va Bobur singari jahonga taniqli va shular singari boshqa aql
egalarining ijtimoiy-siyosiy, falsafiy ta’limotlariga tayanib ish ko‘rilsa tarbiya
ta’sirchanligi yanada mukammallik kasb etadi.
O‘rta asr ijtimoiy-falsafiy fikr taraqqiyoti mutafakkir Abu Nasr Forobiy nomi
bilan bog‘liq bo‘lib, uning inson kamoloti haqidagi ta’limoti ta’lim-tarbiya sohasida
katta ahamiyatga ega. Mashhur yunon faylasufi Aristotel keyin Sharqda o‘z bilimi,
fikr dorasining kengligi bilan nom chiqargan yirik mutafakkir Forobiyni «muallim us-
soniy» («ikkinchi muallim») deb ataydilar. Forobiy o‘z asarlarida ta’lim-tarbiyaning
muhimligi, o‘qituvchi kasb-hunari, unda nimalarga e’tibor berish zarurligi, ta’lim-
tarbiya berish usullari haqida fikr yuritadi.
«Fozil odamlar shahri», «Baxt va saodatga erishuv to‘g‘risida», «Ilmning kelib
chiqishi», «Aql ma’nolari to‘g‘risida» kabi asarlarida kasb-hunarga o’rgatishga oid
ijtimoiy-tarbiyaviy qarashlari o‘z ifodasini topgan.
Sharqda mashhur bo‘lgan allomalardan biri Abu Ali Ibn Sinodir. Ibn Sino
bolalarni maktabda o‘qitish zarurligini qayd etar ekan, ta’lim-tarbiyada quyidagi
tamoyillarga rioya qilish zarurligini ta’kidlaydi.
- yoshlarga ta’lim berishda birdaniga kitobga band qilib qo‘ymaslik;
- ta’limda yengildan og‘irga borish orqali bilim berish;
14
- olib boriladigan mashqlar bolalar yoshiga mos bo‘lishi;
- jamoa bo‘lib maktabda o‘qishga e’tibor berish;
- bilim berishda bolalarning mayli, qiziqishi va qobiliyatini hisobga olish;
- o‘qishni jismoniy mashqlar bilan qo‘shib olib borish.
O‘z- o‘zini tekshirish uchun savollar:
1. Davlatimizning mustaqillikka erishishi kasb ta’limining rivojlanishiga
qanday ta’sir ko’rsatdi?
2. Ya.A.Komenskiyning asarlarida ta’lim-tarbiyaga oid qanday g’oyalar ilgari
surilgan?
3. K.D.Ushinskiyning pedagogik qarashlari xususida fikr bildiring.
4. O’rta Osiyo hududida kasb ta’limining rivojlanishi to’g’risida nimalar
bilasiz?
5. A.N.Forobiyning ijtimoiy fikr va falsafiy qarashlarining mohiyatini so’zlab
bering.
6. Ibn Sinoning ta’lim-tarbiyaga oid qarashlarini aytib bering.
1.3. O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI KASB-HUNAR TA’LIMINING
RIVOJLANISH BOSQICHLARI
Reja:
1. Hozirgi O‘zbekiston hududida kasb-hunar ta’limining tub asoslari.
2. 1960-1980-yillar kasb-hunar ta’limining evolyutsion rivojlanish davri.
1. Hozirgi O‘zbekiston hududida kasb-hunar ta’limining tub asoslari
Hozirgi zamon kasb-hunar ta’limi tizimi faqatgina XX asr oxiri ilmiy-
pedagogik tafakkurining natijasigina bo‘lmay, balki uning poydevori insoniyat
jamiyatining uzoq tarixi davomida to‘plangan tajribasiga hamda olimlar,
mutafakkirlar, pedagoglar ishlab chiqarishning turli sohalaridagi mutaxassislarning
mehnatlariga asoslangan. Markaziy Osiyoda, hozirgi O‘zbekiston hududida kasb-
hunar ta’limining tub asoslari bundan uch ming yil avval Avestoda bayon etilgan
desak xato qilmaymiz. Lekin bu boradagi tajribalar bizda yetarli darajada
o‘rganilmagan. Shu bois, bugun butun dunyo, xususan Sharq xalqlarining tarixiy
merosini zamonaviy kasb-hunar ta’limi mazmuni va tuzilmasiga singdirilishini davr
o‘zi taqozo etmoqda.
