2. Etnik guruhlar psixologiyasi Sotsial psixologiyada katta guruhlar ichida etnik guruhlar psixologiyasi, ya`ni etnopsixologiya bo’yicha ko`proq tadqiqotlar o’tkazildi. Ayniqsa, hozirgi davrda har bir davlatlar alohida, mustaqil davlat mavqeini olgan, lekin boshqa tomondan qaraganda, hamdo’stlik mamlakatlari ittifoqi sharoitida millatlar o’rtasida muttasil aloqalar mavjudligidan kelib chiqib, milliy psixologiya masalalari kun tartibida avvalgidan ham muhim masala sifatida qo’yilmoqda. Shuning uchun ham katta guruhlar ichida milliy guruhlarga ko`proq e`tibor berishni lozim topdik, bunday e’tiborning yana bir boisi O`zbekistonda bu sohada ayrim tadqiqotlarning o’tkazilganligi, lekin ular ko`p hollarda milliy psixologiya darajasiga olib chiqilmaganligidadir.
Milliy psixologiya nima va uni qanday qilib o`rganish mumkin? Bu hozirda, ya`ni mustaqil O`zbekiston sharoitida ko`pgina tadqiqotchilarni qiziqtirayotgan masaladir. Chunki, davr etnopsixologiyadan shunday empirik ma`lumotlar kutmoqdaki, u faqatgina milliy ongga taalluqli bo`lgan hozirgi va o’tmishdagi holatni emas, balki millatning ertangi kunini, uning ongi qaysi tomonga o`zgarishini, millatlararo sodir bo`ladigan jarayonlarni bashorat qilmog’i lozim. Buning uchun esa unga kuchli etnopsixologik nazariya va ishonchli metodlar kerak. O`zbekiston olimlari oxirgi paytlarda masalaning xuddi ana shu tomoniga katta e`tibor bermoqdalar. Chunki sobiq ittifoq sharoitining o`zi ana shunday kuchli nazariyaning bo`lishi uchun anchagina to’g’anoq bo`lgan. Empirik tadqiqotlar esa, avval ta`kidlaganidek, tor guruhlar doirasidan, avvalo, oilalar doirasidan chiqmagan edi.
Etnopsixologiya bu psixologiyaning shunday tarmog’iki, u ayrim olingan millatlar psixologiyasidan tashqari, turli xalqlar psixologiyasini, kichik milliy guruhlarni ham o`rganadi. Ma`lumki, bu boradagi birinchi ilmiy tadqiqotlarni V. Vundt boshlab bergan edi.Uning tadqiqotlaridagi "xalq" tushunchasi aslida etnik uyushma ma`nosida tushuntirilgan edi. Uning fikricha, etnik guruhlar psixologiyasini o`rganish uchun ularning tilini, odatlarini va ana shu xalqlarda keng tarqalgan afsonalar va boshqa ong tizimlarini o`rganish kerak. Shunisi diqqatga sazovorki, Vundtdan keyingi davrda o’tkazilgan muhim tadqiqotlardan biri bizning o’lkamizda o’tkazilgan bo`lib, uni psixolog A.R.Luriya amalga oshirgan edi. Bu eksperimental tadqiqot bo`lib uni o’tkazishdan asosiy maqsad L.S.Vigotskiyning madaniy tarixiy yondashuv g’oyasini tekshirish edi. Luriya boshchiligidagi olimlar guruhi revolyutsiya g’alaba qozongan O`zbekiston sharoitida turmush tarzining o`zgarishi bilan o`zbek xalqi psixologiyasining ham o`zgarganligini isbot qildilar.
