Venalarda qonning harakatlanishi. Venalarda qon yurak tomon harakatlanadi. Bu venalar devorining tuzilishiga bog‘liq. Ular devori arteriyalar devoriga nisbatan yupqa, bo‘sh bo‘ladi. Shu sababli skelet mushaklari qisqarganda venalar qisilib, ichidagi qon yurakka qarab oqadi. Bundan tashqari, venalarda qonning harakatlanishida mayda va yirik venalarda qon bosimi har xil bo‘lishi ham ma’lum ahamiyatga ega. Yuqorida aytilganidek, mayda venalarda qon bosimi 10-20 mm bo‘lsa, yirik venalarda bosim manfiy bo‘ladi. Yirik venalarda qon bosimining pasayishi qonning mayda venalardan yirik venalarga o‘tishiga, ya’ni yurakka qarab oqishiga yordam beradi. Yirik venalarda yurak tomonga ochiladigan yarimoysimon klapanlar bor. Bu klapanlar bir-biriga yaqin joylashgan bo‘lib, qonning teskari oqishiga yo‘l qo‘ymaydi. Venalarda qonning harakatlanishiga yurakning qon so‘rib olish xususiyati ham ma’lum darajada yordam beradi.
Qon bilan to‘qimalar o‘rtasidagi moddalar va gazlar almashinuvi faqat kapillyarlarda ro‘y beradi. Kapillyarlarning devori bir qavat epiteliydan tuzilgan. Kapillyar uzunligi o‘rtacha 0,5 mm, diametri 3-3,5 mkm, devorining qalinligi 1 mkm bo‘ladi. Shuning uchun qon kapillyarlarda juda sekin oqib modda va gaz almashish jarayonlariga yordam beradi.
Tomirlarda qon oqish tezligi asosan, tomirlar kengligining yig‘indisiga bog‘liq. Tomir tor bo‘lsa, unda qon tez oqadi; tomir qancha keng bo‘lsa, qon shuncha sekin oqadi. Aortadan tarqalib ketgan arteriyalar yig‘indisining kengligiga nisbatan aorta eng tor tomirdir. Shuning uchun aortada qon juda tez – sekundiga 0,5 m tezlik bilan harakat qiladi. Arteriyalar qon harakati bir qancha sekinlashadi va sekundiga 0,25-0,3 m ga teng bo‘ladi. Kapillyar yig‘indisining kengligi aorta kengligiga nisbatan 500 marta ortiq bo‘ladi, shuning uchun kapillyarlarda qon oqishi juda sekinlashadi va sekundiga 0,5-1,2 mm tezlikda bo‘ladi. Venalarning umumiy kengligi kapillyarlarnikiga nisbatan tor, shu sababli venalarda qon oqish ancha tezlashadi. Venalarda qon sekundiga 0,2 m tezlikda harakat qiladi. Butun organizmni qon taxminan 23-24 sekundda aylanib chiqadi.