Sharq mutafakkirlari o‘z asarlarida yoshlarning kasb-hunar ta’limi va
tarbiyasiga katta ahamiyat berib, kasb-hunar o‘rganishni jismoniy, aqliy va ma’naviy
kamolotga erishishning asosiy vositasi deb bilganlar
.
Buyuk ajdodlarimiz aqliy, jismoniy va ma’naviy tarbiya kasb-hunar sir-
sinoatlarini egallashning asosiy omili deb talqin etganlar. Ular uchun inson timsoli
kamolotga yetgan, ilmli yoki kasb-hunarga ega ijobiy fazilatlar sohibi bo‘lgan. Misol
uchun Kaykovus o‘z farzandiga qarata: “Ey farzand, ogoh bo‘lki, hunarsiz kishi
hamisha foydasiz bo‘lur va hech kishiga naf yetkurmas. Bilursanki, xori
mug‘ilonning tani bordur, ammo soyasi yo‘qdur. Hunarsiz kishi ham xori mug‘ilon
yanglig‘ na o‘ziga va na o‘zgaga foyda berur.
?
15
Agar kishi har qanchaki oliy nasab va asl bo‘lsa, ammo hunari bo‘lmasa,
xaloyiqning izzat va hurmatidin noumid bo‘lur. Agar kishida ham nasab gavhari va
ham hunar zevari bo‘lmasa, undan batarroqdur. Jahd qilg‘il, agar gavharing har
nechakim asl bo‘lsa, unga g‘arra bo‘lmag‘il, nedinkim tan gavhari hunar zevari bila
muayyan bo‘lmasa, u hech narsaga arzimagusidur.
Andoqkim debdurlar: “Ulug‘lik aql va donishlik birladur, gavhar va nasab birla
bo‘lmas”.
Otni ota va onang qo‘ymishlar, sen unga g‘arra bo‘lmag‘il, nedinkim, ul
otmazhi bir nishondin o‘zga narsa emasdur. Ammo sen hunar bila bir nomga ega
bo‘lg‘il. O‘zingni “Jafar”, “Muhammad”, “ustod”, “xo‘ja”, “fozil” oti bila atab,
ammo unga loyiq bo‘lmasang, u ot ermasdur. Agar kishida nasab gavhari bo‘lsa,
ammo hunar zevari bo‘lmasa, u hech kishining suhbatiga loyiq bo‘lmag‘usidur.
Garchi bu ikki gavhar hosil qilg‘on kishi topsang, etagini mahkam tutg‘il va undin
ilkingni chekmag‘il, bilki u barcha kishilarning mushkulin oson qilg‘ay.
Barcha hunardin so‘z hunari yaxshiroqdur, nedinkim,... hamma maxluqotdin
odam yaxshiroq yaraldi va o‘zga jonivorlardin odam o‘n daraja ziyodadur va bu o‘n
daraja odamning badanida hamisha bordur. Beshi tashida zohirdur, beshi ichida
pinhondur. Ul pinhon narsalar: biri, bir narsani yod olmoq; biri, hamisha esda
saqlamoq, biri taxayyul (xayolga keltirmoq); biri tahavvur (g‘azab va shiddat bilan
hujum etish); biri takallum (so‘zlash). Ammo ul beshtakim tashida zohirdur: bu zavq,
yani eshitmoq, ko‘rmoq, hid bilmoq, totmoq, siypalamoq, yani sezuv “.
Ajdodlarimizning barkamol shaxs haqidagi g‘oyalari mohiyatini anglash
uchun Abu Nasr Forobiy tomonidan hozirgi paytda komil inson deb yuritilayotgan
fozil odamning o‘n ikki muhim fazilati yoki Alisher Navoiyning Farhod obrazi orqali
talqin etgan:
“Hunarni asrabon netkumdir oxir,
Olib tuproqqamu ketgumdir oxir”.