Asosiy maqsad bilish jarayonlarining o`zgarganligini isbot qilish bo`lsa ham tadqiqotchilar o`z-o`zini anglash va o`z xulq-atvorini analiz qilish borasida ham uyda o’tiradigan ayollar, endigina savod olish maqsadida savodxonlik kurslarida o’qiyotgan ayollar hamda pedagogika bilim yurtlarida ta`lim olayotgan qizlar o’rtasidagi farq bor yo`qligini tekshirishdir. Tadqiqot asosan o`z-o`zini analiz qilish metodi yordamida o’tkazilgan bo`lib, ayollarga turli savollar orqali o`z shaxsiga xos xususiyatlarni, o`zidagi yetakchi sifatlarni aniqlash va ba`zi psixologik holatlarga baho berish topshirig’i berildi. Lekin javoblarning sifati, to’liqligi ayollarning bilim saviyasiga va sotsial aloqalar tizimida tutgan o’rniga bog’liq bo`lib chiqdi. Uyda o’tirgan ayollar ko`p hollarda qo’yilgan savolni ham anglamasliklari ma`lum bo`ldi. Luriya shu narsaga iqror bo`ldiki, o`zbeklardagi ong asosan boshqa odamlar fikriga bog’liq ekanligi, tobelik psixologiyasi ko`pligini aniqladi. Masalan, ayollarga o`zidagi yomon sifatlarni aytish topshirig’i berilganda, ular yomon qo’shnilarni ko’rsatishar va umuman o`z-o`zini baholashdan ko’ra boshqalarni baholash, ularga sifat xarakteristikalari berish ancha yengil tuyuladi.
Xulosa Ma`lumki, guruhda to’plangan kishilar o’rtasida doimiy muloqot va munosabatlar mavjud bo`ladiki, ularning mazmuni va yo`nalishiga ko’ra, o`ziga xos sotsialpsixologik muhit shakllanadi. Bu muhit guruhning taraqqiyotini ham, undagi turli jarayonlarni ham belgilaydi. Guruhning dinamik jarayonlari deganda avvalo uning shakllanish jarayoni, liderlik va guruhda turli qarorlarni qabul qilish jarayoni, guruhning har bir shaxsga ta`siri kabilar tushuniladi. Guruhning shakllanishi uning paydo bo`lishi haqida gapiradigan bo`lsak, avvalo shuni ta`kidlash lozimki, guruh jamiyat ehtiyojlari va sotsial talablar asosida paydo bo`ladi. Masalan, sinf jamoasi doimo bolalarning tug’ilishi, rivojlanishi va ularning maktablarda ta`lim olishlari kerakligi uchun, talabalar guruhi ham shunga o’xshash oliy ma`lumotlar olishlari kerak bo`lganligi uchun paydo bo`ladi va xokazo. Lekin bu masalaning sotsial tomoni. Uning sof psixologik tomoni ham borki, u odamlarning nima uchun jamoalarda ishlashi, odamlar ichida bo`lishi bilan bog’liq. Chunki har bir normal insonda muloqotga bo`lgan ehtiyoj hamda turli hayotiy vaziyatlarda o`zini sotsial himoyada sezish ehtiyoji borki, bu narsa turli kichik jamoalarda ularning bo`lishini taqozo qiladi. Lekin guruhda a`zo bo`lish bilan birgalikda har bir individ qator guruhiy jarayonlarning guvohi bo`ladi.
Birinchidan guruh o`z a`zolariga ma`lum tarzda psixologik ta`sir ko`rsatadi. Bu hodisa psixologiyada konformizm deb ataladi (O`zbek tilida "moslashish" ma`nosini bildiradi). Bu hodisaning mohiyati shundan iboratki. u individning guruhda qabul qilinadigan normalar, fikrlar, xulq-atvor standartlarini qanchalik qabul qilish yoki qabul qilmasligi bilan bog’liq. Guruh fikrini qanchalik tez qabul qilish uning ta`siriga berilish individ bilan guruhning ziddiyatlarini oldini olishi mumkin. Shuning uchun ham individ ana shunday xatti-harakat qilishga intiladi. Lekin ana shunday guruh fikriga, xarakatiga qo’shilish turli shakllarda bo`lishi mumkin: tashqi konformillilik individ guruh fikriga nomigagina qo’shiladi, aslida ruhan u guruhga qarshi turadi, ichki konformillilik individ guruh fikriga to’laligicha qo’shiladi va ruhan qabul qiladi.