Fikrlarini tahlil etishning o‘zi kifoya. Ular ma’naviy barkamollikka inson o‘z
mehnati bilangina erishishi mumkinligini baralla kuylaganlar, mehnat va kasb-
hunarni inson hayoti va baxtining moddiy va ma’naviy asosi, deb bilganlar.
Burxoniddin az Zarnujiy ilm, kasb-hunar o‘rganish uchun eng avvalo
o‘quvchida jiddiy xohish, qat’iyat bo‘lishi lozimligini, shundan keyin yaxshi ustoz
hamda yetarlicha vaqt zarurligini ko‘rsatgan. Ibn Sino ilmu amalning birligi, ya’ni
nazariya bilan amaliyotni uzviy bog‘lash, dual ta’lim g‘oyasini ilgari surgan.
Suqrotona savol-javob usuli (zig-zag, arra usulining asosi) bo‘lib mantiqiy
fikrlashga, ziyraklikka, aniq va to‘g‘ri so‘zlashga, nutqning mantiqiyligi va
ravonligiga hamda tanqidiy, ijodiy fikrlashga o‘rgatgan.
Tibetdagi lamaizm ta’limoti asosida alohida sohalarga ixtisoslashgan
ibodatxonalarda ta’lim-tarbiya ishlari amalga oshirilgan. Bunda o‘quvchi tomonidan
uzluksiz, qayta takrorlash vositasida material to‘liq yod olingan va uning natijasi
o‘ziga xos sinov ishlari, ya’ni o‘quvchini bir necha vaqt davomida alohida ajratib
qo‘yib, o‘zlashtirgan axborotlarini xotirasiga asoslanib yozib berish talab etilgan.
Demak, ularning ruhiy, jismoniy irodalari qattiq sinovdan o‘tkazilib, muvaffaqiyatga
erishgan shogirdlargagina mustaqil faoliyat ko‘rsatishlari uchun ruxsat berilgan.
16
Kasbiy ta’lim berish, kasb-hunar sirlarini o‘rgatish juda qadim zamonlarda
paydo bo‘lgan. Kasbiy malaka bevosita mehnat faoliyati jarayonida berilgan. Ishlab
chiqarish kuchlarining rivojlanishi, hunarmandchilikning ixtisoslashib borishi,
mehnat murakkablashuvi to‘plangan mehnat tajribasi, jumladan tizimlashgan bilim,
malakalarini ma’lum bir tarzda avloddan-avlodga o‘tkazish zaruriyatini tug‘dirdi. Bu
ehtiyoj dastlab ustoz-shogird yo‘li bilan tartibsiz, ya’ni xaotik tarzda amalga oshirildi.
Sanoat ishlab chiqarishining rivojlanishi bilan turli darajadagi va sohadagi kasb-hunar
o‘quv yurtlari paydo bo‘ldi. Kasb-hunar ta’lim tizimi mustaqil tarmoq sifatida dastlab
Yevropada, so‘ng Amerikada shakllandi.
XI asrda Gugo Sen Viktorskiy (1096 - 1141) mexanikani san’at deb bilib,
buyumlar tayyorlashda yetti san’at turi mavjudligini ko‘rsatdi ular: qurol va asboblar
ishlab chiqish, tikuvchilik, navigatsiya, agromadaniyat, meditsina, badiiy san’at.
Gumanistik utopiya tarafdorlari T.Mor (1478 - 1535) va T.Kompanellalar
(1568 - 1639) asarlarida yoshlar ta’limini ishlab chiqarish mehnati bilan bog‘lash
(qo‘shib olib borish) g‘oyalari ilgari surildi. Ishlab chiqarish munosabatlarining
rivojlanishi, fan-texnika taraqqiyoti kasbiy ta’limga bo‘lgan qiziqishni kuchaytira
bordi. Eng avvalo bolalarni mehnatga jalb etishning ijtimoiy va iqtisodiy jihatlariga
katta ahamiyat berildi.
Ingliz iqtisodchisi va pedagogi Dj.Bellers (1634 - 1725)ning “Ishlab chiqarish
muassasalarida hamkorlik haqida tavsiyalar” asari dastlabki kasbiy ta’limga oid
loyihalardan biri sanaladi. Unda
ijtimoiy pedagogik masala sifatida
kambag‘alchilikdan qutilish yo‘llaridan biri yoshlarni kasb-hunar sir-sinoatlarini
o‘zlashtirishga o‘rgatish, ta’limni ishlab chiqarish mehnati bilan bog‘lash g‘oyasi
ilgari surilgan edi.
Ingliz faylasufi va pedagogi Dj.Bellers (1632 - 1704) “Jentlmen” tarbiyalash
tizimini ishlab chiqib, unda kasb-hunarga o‘rgatishga alohida e’tibor berdi. D.Lokk
“Ishchilar maktabi haqida bitiklar”ida davlat ishchilar maktabini tashkil etish g‘oyasi
ilgari surilgan.
Fransiyalik ijtimoiy arbob K.A.Korbonning (1808 - 1881) “Kasb ta’limi
haqida” asarida ilk bor ustoz-shogird tizimi holati tahlil etilib, erkin kasb tanlashning
shaxs va jamiyat uchun muhimligi ko‘rsatildi, shuningdek, umumiy va kasbiy
tayyorgarlik, kasbiy maktab tuzish, umumiy kasbiy ta’limni uyg‘unlashtirish, aqliy va
jismoniy mehnatni o‘zaro aloqadorligi kabilarga ham alohida to‘xtalib o‘tilgan.
K.Marks (1818 - 1883) politexnik ta’lim zarurligini asosladi va ta’limni ishlab
chiqarish mehnati bilan qo‘shib olib borish masalasini ilgari surdi.
Tizimli tahlil prinsipi Respublikamiz kasb-hunar ta’limining butun rivojlanish
yo‘liga yangicha nazar tashlashni talab etadi. Bu holat o‘z navbatida ushbu ta’limning
rivojlanish yo‘li va turli bosqichlarini tarixiylik nuqtai nazaridan tahlil etib,
qonuniyatlari va o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlash imkonini beradi.
Respublikamiz kasb-hunar ta’limida miqdor ko‘rsatkichlari va tashkiliy
shakllaridagi o‘zgarishlar dinamikasining tahlili bizga shartli ravishda tabiatiga ko‘ra
kasb-hunar ta’limi tizimining farqlanuvchi quyidagi rivojlanish bosqichlarini ajratib
ko‘rsatish imkonini berdi:
1924-1940 –yillarda ta’lim tizimi sifatida Vatanimiz kasb-hunar ta’limining
tarkib topishi va rivojlanishi barqaror bo‘lmagan davri;
17
1941-1959 yillarda safarbarlik davri.
1960-1980 yillar evolyutsion rivojlanish davri;
1981-1986-yillar – sakrashsimon o‘zgarishlar inqirozoldi davri;
1987-1990-yillar – rivojlanishdagi sifat o‘zgarishlar (inqiroz) davri;
1991-1996-yillar inqirozdan asta-sekin chiqish va barqarorlik (moslashish)
davri;
1997-2002-yillar – kadrlar tayyorlash milliy modelini amalga joriy etishning
birinchi bosqichi (yangitdan rivojlanish) davri;
2003 yildan hozirgi davrgacha bo‘lgan davri.
Zikr etilgan bosqichlarga ajratish mezoni sifatida kasb-hunar ta’limi tizimining
quyidagi ko‘rsatkichlariga asoslandik: o‘quv muassasalari miqdori va har yilgi
bitiruvchilarining soni; shuningdek, yangi o‘quv yurtlariga aylanishi va ularning turli
darajalarga bo‘linishi. Tarixiy manbalarni o‘rganish bizga o‘tgan asrning 20-
yillaridan boshlab Respublikada kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha maxsus kurs va
maktablar tashkil etila boshlanganligidan darak berib, ular tugallangan bilimlar
berishni emas, balki ma’lum ish o‘rinlarida ishlash uchungina zarur bo‘lgan tor
doiradagi bilim, ko’nikma va malakalarni berishni maqsad qilib qo‘ygan edi.
Dastlab barcha yirik korxonalar qoshida fabrika-zavod o‘quvchilari (FZO’)
kurslari va sanoat-texnika o‘quv yurtlari tashkil etila boshladi, ularda maxsus o‘quv
predmetlari bilan bir qatorda umumta’lim o‘quv predmetlari o‘qitilgan. O‘sha davrda
korxonalarning texnik jihozlanishi past darajada bo‘lganligi bois o‘quv yurtlarining
ham jihozlari ularga mos ma’lum ma’noda chegaralangan darajada edi.
Respublikamizda katta sanoat korxonalari mavjud bo‘lmaganligi sababli XX asrning
30-yillarigacha texnikumlar, zavod fabrika o‘quv kurslari, hunar texnika maktablari,
o‘quv ishlab chiqarish ustaxonalari va turlicha hunar-texnika bilim yurtlari muntazam
ko‘paya bordi. Lekin kasb-hunar ta’limiga ajratilgan davlat byudjetining miqdori
yaxlit holda yetarli darajada bo‘lmaganligi sababli o‘quvchilarni ovqatlantirish va
kiyim-kechak bilan ta’minlash darajasi past edi. Shuningdek, yotoqxona masalasi
ham asosiy muammolardan biri bo‘lib, kasb-hunar ta’limi xodimlariga juda kam ish
haqi to‘lanar edi. Shu bois 1930-yillardan boshlab bunday o‘quv yurtlari tarmog‘i
kamaya boshladi. 1938 yilga kelib 1932-1933 - o‘quv yiliga nisbatan o‘quv yurtlari
va ularda o‘qiydigan o‘quvchilar soni 3 barobar kamaygan.
1930-yillarning oxiri 40-yillarning boshlarida Respublikada sanoat korxonalari
tashkil etila boshladi. Tarixiy manbalar tahlili 1940-yilda O‘zbekistonda 1445ta yirik
sanoat korxonalari mavjud bo‘lganligi haqida guvohlik beradi. Bu sanoat
korxonalarida zamonaviy texnika va ilg‘or texnologiyalarning amalga joriy etilishi
ommaviy ravishda texnik jihatdan savodxon ishchi kadrlar tayyorlash zaruratini kun
tartibiga qo‘ydi. Ana shunday malakali kadrlar tayyorlash vazifasi 1940-yilda tashkil
etilgan davlat mehnat zahiralari tizimiga yuklatildi. Davlat mehnat zahiralari tizimida
asosan quyidagi uch turdagi: hunarmandchilik o‘quv yurtlari, temir yo‘l o‘quv
yurtlari va fabrika-zavod o‘quvchilar maktablarini o‘ziga qamrab oldi. Shunday qilib,
yana ishchi mutaxassis kadrlar tayyorlashga diqqat e’tibor kuchaytirildi. Lekin 1941-
yilda boshlangan ikkinchi jahon urushi kasb-hunar ta’limi tizimiga ham bevosita o‘z
ta’sirini ko‘rsatmay qo‘ymadi. Mamlakatdagi urush holati barcha ishchilarni frontga
safarbar etish bilan bir vaqtda sanoatni to‘liq harbiy qurol-aslaha ishlab chiqarishga
18
o‘tkazishni talab etdi. Shu bois nisbatan qisqa vaqtda yoshlardan ishchi mutaxassislar
tayyorlashga talab ortdi. Shuning uchun yangi o‘quv yurtlari tashkil etish bilan bir
qatorda, vaqtinchali fabrika-zavod o‘quvchilar maktablari tashkil etildi.
Mamlakatning g‘arbidan evokuatsiya qilingan o‘quv yurtlari qisqa muddatlarda qayta
tiklanib ishga tushirildi. Natijada faqat urush yillarining o‘zida Respublikamiz mehnat
zahiralari tizimida 70 mingga yaqin malakali ishchilar tayyorlanib, ulardan 30 mingi
shu yerlarda qoldirilib, qolganlari mamlakatning boshqa hududlariga jo‘natildi.
Urushdan so‘nggi yillarda xalq xo‘jaligini tiklash uchun zarur mahsulotlar ishlab
chiqishga kirishildi. Demak, bu davrda mexanizatsiyalashgan ishlab chiqarish
sharoitida mehnat qiluvchi murakkab kasblar sohibi bo‘lgan malakali mutaxassislar
tayyorlash zarurati kelib chiqdi.
Dostları ilə paylaş: |